Bilim darajalari va turlari. Dunyoning ilmiy manzarasi – bu ushbu fan tomonidan o’rganiladigan voqelikni tasvirlovchi umumnazariy va falsafiy kategoriyalar yig’indisidir.
Umumiy nazariya – bu ushbu fan tomonidan o’rganiladigan voqelikning bir qismini tushuntirib beruvchi mantiqan o’zaro bog’liq nazariy tushunchalar va mulohazalar yig’indisidir.
Xususiy nazariya – bu fundamental tadqiqot asosida empirik tasdiqlangan alohida hodisa (hodisalar guruhi) yoki jarayonlarni (jarayonlar yig’indisi) tasvirlovchi konkret-ilmiy tushunchalar va mulohazalarning mantiqan o’zaro bog’langan tizimidir.
Empirik tadqiqot – bu ilmiy metod talablariga muvofiq ravishda o’tkazilgan va xususiy nazariyani tasdiqlashga yo’naltirilgan fundamental tadqiqot. Asosiy maqsad ilmiy bilimlarni ko’paytirish, yangi qonuniyatlarni kashf etish va noma`lum ijtimoiy tendentsiyalarni aniqlashdan iborat. empirik tadqiqotni tayyorlashga 3 yildan 10 yilgacha vaqt ketadi. Uni tashkil etishda ko’plab jamoa a`zolari mehnat qiladi. U faqat sotsiologlar tomonidan amalga oshiriladi. Misol: mamlakatlararo, umummilliy, mintaqaviy tadqiqotlar va h.k. Reprezentativ (haqqoniy va ishonchli) axborotni olish empirik tadqiqotning asosi hisoblanadi.
Amaliy tadqiqot – bu vaziyatga ijtimoiy tashhis qo’yish, konkret hodisani (jarayonni) tushuntirish va amaliy tavsiyalarni tayyorlash maqsadida qisqa muddatda bitta ob`ektda (korxona, bank, qishloq) o’tkazilgan tezkor tadqiqot. Misol: korxonada doimiy xizmatdagi ishchilarni qisqartirish, menejerlarning motivatsiyasini oshirish. Bunday vazifani echish uchun sotsiolog qandaydir xususiy nazariyalarni, empirik ma`lumotlarning cheklangan doirasini, samarali texnologiyalar va metodlarni jalb etishi, keyin bularning barchasini konkret ob`ektga tatbiq etishi zarur. Amaliy tadqiqotning mazmuni ana shundan, ya`ni fundamental fanni amaliy muammolarga tatbiq etishdan iborat. Amaliy tadqiqot yangi bilimlarni oshirishni, yangi nazariyalarni kashf etishni o’z oldiga maqsad qilmaydi, unda namunaviy metodikalar, ya`ni ijtimoiy texnologiyalar ko’rinishida rasmiylashtirilgan ma`lum bilimlar qo’llaniladi.
Metodologiya – bu metod haqidagi nazariyadir, ya`ni ilmiy bilimning tabiati qanday, ilmiy nazariya qanday tuzilgan va qanday rivojlanadi, gipotezalar qanday tuziladi va ularning empirik tasdig’i qanday yuz beradi, tushunchani qay tarzda kontseptuallashtirish va operatsionallashtirish kerak, qanday qilib tanlov yig’indisini tuzish, ma`lumotlarning mantiqiy tahlili haqidagi nazariy qoidalarning yig’indisi hisoblanadi.
Metodika va texnika – bu tanlov yig’indisini tuzish, so’rovnomalar, blankalar tuzish, kuzatuvlar yoki interv’yu, ma`lumotlarni to’plash va tahlil qilish bo’yicha konkret usullar va jarayonlardir. Sohaviy matritsani quyidagicha tushunish lozim. Sotsiologiyaning har bir tarmog’ida, aytaylik, oila sotsiologiyasi yoki mehnat sotsiologiyasida dunyo manzarasidan tortib, to metodika va texnikagacha bo’lgan barcha elementlarni topish mumkin. YAngi tarmoqlarning paydo bo’lishi kamdan-kam hollarda fanning ehtiyojlari tomonidan buyuriladi. Aksariyat hollarda jamiyat undovchi rag’bat hisoblanib, unda turli davrlarda birinchi o’ringa u yoki bu ijtimoiy muammolar chiqadi. Sovet davrida mehnat mavzusi etakchilik qilgan va mehnat sotsiologiyasi faol rivojlangan, 90-yillarda esa jamiyatning mulkdorlarga ajralishining o’sishi, aholining moddiy farovonligi pasayishi munosabati bilan sotsializm paytida hech qachon gapirilmagan qashshoqlik va tengsizlik muammolari («ijtimoiy tuzilma va stratifikatsiya» yo’nalish mavzusiga kiritilgan) keng rivojlandi.
Ijtimoiy bilim darajasi va murakkabligi bilan jamiyat rivojining darajasi va murakkabligi orasida nafaqat yaqin aloqa, balki bevosita muvofiqlik ham bor. Sotsiologiyani ushbu jamiyat strukturasi va dinamikasining ob`ektiv ko’zgusi deb hisoblash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |