Industrlashtirish XX asr 20-yillari o’rtalaridan e’tiboran sovetlarning butun diqqate’tibori mamlakatni industrlashtirishga qaratildi. Buning asosiy sababi shundaki,
industrlashtirish SSSRda sotsializm qurish dasturiy rejasining eng asosiy vazifalaridan biri
hisoblanardi. VKP (b) XIV s’ezdida (1925) mamalakatni industrlashtirish sotsializmni
barpo etishning bosh strategik vazifasi, deb belgilandi. Hukmron Markaz bu asosiy
vazifani bajarishga xalqni safarbar etar ekan, bunda bu ishni mamlakatning barcha
mintaqalarida, jumladan, O’zbekistonda ham tezkor sur’atlarda amalga oshirishga qarata
qat’iyan yo’l tutdi.
O’zbekistonda industrlashtirish ishini amalga oshirish orqali sovetlar ko’p narsaga
umid bog’lagandilar. Eng asosiysi, ular bu o’lkada ko’plab sanoat korxonalari va
tarmoqlarini yaratish yo’li bilan uning boy tabiiy va mineral resurslarini ishga solish,
arzon ishchi kuchidan foydalanish va oxir-oqibatda Markaz uchun ko’proq foyda undirib
olishni ko’zlaganlar.
Industrlashtirish jarayoni O’zbekistonni Markaz ta’siriga olish, uning hukmiga
yanada bo’ysundirish uchun qulay imkoniyatlar yaratardi. Gap shundaki, zamonaviy
sanoat tarmoqlarini vujudga keltirish, ishga tushirish respublikaning iqtisodiy taraqqiyoti
uchun g’oyatda katta ahamiyat kasb etardi. Biroq bu jarayon juda ko’p miqdordagi
moliyaviy resurslar, pul mablag’lari, xilma-xil texnika jihozlari, ilmiy-texnika salohiyati,
ko’p sonli yuqori ma’lumotli muhandis-texnik xodimlar, malakali ishchi kadrlar va hokazo omillar bilan bog’liq edi. Bunday salohiyatga O’zbekiston mutlaqo ega emas edi.
Negaki, respublika bu davrga kelib, xalq xo’jaligi tarmoqlarini qaytadan tiklashga arang
erishib borayotgan edi. Shu bois bu mintaqada industrlashtirish jarayonining
tashabbuskori va tashkilotchisi bevosita Markaz va Kommunistik partiya bo’ldi. Bu
o’rinda aytish joizki, ittifoq hukumatining rejasida O’zbekistonda zamonaviy yirik
industrial tarmoqlarni emas, balki ko’proq xomashyoni qayta ishlaydigan sanoat
korxonalari, tog’-kon sanoatini rivojlantirishga asosiy urg’u berilgandi. Negaki, bu hudud
Markaz uchun ko’proq xomashyo mahsulotlari etkazib berishga ixtisoslashtirilishi kerak
edi. Shu bois ham muhim e’tibor paxtachilik va u bilan bevosita bog’liq tarmoqlarni
rivojlantirishga qaratilgandi. O’zbekistonda 1925 yilda atigi 21 sanoat tarmog’iga taalluqli
149 ta korxona mavjud edi, xolos. Ular ham asosan qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta
ishlashga moslashgan edi.
Industrlashtirish davrida respublikada 17 ta paxta tozalash zavodlari barpo etildi.
Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Marg’ilon va Shahrisabzda pillakashlik
fabrikalari, Farg’ona va Toshkent to’qimachilik, Chirchiq elektrokimyo kombinatlari,
Toshkent mashinasozlik zavodi va shu singari korxonalar qurildi. O’sha davr rasmiy
ma’lumotlariga ko’ra O’zbekistonda birinchi besh yillik (1928-1932 yy)da 289 ta va
ikkinchi besh yillik (1933-1937 yy) davrida 189 ta sanoat korxonalari barpo etilgan.
Ularning mahsulot ishlab chiqarish hajmi ham yil sayin ortib bordi. Chirchiq, Olmaliq,
Bekobod, Angren, Yangiyo’l, Quvasoy kabi sanoat shaharlari vujudga keldi. 1925-1940
yillar davomida respublikada qurilgan GESlar soni 49 taga etdi. Toshkent-Angren temir
yo’li, Toshkent-Termiz katta avtomobil yo’li qurildi.
Ikkinchi jahon urushiga qadar O’zbekistonning sanoat salohiyati 1445 ta yirik va
o’rtacha sanoat korxonalari va 19 mingga yaqin mayda korxonalarni o’z ichiga olardi.
Garchand sanoat qurilishi ancha ko’zga ko’rinarli tarzda rivojlanib, muayyan yutuqlarga
erishgan bo’lsa-da, biroq bu sohada ko’plab jiddiy muammolar, nuqsonlar mavjud edi.
Avvalo, yuqoridan tazyiq qilish amaliyoti, rahbarlikning ma’muriy-buyruqbozlik usullari
O’zbekiston sanoati tarmoqlarida chuqur ildiz otgan edi. Jumladan, respublika
metropoliyaning rangli va nodir metallar, oltingugurt, volfram, molibden, paxta tolasi,
xom ipak bilan ta’minlovchi mintaqasiga aylantirildi.
Markaz amri bilan respublikaning xomashyo, tabiiy resurslari ayovsiz
ekspluatatsiya qilingan holda uning o’ziga xos iqtisodiy manfaatdorligi hech qanday
nazar-pisand qilinmasdi. O’zbekistonda qurilgan sanoat korxonalarining talay qismi
to’lig’icha ittifoq ixtiyoriga bo’ysunardi. Binobarin, ularning ishlab chiqargan
mahsulotlari va undan keladigan tushumlar ham Markaz xazinasini boyitishga xizmat
qilardi.
Respublikada industrlashtirishning muhim bir xarakterli tomoni shundaki, bu
jarayon davomida malakali ishchi kuchi etishmaganligidan, xususan RSFSR hududidan
bu erga juda ko’plab odamlar oqimi kirib keldi. Ular hisobiga respublikaning ishchilar
sinfi saflari to’ldirilib borildi. Jumladan, 1926 yildan to 1940 yilga qadar O‘zbekiston
aholisi yangi kelganlar hisobiga 750 ming kishiga yoki 10%dan ortiqroqqa
ko‘paydi. SSSRning markaziy tumanlaridan aholini sun’iy tarzda ommaviy ko’chirib kelinishi ko’p jihatdan xalq xo’jalik mulohazalari bilan emas, balki ko’proq siyosiy
mulohazalar taqozosi bilan, respublika ishchi va xizmatchilariga g’oyaviy, ma’muriy
bosim o’tkazish maqsadida amalga oshirilgan edi. Agar joylarda o’zining malakali ishchi
kadrlarini keng miqyosda tayyorlash tashkil etilganda edi, ko’plab mahalliy yoshlarni
foydali ishga jalb etish hamda ularni malakali ishchi kadrlar qilib tarbiyalashga sezilarli
ta’sir ko’rsatishi shubhasiz edi.
Shunday qilib, industrlashtirish yillarida partiya va sovet hukumatining so’zi bilan
amaliy ishi o’rtasida yakdillik va uyg’unlik bo’lmadi. Sotsializmning kapitalizmdan
afzalligi, mehnatkashlar turmush farovonligini tubdan yaxshilash, ularning hayoti
mazmunini chuqur o‘zgartirish to‘g‘risidagi g‘oyalar amaliyotda puch bo‘lib
chiqdi. Xalq ommasining o’n yillar davomida to’kkan peshona teri, amalga oshirgan
tinimsiz mehnati, chekkan zahmati, fidokorligi unga farovonlik keltirmadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |