MIRRIX YULDUZIGA
Go‘zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqq‘ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg‘a tushibsan,
Tuvg‘aningga nechun sira gapurmasdan turibsan?
So‘yla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda bo‘lib turgan tubanliklar, xo‘rliklar,
So‘yla, yulduz, sening dag‘i
1
quchog‘ingda bo‘lurmi?
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
O‘rtoq qonin qonmay ichkan zuluklar,
Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda o‘ksuz
2
yo‘qsulning qonin –
Gurunglashib, chog‘ir
3
kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
4
O‘z qopchig‘in to‘ldirg‘ali buzg‘anlar.
1
S e n i n g d a g‘ i – sening ham.
2
O‘ k s u z – baxtsiz.
3
Ch o g‘ i r – sharob, may.
4
T u z u k – nizom, tartib, yashash tarzi.
165
Bormi senda bir o‘lkani yondirib,
O‘z qozonin qaynatg‘uchi xoqonlar.
Bormi senda qorin-qursoq yo‘lida
Elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotqonlar?
Fitratshunoslarning ta’kidlashicha, «Mirrix yulduziga» she’ri
1920-yilda yozilgan. Xo‘sh, bunchalik dard va
g‘onga to‘la
she’r yozilishiga o‘sha yillari nimalar sabab bo‘lgan?
Kelasi o‘quv yilining tarix darslarida Turkiston o‘lkasining
XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid tafsilotlar bi-
lan batafsil tanishasiz. Biz hozir millatparvar ijodkorlar qalbini
yaralagan o‘sha davrning ayrim voqealarinigina aytib o‘tamiz.
Shundagina Fitrat she’rining mohiyatini, bu asarda mujassam
bo‘lgan millat qayg‘usini anglash mumkin bo‘ladi. Shundagina
shoir Fitrat jasorati, uning insoniy fazilatlari ko‘z oldimizda
yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
XIX asrning 60–70-yillari davomida Turkiston o‘lkasi Chor
Rossiyasi tomonidan istilo qilinadi. Bu paytda o‘lka Qo‘qon
xonligi, Xiva xonligi, Buxoro amirligi singari uchta alohida
davlat shaklida yashardi. Shu tufayli ham istilochilar uchun
ular ni yakka-yakka holda o‘ziga bo‘ysundirib olish nisbatan
oson ko‘chadi. Garchi, Buxoroda rasman amir saltanati saqlab
qolingan bo‘lsa-da, bu hukumat Rossiyaning chizgan chizig‘idan
chiqa olmas edi.
1917-yilning oktabrida xuddi Petrograd (Rossiyaning o‘sha
paytdagi poytaxti)da bo‘lgani singari Toshkentda ham hokimi-
yat sho‘rolar (sovetlar) qo‘liga o‘tadi. Ular hukumat tepasiga
juda katta va’dalar, mehnatkash ommaga yoqadigan chaqiriqlar
bilan kelgan edilar. 1920-yilga kelib Buxoroda ham amir sal-
tanati zo‘rlik bilan ag‘dariladi. Qizil qo‘mondon – M.V.Frunze
boshchiligidagi qo‘shin qadimiy shaharni shafqatsizlarcha to‘pga
tuta di. Xuddi shu janglarda Turkiston o‘lkasi tarixida ilk maro-
taba aeroplanlar – ibtidoiy samolyotlar yordamida shaharga
bombalar yog‘diriladi. Shahar xalqi vahshiyona qiriladi. Qadim
Buxoroning ming yillik obidalari yer bilan yakson qilinadi.
Fitratning tarjimayi holidan bilamizki, bu paytda u Tosh-
kentga chaqirib olingan, shu yerdagi ishlar bilan band qilingan
166
edi. Biroq millati taqdiriga kuyingan shoirga birgina Buxoroda
emas, balki Toshkentda va Turkistonning boshqa chekkalarida
bo‘layotgan xunrezliklar ham achchiq xulosalar chiqarishi uchun
yetarli edi.
Bundan sal oldin – 1918-yilning fevralida sho‘ro hukumati-
ning yolg‘on va’dalariga ishonib tuzilgan Turkiston muxtoriyati
hukumati va Farg‘ona vodiysining o‘n minglab fuqarosi qonga
botirilgandi. Toshkent va Samarqandda, Andijon va Farg‘onada
hali u, hali bu bahona bilan tinch aholi qirg‘inbarot qilinar,
milliy rahbarlarga turli ig‘volar uyushtirilardi.
Bolsheviklar hukumati bergan va’dalar birin-ketin puchga
chiqar, o‘lka aholisi qayerdan va kimdan najot olishni bilmay,
tang ahvolda qolgandi.
Endi, mana shu voqealarni ko‘ngildan his etgan holda,
Fitratning «Mirrix yulduziga» she’rini qayta mutolaa qilaylik.
Go‘zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqq‘ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg‘a tushibsan...
Avvalo, asarning lirik qahramoni (bu o‘rinda shoirning o‘zi)
mazkur she’rda nega aynan Mirrix yulduziga murojaat etayot-
ganiga e’tiborni qarataylik.
Mirrix – Mars sayyorasi Shamsiy (Quyosh) yil hisobida Ha-
mal (Mart) oyining homiy sayyorasi hisoblanadi. Bu oyning un-
suri – xos belgisi – olovdir.
Xalqimiz 21-martdan boshlanadigan oyni (Navro‘zni) olqish-
lab, «Hamal keldi – amal keldi», deydi. Shoir xuddi shun-
ga ishora qilaroq, Mirrix yulduzini «yerimizning eng qadrli
tuqq’ani» – qarindoshi deya ataydi.
Boya aytganimizdek, 1917-yilda yuz bergan fevral va ok-
tabr to‘ntarishlaridan keyin Turkiston xalqi, nihoyat, ko‘ksiga
oftob tegishini, bu zamin uzra ham ozodlikning iliq shabada-
lari esishini orzu qilgandi. Bilasizki, hamal oyida butun tabiat
uyqudan bosh ko‘taradi. Yam-yashil maysalar chirkin xazonlar
bag‘rini yoraroq quyoshga qarab talpinadi.
Fitratning nazarida, Chor hukumatining uzoq yillar davom
etgan zulmi ostida ezilgan o‘lka, o‘z taqdirining hamal oyiga –
167
amal oyiga endigina qadam qo‘ydim, deb o‘ylagandi. Biroq
birdan izg‘irin shamol turib bu orzularni yer bilan yakson qildi,
o‘zining sovuq panjalari bilan yam-yashil umidlarni g‘ijimlab
tashladi.
Chor hukumatidan-da vahshiyroq to‘da – qizillar hokimiyati
o‘z hukmronligining dastlabki yillaridan boshlaboq o‘lka boshi-
ga misli ko‘rilmagan ko‘rgiliklarni yog‘dirdi.
Bizning yerda bo‘lib turgan tubanliklar, xo‘rliklar,
So‘yla, yulduz, sening dag‘i quchog‘ingda bo‘lurmi?
Fitratning aynan Mars – Mirrix yulduziga murojaat qilishi-
ning yana bir ilmiy-mantiqiy sababi bor. Mars – Mirrix yuldu-
zi, boshqa bir mifologik qarashlarga ko‘ra, jang-u jadal ramzi,
yunonlarda urush xudosi hisoblanadi.
Shoir o‘z o‘lkasida bo‘lib o‘tayotgan xunrezliklar ko‘lamini
urg‘ulab ifodalamoq uchun uni jang-u jadallar makoni – Mir-
rix (qonday qizil sayyora!) bag‘ridagi hodisalarga qiyoslaydi.
Uning nazdida, Turkistonda yuz berayotgan adolatsizliklar olovi,
hatto Mirrix yulduzini-da uzoqlarga qochmoqqa majbur etgan,
indamay lol qotishiga sabab bo‘lgan.
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O‘z qopchig‘in to‘ldirg‘ali buzg‘anlar...
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, marksizm-leninizm mafkurasi
asosida ish ko‘rgan sho‘rolar hukumati «butun dunyo tuzugi-
ni» – insoniyatning asrlar osha sinovdan o‘tgan yashash tar-
zini o‘zgarti rishga kirishgandi. Bu hukumat odamlarning xususiy
mulkka bo‘lgan haq-huquqini bekor qilish, har bir millatning
o‘z tarixiy an’analari asosida yashash huquqini mensimaslik
yo‘lidan bordi.
Kechagina tinch-osoyishta yashayotgan yagona xalq vakillari
birdaniga «boy» va «kambag‘al»ga ajratilib, ularni bir-biriga
qarshi gij-gijlashga zo‘r berildi. Natijada, ming yillar davomida
amal qilinib kelingan hayot qonuniyatlari buzildi, bir millat va-
killari birodarkushlik urushi oloviga tortildi.
168
Bularning bari, aslida, bir maqsad yo‘lida – «o‘z qopchig‘in
to‘ldirg‘ali» – turli xalqlar boyliklarini talash, ularni yangicha
shakldagi qullik iskanjasiga olish maqsadida amalga oshirilgandi.
Fitrat «Mirrix yulduziga» she’rida o‘zimizdan chiqqan sot-
qinlar – yurtfurushlarni ham dadil fosh qiladi. Kelgindi huku-
mat qutqusiga – va’dalariga uchib, o‘z millati va xalqini bos-
qinchilarga ipsiz bog‘lab berishdan toymagan, «qorin-qursoq
yo‘lida elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotqonlar» shoirning o‘tli naf-
ratiga duchor bo‘ladilar. Ular el-u yurtni o‘zgalarga sotish bilan
«borin-yo‘g‘in» – imonin, vijdonin, millatin sotdilar.
1920-yilda – sho‘rolar hukumati barcha jabhalarda rahbar-
likni qo‘lga olayotgan, har qanday qarshilikni shafqatsizlarcha
bostirayot gan bir pallada «Mirrix yulduziga»dek o‘tli she’rlarni
yozish ijodkordan juda katta qahramonlikni, jasurlikni talab etar
edi. Bunday misralar bilan omma oldiga chiqish – o‘z boshini
kundaga tutib berish bilan barobar edi.
Buni juda yaxshi his qilgan Fitrat xavf-xatardan qo‘rqib
o‘tirmadi. Uning yurtiga bo‘lgan farzandlik muhabbati, tilda
emas, qalbda yashagan Vatanga
doyilik hissi har qanday xavf-
dan ustun keldi. Fitratning o‘tgan asrning boshlarida yozgan
o‘tli bu misralari hanuz unutilmay yashayotganining chin sababi
ham ayni shundadir!
Do'stlaringiz bilan baham: |