BOSHLANG‘ICH SINF О‘QUVCHILARINI NUTQDA SО‘ZDAN TО‘G‘RI FOYDALANISHGA О‘RGATISH YО‘LLARI
G.A.Mamatova p.f.f.d
Toshkent shahar XTXQTMOHM
ANNOTATSIYA
Mazkur maqola boshlang‘ich sinf ona tili darslarida o‘quvchilarga so‘z ma’nolaridan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish muammosiga bag‘ishlangan. Unda so‘z ma’nolarining o‘ziga xos jihatlari misollar asosida bayon qilingan. Maqolada so‘z ustida ishlashda tahliliy ishlarni tashkil etishning о‘ziga xos jihatlari yoritib berilgan.
АННОТАЦИЯ
Данная статья посвящена проблеме обучения учащихся правильному использованию значений слов на уроках родного языка в начальных классах. В ней на примерах излагаются особенности значений слов. В статье освещаются особенности организации аналитической работы при работе над словом.
ANNOTATION
This article is devoted to the problem of teaching students the correct use of word meanings in their native language lessons in primary classes. It uses examples to describe the features of the meanings of words. The article highlights the features of the organization of analytical work when working on the word.
Insonga sо‘z kabi kuchli ta’sir etadigan qudratli vosita yо‘q. Ba’zan kо‘cha-kuyda ayrim insonlarning sо‘zdan noо‘rin va e’tiborsiz holda, sо‘zlarni qо‘pol ravishda buzib foydalanayotganini kо‘rganiningizda dilingiz ranjiydi. Ana shunda bobomiz Alisher Navoiy о‘zlarining “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz”, – degan hikmati bilan nechog‘lik haq bо‘lganligiga amin bо‘lasiz. О‘z nutqiga, tiliga bee’tibor kishi, albatta, xalqiga nisbatan ham bepisand bо‘ladi. Buning sababini topishga urinamiz. Bizningcha, buning tub ildizini insonning bolalik davridan izlash kerak. Chunki bolalik davrida olingan bilim, tarbiya odamning xotirasida umrining oxirigacha muhrlanib qoladi.
Shuning uchun bola ilk ta’lim-tarbiyani oladigan boshlang‘ich sinflardan boshlab ularning nutqiga alohida e’tibor berish talab etiladi. О‘quvchilarning ongiga nutq – bu ularning kо‘rki, ziynati ekanligi, qolaversa, madaniyatini belgilab beruvchi omil ekanligini singdirish zarur.
Nutq fikrni bayon etish vositasi bо‘libgina qolmay, uni shakllantirish quroli hamdir. Fikr nutqning psixologik asosi vazifasini bajaradi, uni о‘stirish sharti esa fikrni boyitish hisoblanadi. Aqliy faoliyat tizimini egallash asosidagina nutqni muvaffaqiyatli о‘stirish mumkin. Shuning uchun о‘quvchilar nutqini о‘stirishda materialni tayyorlash, takomillashtirish, mavzuga tegishlisini tanlash, joylashtirish va mantiqiy fikrlashga yо‘naltiradigan ish turlariga katta ahamiyat beriladi.
Fikrni nutqiy shakllantirish uning aniq, tushunarli, sof, izchil, mantiqiy bо‘lishini ta’minlaydi. Bilimlar, dalillar, har xil axborotlar tafakkurning ham, nutqning ham materialidir. Nutq tafakkur jarayonini о‘rganishning muhim vositasi bо‘lib xizmat qiladi. Nutqdan о‘quvchi fikriy rivojining asosiy о‘lchovlaridan biri sifatida foydalaniladi. О‘quvchining barcha о‘quv predmetlaridan materialni о‘zlashtirishi va umumiy aqliy rivojlanishi haqida fikr yuritganda, u yoki bu mavzuni о‘quvchi о‘z nutqida (yozgan inshosida, axborotida, qayta hikoyalashda, savollarga bergan javobida) qanday bayon eta olishiga qaraladi.
Shunday qilib, nutqni tafakkurdan ajratib bо‘lmaydi, nutq tafakkur asosida rivojlanadi; fikr nutq yordamida pishib yetiladi, yuzaga chiqadi. Ikkinchi tomondan, nutqning о‘sishi fikrni shakllantirishga yordam beradi, takomillashtiradi.
Boshlang‘ich sinflarda о‘quvchilar nutqini rivojlantirishning asosiy omili – bu lug‘at ustida ishlashdir. Har qanday nutqiy bayon grammatik jihatdan о‘zaro bog‘langan, mazmunga mos sо‘z va sо‘z birikmalarining ma’lum izchillikda joylashtirilishidan tuziladi. Kishining lug‘ati qanchalik boy va rivojlangan bо‘lsa, uning nutqi ham shunchalik boy bо‘ladi; о‘z fikrini aniq va ifodali bayon etishiga keng imkoniyat yaratiladi. Shuning uchun lug‘atning boyligi, xilma-xilligi, harakatchanligi metodikada nutqni muvaffaqiyatli о‘stirishning muhim sharti hisoblanadi.
Maktabda nutq о‘stirishning muhim vazifalaridan biri lug‘at ustida ishlashni yaxshilash, tartibga solish, uning asosiy yо‘nalishlarini ajratish va asoslash, о‘quvchilarning lug‘atini boyitish jarayonini boshqarish hisoblanadi.
Sо‘zlarning ma’nosini tushuntirish о‘quvchilar lug‘atini boyitadi, nutqini о‘stiradi. Sо‘zning ma’nosini tushuntirish juda kam vaqt olishi va darsning asosiy mavzusidan о‘quvchilar diqqatini chalg‘itmasligi kerak. Buning uchun о‘qituvchi har bir darsga tayyorlanish jarayonida ma’nosi tushuntirilishi lozim bо‘lgan sо‘zlarni, uni tushuntirishning eng qulay usullarini va darsning qaysi о‘rnida tushuntirishni belgilab oladi.
Nutqning chiroyli bо‘lishida sinonimlar juda katta ahamiyatga ega. Sinonimlar tilni leksik tomondan boyitadi, shuning uchun bunday sо‘zlar bilan ishlash juda muhim. Kishi lug‘atida sinonimlar qancha kо‘p bо‘lsa, uning til ifodaliligi shuncha ortadi.
Sinonimlar bir-biridan qо‘shimcha ma’no qirrasi, emotsional bо‘yog‘i, qо‘llanilishi jihatidan о‘zaro farqlanadi. Katta, ulug‘, buyuk, zо‘r, azim, ulkan, bahaybat, haybatli, yirik, gigant sinonimik qatorini tashkil qilgan sо‘zlardan katta sо‘zi keng tushunchani anglatib, aniq tushunchaga nisbatan ham, mavhum tushunchaga nisbatan ham ishlatilaveradi. Ulug‘, buyuk, zо‘r, azim, ulkan sо‘zlari hajmi ancha katta bо‘lgan narsalarga, bahaybat, haybatli sо‘zlari esa о‘lchovi juda katta bо‘lgan narsalarga nisbatan ishlatiladi. Yirik kam ishlatiladi. Gigant kitobiy uslubga xos bо‘lib, asosan, joy, qurilishga nisbatan qо‘llanadi. Yuz, aft, bashara, chehra, turq, oraz, ruxsor, jamol sinonimik qatorida yuz neytral sо‘z hisoblanadi. Aft, bashara, turq sо‘zlari salbiy bо‘yoqdor hisoblanadi. Chehra, oraz, ruxsor sо‘zlari tarixiy shaklga ega bо‘lib ijobiy ma’noda ishlatiladi.
Bundan tashqari, sovg‘a, hadya, in’om, tuhfa, tortiq sо‘zlarini qо‘llaganda, ularning ham ma’nolarini farqlash talab etiladi. Masalan, sovg‘ani hamma uchun berish mumkin. Lekin hadya faqatgina yaqin insonlarga nisbatan aytiladi. Tuhfa, in’om sо‘zlari kо‘proq badiiy nutqqa xos.
Yuqoridagilarni hisobga olib shuni aytish mumkinki, boshlang‘ich sinflardan boshlab о‘quvchilarga har bir sо‘zdan tо‘g‘ri va о‘rinli foydalanish, о‘z nutqiga e’tiborli bо‘lishga о‘rgatish zarur.
Foydalanilgan adabiyotlar
Karimov. I.A. ─ «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch». ─ T.: Ma’naviyat. 2008.
K.Qosimova va boshq. Ona tili o‘qitish metodikasi.T.: Noshir. 2009.
3. X. G‘ulomova, Sh. Yo‘ldosheva, U. Shermatova. 4-sinfda ona tili darslari. ─ T.: O‘qituvchi, 2003.
4. R. Ikromova, X. G‘ulomova, Sh. Yo‘ldosheva, D. Shodmonqulova. Ona tili (4-sinf uchun darslik). - T.: O‘qituvchi, 2014.
Do'stlaringiz bilan baham: |