Epenteza. Talaffuzda so‘z tarkibi ichida ortiqcha tovushning paydo bo‘lishi: ishqboz – ishqiboz, traktor – taraktr, krovat – karovot.
Proteza. So‘z oldidan tovush qo‘shib aytish hodisasi: stol – ustol, stul – ustul, stadion – istadion.
Prokopa. So‘z boshida unli yoki undosh tovushlarning tushib qolishi: yigna – igna, yog‘och – og‘och.
Sinkopa. So‘z o‘rtasidagi keng unlilarning tor unli sifatida talaffuz etilishi.
6-savol: Pozision o‘zgarishlar haqida nimalar bilasiz?
Javob: Tovushlarning ma’lum holatda o‘zgarishga uchrashi pozision o‘zgarish deyiladi. Uning uch xil turi bor: 1) urg‘uga nisbatan urg‘uli va urg‘usiz unlilar farqlanadi, unli tovush urg‘usiz bo‘g‘inda kuchsizlanadi. Bu hodisa reduksiya deyiladi: gőrod, dirėktor. 2) ochiq va yopiq bo‘g‘inlar farqlanadi. 3) so‘z boshi, so‘z o‘rtasidagi va so‘z oxiridagi tovushlar farqlanadi. Masalan, kitob, maktab so‘zidagi b jarangli undoshi jarangsizlashib p tarzida talaffuz qilinadi.
Bu savollarga javob topishga harakat qiling. Undosh tovushlar ham pozision o‘zgarishlarga uchraydimi?
Eliziya hodisasi nima?
7-mavzu. Yozuv va uning tarixiy bosqichlari. 1-savol: Jamiyat tarixida yozuvning qanday ahamiyati bor?
Javob: Yozuv kishilarning o‘zaro fikr almashishida muhim vositadir. Yozuv kishilik tajribasini avloddan avlodga yetkazadi. Yozuv jamiyat tarixini, adabiyot, san’at va til tarixini o‘rganishda muhim manbadir. Til taraqqiyotida bo‘lgan o‘zgarishlar ham yozuv orqali o‘rganiladi.
2-savol: Yozuvning taraqqiyot bosqichlari haqida so‘z yuriting.
Javob: Yozuv bir qator bosqichlarni bosib o‘tgan. Shulardan biri piktografik yozuvdir. Piktografiya rasmli yozuv ma’nosini bildiradi. Bu yozuvda har bir rasm bir tushunchani ifodalagan. Piktografik yozuvning birliklari piktogrammalar bo‘lib, ular biror kichik voqeani yoki tushunchani bildirgan. Piktografik yozuv qadimgi Misr, Xitoy va Janubiy Amerikada paydo bo‘lgan. Masalan, Amerikaning odjibva qabilasi a’zosida daraxtning uzun po‘stlog‘ini ko‘rishgan. Bu po‘stlog‘da tulki, boyo‘g‘li kabi rasmlar chizilgan bo‘lib, bular o‘zi aytadigan muqaddas qo‘shiqni bildirar ekan. Shu yozuv piktografik yozuvning bir ko‘rinishidir. Yozuvning bu turi mukammal emas edi.
Logografik yozuv. Bu tushuncha yozaman degan ma’noni bildiradi. Bu yozuv piktografik yozuvning bir oz mukammallashgan shaklidir. Logografik yozuv avval Xitoy va Misrda paydo bo‘lgan. Bu yozuvda shartli grafik belgilar ishlatilgan. Bunda belgilar tildagi so‘zlarni ham aks ettirgan. Logografik yozuvning birliklari logogrammalar deb yuritiladi. Logogrammalarni ishlab chiqish bu yozuvning qiyin tomonlaridan biri hisoblanadi. Bu yozuv piktografik yozuvga qaraganda afzalliklarga ega: a) mazmunni ancha mufassal aks ettira oladi; b) bu yozuvda so‘z tartibi va so‘z shakllari aniq bo‘ladi; v) barqaror logogrammalardan tashkil topadi.
Ieroglifik yozuv. Bu atama muqaddas yozuv degan tushunchani bildiradi. Bu yozuv alifbe yozuvining yaratilishiga zamin tayyorlab bergan. Bu yozuvning birliklari ierogliflar deb yuritiladi. Dastlab ieroglifik belgilar bir tushunchani, so‘zni bildirgan bo‘lsa, keyinchalik bo‘g‘inlarni, alohida nutq tovushlarini ifodalaydigan bo‘lgan. Bu yozuvdan qadimgi Arabistonda keng foydalanilgan. Hozirgi Xitoy yozuvi ham shu tipdagi yozuvdir. Xitoy tilida ierogliflarni qo‘shib so‘z yasash keng tus olgan. Lekin ierogliflar miqdori ko‘p bo‘lib, hozirgi Xitoy yozuvida 2-5 ming atrofida qo‘llanadi.
Koreyslar va yaponlar xitoy yozuvidan foydaldanib, o‘z yozuvlarini yaratib olganlar. Masalan, yaponlar 47 belgini olib, yapon tili alifbesini yaratganlar.
Fonografik yozuv. Yozuv taraqqiyotida bo‘g‘inli yozuv ham muhim o‘rinni egallaydi. Bu yozuvda ierogliflar bo‘g‘inni bildirgan. Bunga hindlarning devonagari yozuvi misol bo‘ladi. Osuriya va Vavilon mix yozuvi ham ana shunday yozuvlardan bo‘lgan. Eronliklar Vavilonni bosib olib, bu yozuvdan foydalanib fonetik yozuvni ijod qilishgan. Arab yozuvi ham bo‘g‘inli yozuvga kiradi.
Dastlabki alifbe Nil daryosi vodiysiga bostirib kelgan giksoslar tomonidan yaratilgan. Alifbe so‘zini ham eng avval ular qo‘llashgan. Finikiyaliklar bu alifbeni o‘zlashtirib olishgan. Finikiyaliklarning yozuvlari xalqlar orasida tez tarqalib ketgan va ko‘p mamlakatlar bu yozuvdan foydalanib, o‘z yozuvlarini yaratganlar. Shu tariqa fonetik yozuv finikiyaliklar yozuvi asosida vujudga kelgan.
Hozirda harf-tovush yozuvi asosan yirik 4 xil yozuv sistemasidan iborat. Lotin yozuvidan jahon aholisining 30%, hind yozuvidan 20%, slavyan-kirillisa yozuvidan 10%, arab yozuvidan 10% aholi foydalanadi.