Biz kelajak bunyodkorlarimiz.
Buxoro davlat universiteti
Maktabgacha va boshlang`ich
ta’lim fakulteti boshlang`ich
ta’lim yo`nalishi 14–1 BT -20
guruh talabasi Boboxonova
Shahlo Azamatovna
Tel: (99) 092-43-19
XXI asr - har sohada, ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham ta’lim, ham kasb-hunar sohasida kuchli raqobat avj olayotgan muhim davr sifatida gavdalanmoqda. Xalqning ertangi taqdirini uning salohiyati, har sohada ilg`or yoshlari, ularning faoliyati va shu o`rinda ularga yaratilayotgan keng shart – sharoitlar, shu sohadagi qabul qilinayotgan ahamiyatga molik qarorlar va ularning munosib ijrosi belgilaydi, desak, mubolag`a bo`lmaydi. Chunki bugungi yoshlar ertangi kunning yaratuvchilari, buyuk davlat quruvchilari demak. Jumladan, ayni vaqtlarda kelajak poydevorlari, aytish mumkin bo’lsa , ertangi kun bunyodkorlari hisoblanmish biz yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar havas qilsa arzigulik darajada.
Yoshlarga e’tibor – kelajakka e’tibor. Yoshlar qanchalik ilmli, iqtidorli, ayni damda har qanday vaziyatda o`z intellektual salohiyati bilan ish tuta olish kabi muhim ko`nikmalarga ega bo`lishi davlat kelajagining naqadar mustahkam va qudratli bo`lishidan darak beradi. Aynan shu maqsadda ham hozirgi kunda yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo`llab – quvvatlashga, ularning o`z qiziqish va salohiyatlaridan kelib chiqib, mavjud muammolarini hal qilgan holda, o`zlari uchun qulay shart – sharoit yaratish davlat darajasidagi muhim masalaga aylangan.
So`nggi besh yil biz yoshlar uchun ahamiyatli va yaratilayotgan imkoniyatlar borasidagi o`zgarishlarga boy davr bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Chunki bu davrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2017 – 2021 – yillarni o`z ichiga olgan ,,Harakatlar strategiyasi” umummilliy loyihasining ishlab chiqilgani va uning amaldagi tatbig`i , 2021- yilning “Yoshlarni qo`llab – quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili “ deb e’lon qilinib, davlat dasturi qabul qilingani bu boradagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko`tardi. Jumladan, “ Yoshlar kelajagimiz “ davlat dasturi doirasida 8 635 ta biznes loyihalarga jami 1 trillion 830 milliard so`m miqdorida imtiyozli kredit mablag`lari ajratish orqali 42 421 ta yangi ish o`rinlari yaratilishiga erishildi. Shuningdek, Davlat dasturi doirasida yoshlarning 31,4 milliard so`mlik 63 ta loyihasiga Jamg`arma kafilligi taqdim etilib, ularning o`z tadbirkorlik faoliyatlarini yo`lga qo`yishlariga ko`maklashildi. Hududlarda ham yoshlarni bo`sh ish o`rinlarini yaratish orqali bandligini ta’minlash maqsadida 19 ta “ Yosh tadbirkorlar “ kovorking markazlari hamda 212 ta “ Yoshlar mehnat guzari “ komplekslari foydalanishga topshirildi.
O`zbekiston Respublikasida “ Yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 – yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi “ doirasida ham yoshlarni har tomonlama qo`llab – quvvatlash , ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir , tashabbuskor, jonkuyar va shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.
Bugungi kunda qay bir soha bo`lmasin, o`tkazilayotgan islohotlarda yoshlar huquqi kafolatlanganligi e’tiborni tortadi. Har bir qabul qilinayotgan qarorda yoshlarni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilish, ularning iste’dodini qo`llab – quvvatlash , yanada rivojlantirish masalalari atroflicha qamrab olingan.
Bosh qomusimiz Konstitutsiyamizning 42 – moddasida har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi, davlat va jamiyatning har tomonlama rivojlanishiga , ham ilmiy, ham texnikaviy taraqqiy etishiga g`amxo`rlik qilishi lozimligi belgilangan. Mana shularning mantiqiy davomi sifatida Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, akademik litseylar, texnikumlarda yoshlarga berilayotgan zamonaviy ta`lim – tarbiya Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori, oliy ta’lim sohasidagi islohot va imkoniyatlarga ustun vazifasini o`taydi.
Davlatimizdagi yoshlarga yaratilayotgan e’tibor haqida so`z yuritar ekanmiz xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan vatandoshlarimizni Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarimizda o`z o`qishlarini davom ettirishi uchun yaratilayotgan qulayliklar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining to`lov kontraklarini davlat hisobidan to`lab berilayotgani, qolaversa, ayollar, xotin – qizlarimiz uchun qo`shimcha ta’lim kvotalarining ajratilishi kabilar fikrimizning yorqin isboti.
2021 – yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yoshlar daftari” tashkil etildi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad esa ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, psixologik qo`llab – quvvatlashga muhtoj, bilim va kasb – hunar o`rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo`lgan, ammo imkoniyati bo`lmagan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash , ularni bartaraf etish va bu tizimni doimiy nazorat qilib borish hisoblanadi. Bu muhim tashabbus ham yoshlarni qaysi qatlamda bo`lishidan qat’iy nazar qo`llab – quvvatlashning, o`z faoliyatini yo`lga qo`yib olishiga bir imkon yaratdi , deyishimiz mumkin.
Oliy ta’lim sohasidagi imkoniyatlarga to`xtalar ekanmiz, yangi axborot resurs markazlarining bino etilishi, ularning zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlanishi, jahonning mashhur va noyob adabiyotlari bilan ta’minlangani, talaba– yoshlarning o`z iste’dodlarini yuzaga chiqarishlariga imkon berish maqsadida tashkil etilayotgan bir – biridan qiziqarli va kitobxonlikni targ`ib qiladigan tanlov– loyihalari, “Talabalar teatr studiyalari”, “Quvnoqlar va zukkolar” ko`rik tanlovlari bularning bari aynan oliy ta’lim muassasalarining talaba – yoshlariga ochib berilayotgan imkoniyat eshiklari demak.
Shuning uchun ham yoshlar intilish va iqtidorlarini qo`llab – quvvatlash, rag`batlantirishga oid tizimni yanada isloh qilish va rivojlantirish maqsadida bu borada me’yoriy – huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Quvonarli tomoni shundan iboratki, zamon talablari va jahon ta’lim standartlariga mos ravishda yoshlar talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib yangidan – yangi imkoniyatlar eshigining ochib berilishi va bu jarayonda Prezidentimizning ham shaxsan ishtiroki bu tizim faoliyatining naqadar muhim va mazkur sohaga berilayotgan e’tiborning naqadar yuksak ekanligidan darak bermoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan yosh avlodni shakllantirishning dastlabki pallasida tarbiya masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shavkat Mirziyoyev deyarli barcha sohadagi islohotlarning bardavomligini yoshlarni qo`llab – quvvatlash siyosatiga uzviy bog`liq ekanligini ta’kidlar ekan, bunda boshlang`ich, o`rta va oliy ta’lim sohasidagi islohotlarni namuna sifatida keltiradilar. Darhaqiqat u xoh ijtimoiy, xoh iqtisodiy, xoh siyosiy sohadagi islohot bo`lsin, bilvosita yoshlarga kelib taqaladi. Chunki yoshlar va ularni qo`llab – quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor natijasida ertaga butun xalq davlat har tomonlama bilimli kadrlar, adolatli ish boshqaruvchilar tomonidan olib boriladi.
Izlanuvchi yoshlarni munosib rag`batlantirish maqsadida “ Yosh olimlar “ innovatsion tanlovi uchun 30 milliarddan ortiq mablag` ajratilganining o`zi ham katta imkoniyatdir. Butun Jahon mamlakatlari o`rtasida xalqaro ta`lim dasturlari bo`yicha eng yuqori ball to`plagan Respublikamizning iqtidorli yoshlarining imtihon topshirish xarajatlarining to`liq qoplab berilishi ham, ahamiyatga molik.
Oliy ta’lim muassasasining bakalavr va magistratura bosqichlari Talaba va magistrlari uchun nomdor stipendiyalarning e’lon qilinishi ham yaratilayotgan keng imkoniyatlardan biri bo`lib, hozirda Islom Karimov stipendiyasi, Alisher Navoiy stipendiyasi, Ulug`bek stipendiyasi, qolaversa, “Yil talabasi” ko`rik tanlovlari ham ularning o`z iqtidorlarini kashf etishlariga muhim turtki, omil bo`lib xizmat qiladi.
Bizga yaratilayotgan bunday keng qamrovli imkoniyatlar faqatgina biz – kelajak bunyodkorlarining - har tomonlama barkamol avlod bo`lib ulg`ayishimiz, ham ma’nan, ham jismonan sog`lom bo`lib, kelajakda Vatan taraqqiyotiga o`zining munosib hissasini qo`shadigan munosib avlod bo`lib yetishishimiz uchun .
Biz mustaqil Vatanimizning ertangi kunining egalari, kelajak bunyodkorlari, yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda, Respublikamiz nomini butun jahonga yoyadigan, yurt bayrog`ini ko`klarga ko`taradigan, xalqqa bor shijoat – u kuchi bilan xizmat qiladigan asl farzandlar bo`lmoqlikni o`zimizning sharafli burchimiz deb bilamiz va bu burchimizni sidqidildan bajarmoq uchun harakat qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |