Quloqlashtirish Statistik ma’lumotlarga qaraganda jamoalashtirish boshlarida
O’zbekistonda shartli ravishda «quloq» xo’jaligiga kiritish mumkin bo’lgan
xo’jaliklarning salmog’i aslida umumiy dehqon xo’jaliklarining 5 foizidan kamrog’ini
tashkil etardi, xolos. Biroq ommaviy jamolashtirish boshlanishi bilan 15 foizdan ortiq
xo‘jaliklar «quloqlashtirish»ga duchor bo‘ldi. Haqiqatda esa bular o’rtahol dehqon
oilalari edi. Faqat 1930 yilning o’zida respublikada «boy» va «quloq» xo’jaliklar toifasiga
kiritilgan 2648 ta o’rtacha dehqon xo’jaliklari tugatilgan edi. 1931 yil avgustiga kelib
respublikada qo’shimcha yana 3828 ta «quloq xo’jaliklari» tugatildi.
Respublikaning o’ziga to’q, bozorga tovar g’alla etishtirib berishga qodir
son-sanoqsiz dehqon xo’jaliklari bor narsasidan mahrum bo’lib, haqsiz-huquqsiz
holda o’z oila a’zolari bilan uzoq hududlarga (Sibir, Ukraina, Qozog’iston) yoki
yangi o’zlashtirilayotgan cho’lli, to’qayzor, qamishzor erlarga badarg’a
qilindilar.
Ayni paytda dehqon xo’jaliklarini majburiy quloq qilish, boshqa joylarga surgun
qilish ishlari avj oldirildi. O’zbekistondan Ukraina, Sibir va Shimoliy Kavkazga 3871
«quloq oilasi» surgun etildi. 1933 yilda surgun qilingan «quloq» xo’jaliklari soni 5500
taga etdi. Ming-minglab qishloq oilalari bunday xavf-xatarning bo’lishini oldindan his
qilib, o’z kindik qonlari to’kilgan muqaddas zaminni tark etib, uzoq begona yurtlarga
bosh olib ketishga majbur bo’ldilar. Ularning ko’plari uzoq yillar xorijiy ellarda
umrguzoronlik qilib, ona yurt sog’inchi bilan, unga talpinib yashab o’tdilar. Faqat
O’zbekiston milliy mustaqillikka erishgandan so’nggina orzu-armonlari ushalib, yangidan
Vatanning mo’’tabar tuprog’ini tavof qilish baxtiga musharraf bo’ldilar.
Ma’muriy tazyiq, oshkora zo’ravonlik, iqtisodiy terror usullari va shu kabi ta’sir
choralari orqasida «Kolxoz qurilishi» rivojlantirib borildi. 1932 yil oxiriga kelib umuman
O’zbekistonda jamoalashtirilgan xo’jaliklar barcha dehqon xo’jaliklarining 81,7 foizini
birlashtirgan edi. 800 ming dehqon xo’jaliklari negizida 9734 ta kolxoz va 94 ta sovxoz
tashkil etilgandi. Bu jarayon keyingi yillarda ham davom ettirildi. 1937 yilda dehqon
xo’jaliklarining jamoalashtirish darajasi 95 foizga etgan bo’lsa,1939 yilda u 99,2 foizni
tashkil etdi. Ommaviy kollektivlashtirish jarayonida O’zbekiston bo’yicha 60 mingdan
ortiqroq kishi «quloqlar»ga mansublikda ayblanib qatog’on qilindi. Shunday qilib, 30-
yillar davomida O’zbekistonda zo’rovonlik yo’li bilan «Qishloq xo’jaligini
kollektivlashtirish», «quloqlarni sinf sifatida tugatish» siyosati uzil-kesil hal qilindi.
«SSSRning paxta mustaqilligini ta’minlash» asosan O’zbekiston xalqi zimmasiga
yuklatilgan edi. 1935 yilda O’zbekistonda 1 mln. tonna paxta tayyorlangan bo’lsa, bu ko’rsatkich 1939 yilda 1,5 mln. tonnani, 1941 yilga kelib esa 1 mln. 656,2 ming tonnani
tashkil etdi. Bu Butunittifoq bo’yicha tayyorlangan paxtaning 60 foizidan ziyodrog’ini
tashkil qilardi. 30-yillar davomida respublika qishloq xo’jaligi tizimida paxta
yakkahokimligi mustahkam o’rin egallab bordi. Jumladan, agar 1933 yilda paxta
mahsuloti respublika etishtirib tayyorlab beradigan qishloq xo’jalik mahsulotlari umumiy
hajmining 81,5 foizini tashkil etgan bo’lsa, 1937 yilga kelib bu raqam ko’rsatgichi 93,4
foizga etdi. Urushdan keyin mamlakatda rahbarlik qilish usullari normal holatga o’tadi, tinch
qurilishga moslashtiriladi, ijtimoiy - siyosiy hayot demokratlashtiriladi, degan orzuniyatlar ro’yobga chiqmadi. Aksincha iqtisodiyotda, ijtimoiy -siyosiy va ma’naviy
hayotda ma’muriyatchilik kuchaydi. Mamlakatni boshqarish partiya-davlat apparatida
rahbarlik lavozimlarini egallagan tor doiradagi xodimlar tomonidan tayyorlanadigan,
shaxsan Stalin imzosi bilan matbuotda e’lon qilinadigan farmon va qarorlar orqali amalga
oshiriladigan bo’lib qoldi. Hammani, xususan joylardagi rahbarlarni nazorat ostiga olgan
totalitar tuzum Kremlda o’tirganlarga mamlakatni farmon va qarorlar bilan boshqarish
imkoniyatini berardi.
Respublikalarning, jumladan, O’zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy
sohadagi muammolarni hal qilish huquqlari yanada cheklanib bordi. Stalinning g’alabani
ta’minlashda rus halqi asosiy rol o’ynadi, degan mash’um g’oyasi butun malakatni
ruslashtirish siyosatiga aylandi. Ommaviy axborot vositalari, Kompartiya va komsomol
tashkilotlari ruslarni «katta», «ulug’ og’amiz» deb barala targ’ib qila boshladi .
Sovet hokimiyatining dastlabki yillaridanoq boshlangan qishloq aholisini erdan
mahrum qilish jarayoni urushdan keyin ham davom etdi. 1946 yil sentyabrda VKP(b)
MQ va SSSR hukumatining «kolxozlarda qishloq xo’jalik ustavining buzilishini tugatish
choralari to’g’risida» qarori e’lon qilindi. Qishloq xo’jaligi bilan aloqasi bo’lmagan 1300
tashkilotga yordamchi xo’jalik sifatida berib qo’yilgan 6 ming gektar erni kolxozlarga
qaytarish, kolxozlardagi boshqaruv apparati shtatidan 51 ming kishini qisqartirish kabi
ijobiy ishlar bilan birga jiddiy xatoliklarga, adolatsizliklarga yo’l qo’yildi. Kolxozlar
manfaatlarini himoya qilish bayrog’i ostida respublika qishloqlarida istiqomat qilayotgan
50 ming kolxozchi oilasi qo’lidagi tomorqa erlaridan 25 ming gektari ustavda
belgilanganidan «ortiqcha» deb tortib olindi. Koxoz hududida yashagan, ammo unga a’zo
bo’lmagan 20 ming xo’jalikning go’yo, «qonunga hilof» ravishda egallagan 2,5 ming
gektar erlari ham tortib olindi. Qishloq aholisini erdan mahrum etish jarayoni 50 - yillarda
ham davom etdi. Bu tadbirlar turmushi nochor bo’lgan qishloq aholisining ahvolini
yanada og’irlashtirdi. Bunday adolatsizlikka hech kim qarshi chiqa olmadi. Qishloq
xo’jalik artelining odamlardan so’ramasdan tuzilgan nizomini o’zgartirishni, nizom
qoidalarini qishloq aholisining manfaatlariga moslashtirishni respublika rahbariyati ham,
qishloq aholisining o’zi ham ko’tarib chiqa olmadi. Negaki, totalitar tuzum hammani
jilovlab olgan edi. Odamlar asoratga solingan, siyosiy mutelikda yashardi.
Totalitar tizimning eski kasali yana qaytalanib, sovet jamiyati urushdan keyin
boshdan kechirayotgan benihoya og’ir iqtisodiy qiyinchilik, ma’naviy-ruhiy kemtiklik,
o’tkir ijtimoiy-siyosiy tanglik sharoitida mamlakatda hech bir norozilik, tushkunlik
holatlarga izn bermaslik maqsadlarida bir yoqlama qattiqqo’l siyosat yuritish yo’lini tutdi.
Bunda kommunistik mafkura bosimini ayni chog’da Markazda va joylarda, xususan
milliy respublikalarda butun choralar bilan kuchaytirishga asosiy urg’u berildi. Hukmron
kompartiyaning bu boradagi makkorligi shundaki, u keng milliy hududlar aholisini, uning
ilg’or, o’qimishli, ziyoli kuchlarini, mahalliy milliy kadrlarni doimiy tahlikada tutish,
siltab turish, itoatda saqlash uchun bu yangi qatli om mavsumini avvalo Markazdan
boshlashni maqbul topdi. Xususan 1946-1948 yillarda VKP(b) Markazqo’mi tomonidan
adabiyot, san’at, ilm-fan sohalarida o’tkazilgan bir qator anjumanlar, bahslar va ular
yuzasidan qabul qilingan, mohiyatan «g’oyasizlik va kosmopolitizmga qarshi kurash
ruhi» bilan sug’orilgan talay «muhim» qarorlar va hujjatlar qatag’onlikning yangidan
boshlanib, avj olishiga sabab bo’ldi.
Masalan, VKP(b) MQning 1946 yil fevralida qabul qilgan «Zvezda», «Leningrad»
jurnallari to’g’risida, so’ngroq «Katta hayot» kinofilmi, V.Muradelining «Buyuk do’stlik»
operasi to’g’risidagi qarorlari bunga turtki bo’lib xizmat qildi.
Shu asosda 30-yillar mash’um qatag’onligining davomi sifatida ilg’or, mustaqil
fikr yurituvchi, yurt, millat manfaatlarini o’ylovchi, qayg’uruvchi, shu ruhda ijod qiluvchi
ziyolilarni ham Markazda, ham joylarda ta’qib va quvg’in qilish jarayoni avj olib ketdi.
Bundan shu hukmron tuzumga tobe bo’lgan, qo’l-oyog’i zanjirband etilgan jafokash
O’zbekistonning ko’plab ilg’or ziyolilari, ijodkorlari hayoti va qismati ham chetda
qolmadi
Do'stlaringiz bilan baham: |