Borliq va rivojlanish falsafasi


Ongning strukturasi va funksiyalari



Download 0,59 Mb.
Pdf ko'rish
bet18/36
Sana07.12.2022
Hajmi0,59 Mb.
#880462
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   36
Bog'liq
2.BORLIQ VA RIVOJLANISH FALSAFASI

Ongning strukturasi va funksiyalari. 
Ong qanday strukturaga ega? Ong 
strukturasi ko‘p jihatdan shartlidir. Gap shundaki, ong elementlari bir-biri bilan 
uzviy bog‘langan. Ammo, shunga qaramay, ongda quyidagi elementlarni ajratish 
mumkin: 
Birinchi element – bilim. Bu ongning bosh tarkibiy elementi, uning o‘zagi, 
mavjudlik vositasi. Bilim – bu insonning voqyelik haqidagi tushunchasi. Inson 
ongida bilim anglab yetilgan hissiy va abstrakt mantiqiy obrazlar sifatida aks etadi. 
Bilimlar yordamida inson o‘zini qurshagan dunyoni va bilishning predmetini 
to‘laligicha qamrab olishi va anglab yetishi mumkin. Bilim ongning moddiy faoliyat 
vositasida dunyoni izchillik bilan yaratish imkoniyati, voqyealar rivojini nazarda 
tutish, ijodiy faollik ko‘rsatish kabi xossalarini belgilaydi. Boshqacha qilib 
aytganda, ong – bu bilimlar shaklidagi voqyelikka inson ehtiyojlarini hisobga olgan 
holda yondashishdir.
Ong strukturasining ikkinchi muhim elementi emosiyalardir. Inson o‘zini 
qurshagan dunyoni sovuqqonlik va befarqlik bilan emas, balki qoniqish, nafrat yoki 
hamdardlik hissi bilan anglab yetadi. U o‘z ongida aks etgan hamma narsani his 
qiladi. Emosiyalar borliqning real hodisalarini individ anglab yetishini yo 
rag‘batlantiradi, yo bunga to‘sqinlik qiladi. Ko‘zni quvontiradigan narsalar xotiraga 
osonroq o‘rnashadi. Ammo ba’zan dunyoning «ko‘zni quvontiradigan» manzarasi 
o‘ziga mahliyo qilishi, illyuziyalar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Ayrim, 
ayniqsa salbiy emosiyalar aqlning teranlik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 
Masalan, qo‘rquv hissi inson yuz berayotgan hodisalarni anglab yetishi yo‘lida 
to‘siqqa aylanishi mumkin. Shaxsning eng muhim ijtimoiy va ekzistensial 
qadriyatlar bilan aloqalari anglab yetilishi natijasida shakllanadigan ma’naviy 
tuyg‘ular (masalan, muhabbat tuyg‘usi) emosiyalarning oliy darajasi hisoblanadi. 
Tuyg‘ular moddiy mazmunga egalik, turg‘unlik, real vaziyatga bog‘liq emaslik bilan 
tavsiflanadi. Emosiyalar sohasi inson ongining barcha harakatlariga sezilarli 
darajada ta’sir ko‘rsatadi, uning faoliyati uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ongning uchinchi tarkibiy elementi iroda hisoblanadi. Iroda inson o‘z 
faoliyatini ongli ravishda, izchillik bilan boshqarishini o‘zida ifodalaydi. Bu 
insonning o‘z faoliyatida yuzaga keladigan, subyektiv va obyektiv qiyinchiliklar va 
to‘siqlardan ongli ravishda oshib o‘tishni talab etadigan vazifalarni hal qilishga o‘z 
ruhiy va jismoniy kuchlarini safarbar etish va yo‘naltirish qobiliyatidir. Inson 
mehnat qurollarini yaratishi – bu irodani shakllantirishning birinchi va eng muhim 


maktabidir. Iroda va maqsad bir-birini to‘ldiradi. Irodasiz maqsadga erishish 
mumkin emas; maqsadga muvofiq faoliyatsiz iroda ham bo‘lmaydi. Iroda – bu ongli 
intilish va harakatga mayl uyg‘otishdir. Ammo insonga ongsiz mayllar ham xos. 
Ba’zan inson qayergadir intiladi, lekin qayerga va nima uchun intilayotganini uning 
o‘zi ham bilmaydi. Bunday ong osti harakati insonga hayvonlardan o‘tgan.
Ong strukturasining yana bir elementi – bu tafakkurdir. Tafakkur – individ 
bilish faoliyatining voqyelikni umumiy va bilvosita aks ettirish bilan tavsiflanuvchi 
jarayoni. Mazkur jarayon narsalarning muhim, tabiiy munosabatlarini ma’lum, his 
qilingan, eshitilgan narsalar asosida aks ettirishni o‘zida ifodalovchi abstrakt 
tushunchalar, mulohazalarning yaratilishi bilan yakunlanadi. Fikrlash faoliyati 
yordamida biz ko‘z bilan ko‘rish va qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lmagan narsalarni 
idrok etamiz. Tafakkur bizga muhim xossalar, aloqalar va munosabatlar haqida 
bilim olish imkoniyatini beradi. Tafakkur yordamida biz sirtdan ichga, hodisadan 
narsalar, jarayonlarning mohiyatiga o‘tishni amalga oshiramiz.
Ong strukturasiga e’tibor va xotira ham kiradi. E’tibor – bu inson ruhiy 
faoliyatining muayyan obyektlarga qarab mo‘ljal olishda namoyon bo‘luvchi shakli. 
Xotira – bu individ miyasida uning o‘tmishdagi tajribasini mustahkamlash, saqlash 
va gavdalantirishdan iborat bo‘lgan ruhiy jarayon. Xotiraning asosiy elementlari 
eslab qolish, saqlash, gavdalantirish va unutish hisoblanadi. Eslab qolishning 
fiziologik asosini bosh miya po‘stlog‘ida vaqtinchalik nerv aloqalarining hosil 
bo‘lishi va qayd etilishi tashkil qiladi. Nerv aloqalarining keyinchalik jonlanishi 
eslab qolingan materialni gavdalantirish imkoniyatini beradi, bu aloqalarning 
susayishi esa xotiradagi materialning unutilishiga olib keladi.
Insonning subyektiv borlig‘ida muhim kichik struktura – o‘zlikni anglash ham 
bor. Bu insonning o‘zini shaxs sifatida anglab yetish, o‘zining mustaqil qarorlar 
qabul qilish va shu asosda odamlar va tabiat bilan ongli munosabatlarga kirishish, 
qabul qilingan qarorlar va harakatlar uchun javobgar bo‘lish qobiliyatini tushunish 
jarayonidir. Boshqacha qilib aytganda, o‘zlikni anglash – bu o‘z-o‘ziga, o‘zining 
ma’naviy qiyofasiga, o‘z bilimlari, fikrlari, qiziqishlari, ideallari, xulq-atvor 
mo‘ljallari, harakatlari va shu kabilarga yaxlit baho berishdir. O‘zlikni anglash 
yordamida inson o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatini ro‘yobga chiqaradi, o‘z-o‘ziga his 
qilishga qodir bo‘lgan fikrlovchi mavjudot sifatida baho berishni amalga oshiradi. 
Bu holda subyekt o‘z-o‘zini va o‘zining ongini bilish obyektiga aylantiradi. Shu 
tariqa inson o‘z-o‘ziga baho beradigan, shusiz hayotda o‘z o‘rnini belgilash va 
topishga qodir bo‘lmagan mavjudot sifatida namoyon bo‘ladi.
Faylasuflarning o‘zlikni anglashga subyektiv dunyoning alohida sohasi 
sifatida yondashishlari Suqrotdan, uning «O‘z-o‘zingni angla» deb nomlangan 
maksimasidan boshlangan. Falsafa dunyo va inson haqidagi alohida bilim sifatida 
shakllanishi jarayonida jonning faolligi, aqlning o‘z-o‘ziga nisbatan tanqidiy 


munosabati haqida qarashlar vujudga kelgan. Platon fikriga ko‘ra, jon faoliyati – bu 
o‘zi bilan o‘zi suhbat xususiyatiga ega bo‘lgan ichki ishdir. Jon mulohaza yuritar 
ekan, o‘zi bilan o‘zi tinimsiz gaplashadi, savollar beradi, javoblar qaytaradi, 
tasdiqlaydi va e’tiroz bildiradi.
Shunday qilib, o‘zlikni anglash – insonning o‘zini o‘zi tinimsiz kamol 
toptirishining muhim shartidir. O‘zlikni anglash strukturasida o‘z-o‘zini his qilish, 
o‘z-o‘zini bilish, o‘z-o‘ziga baho berish, o‘z-o‘zini boshqarish kabi elementlarni 
ham ajratish mumkin. Umuman olganda o‘zlikni anglash refleksiya bilan uzviy 
bog‘liq. Falsafiy adabiyotlarda refleksiya tafakkurning unga o‘z faoliyat shakllarini 
(tafakkur kategoriyalarini) tahlil qilish va anglab yetishga ko‘maklashuvchi tamoyil 
sifatida tavsiflanadi. Ayni shu sababli refleksiyaga inson ma’naviy dunyosining 
ichki tuzilishi va xususiyatlarini namoyon etuvchi o‘zlikni anglash faoliyati sifatida 
yondashish, bizningcha, o‘rinli bo‘ladi.
Insonning o‘z ichki holatini tushunishi, o‘zini o‘zi boshqarish qobiliyati o‘z-
o‘zidan paydo bo‘lmaydi. O‘zlikni anglash shaxsning dunyoqarash, qobiliyatlar, 
fe’l-atvor, qiziqishlar kabi ma’naviy elementlari bilan bir qatorda ijtimoiy muhit 
ta’sirida shakllanadi. Muhit shaxsdan o‘z harakatlarini boshqarishni va ularning 
natijalari uchun javob berishni talab qiladi. Ong darajasi shaxs oldiga qanday 
talablar qo‘yilgani va mazkur muhitda qaysi ijtimoiy qadriyatlar amal qilishiga ko‘p 
jihatdan bog‘liq bo‘ladi. Bu yerda inson o‘z harakatlarini o‘zi boshqarishi va 
ularning oqibatlari uchun javob berishi lozimligi asosiy talab hisoblanadi.
Ong tarkibiy elementlari bir-biri bilan o‘zaro aloqaga kirishadi va ongga inson 
hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan bir qancha funksiyalarni ta’minlaydi.
Ongning birinchi funksiyasi bilish yoki aks ettirish, ya’ni insonni qurshagan 
voqyelik haqida va uning o‘zi haqida bilimlar olishdir. Bilish faoliyati sifatida 
anglash jarayoni hissiy, obrazli bilishdan boshlanadi va abstrakt fikrlash sari 
yuksaladi. Hissiy (empirik) bilish bosqichida rang-barang ashyoviy material 
to‘planadi va keyinchalik u abstrakt fikrlash yo‘li bilan umumlashtiriladi. Shu tariqa 
ong eng muhim hodisalarning mohiyatini anglaydi va ular bo‘ysunuvchi obyektiv 
qonuniyatlarni aniqlaydi. Bilish funksiyasi birinchi darajali ahamiyat kasb etadi
undan qolgan barcha funksiyalar kelib chiqadi. Mazkur funksiya faol, evristik 
xususiyat kasb etadi, ya’ni ong voqyelikni ildamroq aks ettirish xususiyati bilan 
tavsiflanadi. 
Ongning bilish funksiyasi jamg‘arish funksiyasini belgilaydi. Bu 
funksiyaning mohiyati shu bilan belgilanadiki, bevosita, shaxsiy tajribadan olingan 
bilimlargina emas, balki zamondoshlar yoki o‘tmishdoshlardan olingan bilimlar ham 
inson xotirasida jamlanadi. Bu bilimlar zaruriyatga qarab aktuallashtiriladi, tiklanadi 
va ongning boshqa funksiyalarini amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. 
Inson xotirasi qancha boy bo‘lsa, u optimal qaror qabul qilishi shuncha oson bo‘ladi.


Ongning aksiologik funksiyasi (baholash funksiyasi)da inson tashqi dunyo 
haqida ma’lumotlar olish bilan bir vaqtda ularni o‘z ehtiyojlari va manfaatlari nuqtai 
nazaridan baholaydi. Ong, bir tomondan, obyektiv aks ettirish shakli, inson mayllari 
va manfaatlariga bog‘liq bo‘lmagan voqyelikni bilish shakli hisoblanadi. Bilimlar 
olish, obyektiv haqiqatning tagiga yetish, bilish faoliyati sifatidagi anglash 
jarayonining natijasi va maqsadiga aylanadi. Boshqa tomondan, ong voqyelikka 
subyektiv munosabat ko‘rinishlarini, uni baholash, o‘z bilimini va o‘zini anglab 
yetishni ham o‘z ichiga oladi. Dunyoga qadriyat sifatida qarashning natijasi va 
maqsadi borliqni, dunyoning inson mayllari va ehtiyojlariga muvofiqlik darajasini, 
o‘z hayotining mazmunini anglab yetish hisoblanadi. Tafakkur, bilish faoliyati 
asosan bilimni aniq ifodalash, mantiqiy sxemalarga rioya etish, ular bilan ish 
ko‘rishnigina talab qilsa, dunyoga qadriyat sifatida yondashish va uni anglab yetish 
esa shaxsiy kuch-g‘ayrat, o‘y-mulohazalar va haqiqatni teran idrok etishni talab 
qiladi.
Ongning baholash funksiyasi bevosita maqsadni shakllantirish funksiyasiga 
o‘tadi. Maqsadga intiluvchanlik – bu ongning muhim xususiyati hisoblanuvchi sof 
insoniy qobiliyat. Maqsad – bu insonning o‘z predmetini topgan ideallashtirilgan 
ehtiyoji; bu faoliyat predmetining shunday bir subyektiv obraziki, uning ideal 
shaklida inson faoliyatining mo‘ljallangan natijasi namoyon bo‘ladi. Maqsadlar 
insoniyatning jami tajribasi negizida shakllantiriladi va ijtimoiy, axloqiy, estetik va 
boshqa xil ideallar ko‘rinishidagi oliy shakllar sari yuksaladi. Aniq bir maqsadga 
qaratilgan faoliyat inson dunyodan qanoatlanmayotgani hamda uning bu dunyoni 
o‘zgartirish, uni insonga, jamiyatga zarur bo‘lgan shaklga solish ehtiyoji bilan 
izohlanadi.
Ongning ijod funksiyasida insonning oliy imkoniyatlari namoyon bo‘ladi. 
Maqsadga intiluvchanlik, ya’ni inson o‘z harakatlarini «nima uchun» va «nimaga 
erishish yo‘lida» amalga oshirishini anglab yetish har qanday ongli qilmishning 
zaruriy shartidir. Maqsadni ro‘yobga chiqarish muayyan vositalarni, ya’ni maqsadga 
erishish uchun yaratiladigan va shunga xizmat qiladigan vositalarni ishga solishni 
nazarda tutadi. Inson tabiatda mavjud buo‘lmagan narsalarni bunyod etadi. U 
butunlay yangi narsalarni va umuman yangi dunyoni yaratadi. Odamlar o‘zgartirgan, 
yaratgan narsalarning ko‘lami, shakllari va xossalari ularning ehtiyojlari, maqsadlari 
bilan belgilanadi; bu narsalarda inson niyati, uning g‘oyalari ro‘yobga chiqariladi.
Ongning kommunikativ funksiya (aloqa funksiyasi)da odamlar umumiy 
mehnatda ishtirok etadilar va bir-birlari bilan o‘zaro aloqalarga kirishishga doimi 
muhtoj bo‘ladilar. Fikrlarning bu aloqasi nutq orqali (ovozlik aloqa) va texnika 
vositalari yordamida (matnlar, kodlangan axborot) amalga oshiriladi. Shuni 
e’tiborga olish lozimki, yozma matnlarda (kitoblar, jurnallar, gazetalar va sh.k.)da 
bilim emas, balki axborotgina saqlanadi. Axborot bilimga aylanishi uchun u 


subyektivlashtirilishi lozim. Ayni shu sababli bosma so‘zni tarqatish bayon etilgan 
axborot bilimga aylanishining kafolati emas, balki sharti hisoblanadi. Axborot 
bilimga, ya’ni subyektiv boylikka aylanishi uchun qo‘shimcha kuch-g‘ayrat sarflash 
talab etiladi.
Shaxs ongining mantiqiy siklini tartibga solish (boshqaruv) funksiyasi 
yakunlaydi. Ong omillarga baho berish asosida va qo‘yilgan maqsadga muvofiq 
inson harakatlarini, keyinchalik esa – jamoalarning harakatlarini ham boshqaradi
tartibga soladi. Ongning tartibga solish funksiyasi insonning o‘zini qurshagan muhit 
bilan o‘zaro aloqasiga bog‘liq bo‘ladi va ikki shaklda: da’vat etuvchi tartibga solish 
va ijroni tartibga solish shakllarida amal qiladi. Odamlar xulq-atvori va faoliyatiga 
turtki beruvchi omillarning g‘oyaviy mazmuni ulkan ahamiyatga egadir. G‘oyalar 
da’vatkor kuchga aylanishiga qarab inson o‘z qilmishlarini ongli ravishda, o‘z 
e’tiqodiga muvofiq, izchil amalga oshiradi. Ijroni tartibga solish kishilar faoliyatini 
ularning ehtiyojlari bilan muvofiq holatga keltiradi, maqsad va uni tartibga solish 
vositalarining mutanosibligini ta’minlaydi.
Ongning bosh funksiyalari ana shulardan iborat. Ularning uyg‘un 
rivojlanishigina oxir-oqibatda intellektual va ma’naviy jihatdan komil insonni 
tarbiyalash imkoniyatini beradi.
XXI asr boshiga kelib olimlar intellektning ayrim funksiyalarini informasion 
mashinalar zimmasiga yuklash uchun ancha ko‘p zahmat chekdilar. Bugungi kunda 
kompyuterlar murakkab ishlarni bajarmoqdalar: bir tildan boshqa tilga tarjima 
qilmoqdalar, samolyotlarni, poyezdlarni boshqarmoqdalar, shaxmat o‘ynamoqdalar, 
hatto inson miyasiga xos bo‘lgan ba’zi bir mantiqiy amallarni bajarmoqdalar. Tabiiy 
bir savol tug‘iladi: inson aqlining o‘rnini bosishga qodir bo‘lgan mashinani yaratish 
mumkin emasmi?
Texnika imkoniyatlari nuqtai nazaridan, informasion mashinalarni 
takomillashtirish chegarasini belgilash o‘rinli bo‘lmaydi. Shunga qaramay, 
mashinalar bajaruvchi amallar bilan inson miyasida bajariladigan amallarning 
o‘xshashligi mashinalarni fikrlash qobiliyatiga ega deb hisoblash uchun asos 
bermaydi. Mohiyat e’tibori bilan mashina inson tafakkurining faqat bir jihatini – 
formal-mantiqiy fikrlashnigina amalga oshiradi, vaholanki, insonning fikrlash 
jarayoni amalda iroda, emosiyalar, intuisiya, orzu, fantaziya va hokazolardir. Inson 
ichki dunyosining boyligi uning ijtimoiy aloqalari boyligi va serqirraligining 
mahsuli hisoblanadi. Ayni shu sababli, inson ongi, uning strukturasi va barcha 
funksiyalarini to‘liq modellashtirish uchun miya strukturasining o‘zinigina 
gavdalantirish kifoya qilmaydi. Buning uchun inson rivojlanishining butun tarixiy 
yo‘lini gavdalantirish, uni barcha ehtiyojlar bilan, shu jumladan siyosiy, axloqiy va 
estetik ehtiyojlar bilan ta’minlash talab etiladi. Bularning barchasi bilishning 
murakkab 
vazifalarini 
yechishda 
zamonaviy 
kibernetik 
qurilmalarning 


imkoniyatlari cheklanganligidan dalolat beradi. Ular aslida intellektual faoliyatning 
axborotni 
qayta 
ishlash 
qoidalari 
bilan 
bog‘liq 
bo‘lgan 
tomonlarini 
mexanizasiyalashtirish va avtomatizasiyalashtirish vositalaridan boshqa narsa emas.

Download 0,59 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish