Topshiriq: o‘zingiz o‘rganayotgan xorijiy tillardan sinonimlarga misollar toping.
9-savol: Antonimlar haqida nimalar deya olasiz?
Javob: Qarama-qarshi ma’noli so‘zlar antonimlar deyiladi. Antonimlarning xususiyati shundaki, ularning biri ikkinchisiga qarama-qarshi qo‘yilib, birining mazmuni ikkinchisini inkor qiladi, birining mazmuni ikkinchisiga qarshi qo‘yiladi. Shuning uchun bu so‘zlarning birini aytish bilan unga qarama-qarshi tushuncha ifodalovchi so‘z esga tushadi: oq – qora, issiq – sovuq, yaxshi – yomon. Antonimlar leksik va frazeologik tiplarga bo‘linadi. Baland – past, uzun – kalta kabilar leksik antonimlar hisoblansa, ko‘kka ko‘tarmoq – yerga urmoq antonimlari frazeologik antonimlar hisoblanadi.
Har bir so‘zning antonimi bo‘lavermaydi. Masalan, daftar, qalam so‘zlarining antonimlari yo‘q. Tilda bir so‘zga qarama-qarshi ma’noli bir necha so‘z bo‘lishi mumkin: oson so‘ziga qiyin, og‘ir, mashaqqatli so‘zlari antonim bo‘ladi. Antonimlar o‘zining sinonimlariga ega bo‘lishi mumkin. Masalan: kalta (pakana) – uzun (novcha), ta’mli (shirin) – ta’msiz (bemaza).
10-savol: Tabu nima?
Javob: Tabu so‘zi polineziya tilidan olingan bo‘lib, man qilish ma’nosini bildiradi. Tabu etnik tushuncha bo‘lib, qandaydir predmetning, harakatning nomini aytishni man qilishdir. Masalan, o‘zbek tilida chayonning nomi tabulanib, “eshak”, “benom”, “nomi yo‘q” so‘zlari ishlatiladi.
11-savol: Evfemizm tushunchasini izohlang.
Javob: Axloqiy va madaniy jihatdan qo‘llanishi ta’qiqlangan yoki noqulay deb topilgan so‘zlar o‘rniga boshqa so‘zlarning qo‘llanishi evfemizmdir. Masalan: “o‘ldi” so‘zi o‘rniga “vafot etdi”, “dunyodan o‘tdi”, “ko‘z yumdi” so‘zlari qo‘llanadi; “chechak” o‘rniga “gul”, “xotin” o‘rnida “rafiqa”, “umr yo‘ldoshi” so‘zlari qo‘llanadi.
12-savol: Leksikografiyada nima o‘rganiladi?
Javob: So‘zlarning bir maqsadda to‘planib, tartibga solingan yig‘indisi lug‘at deyiladi. Lug‘at tuzish ishlari bilan shug‘ullanuvchi soha leksikografiya deyiladi. Lug‘at alfavit tartibida tuziladi. Lug‘atlar asosan ikki turga bo‘linadi: ensiklopedik va filologik. Ensiklopedik lug‘atlarda fan, texnika va madaniyatning barcha sohalariga oid tushunchalar izohlanadi. Bunday lug‘atlarda rasmlar, karta va sxemalar ham keltiriladi. Bularga “Milliy ensiklopediya”, “Bolalar ensiklopediyasi”ni ko‘rsatish mumkin.
Filologik lug‘atlarda asosiy e’tibor so‘zga yoki so‘z birikmasiga beriladi, ular har tomonlama izohlanadi. Filologik lug‘atlar ikki xil bo‘ladi: umumiy va maxsus filologik lug‘atlar. Umumiy filologik lug‘atlarda hamma qo‘llaydigan so‘zlarning tavsifi beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |