O‘N YETTINCHI QOIDA
Yaxshi yashash uchun ...
Baxtimiz o‘zimizda zohir ekanligini hamisha yodda tuting. Farovonlik, shod-xurramlik va ruhiy xotirjamlikni atrofdan qidirib ovora bo‘lmang. Oladigan emas, beradigan odamgina baxtli bo‘lishini unutmang. Atrofingizdagilarga yordam qo‘lini cho‘zing. O‘rtoqlashing. Quvoning. Quchoqlashing. Baxt — bu shunday malhamki, uni o‘zingizning ustingizga bir necha tomchi oqizmasdan boshqalarga bera olmaysiz.
Nataniel Gotorn baxt deb atalmish omonat tuyg‘udan ham ko‘ra, kapalakni tutish osonroq, deb bizni ogohlantiradi. «Baxt, — deb yozadi u, — bu dunyoga tasodifan keladi. Agar uni qidiradigan bo‘lsangiz, sizdan tinimsiz qochib boradigan soya ketidan quvasiz». Biroq, Arastuning fikricha, «baxt — bu hayotning ma’nosi va mo‘ljali, inson turmushining maqsadi va sarhisobidir».
Katta shaharlarda har oqshom bir necha soatlik baxt ilinjida ko‘ngilochar tadbirlarga to‘planuvchi odamlarni eslang. Biz har xil ko‘ngilxushliklar orqasidan quvib, necha million dollar pulni havoga sovuramiz? Xo‘sh, natijada biz o‘zimizni baxtli deb atay olamizmi? Yaqinda men kichkina bir tajriba o‘tkazdim. U haqda ko‘p yillardan beri o‘z chiqishlarimda gapirib beraman. Quyoshli kunlarning birida men Nyu-Yorkdagi Beshinchi avenyu va Ellik to‘rtinchi ko‘chaning muyulishida to‘xtab, oldimdan janub tomonga qarab o‘tgan ikki yuztacha odamning yuz ifodasini kuzatdim. Kutganimdek, labida tabassum aks etgan yoki hech bo‘lmasa, hayotdan xursand ko‘ringan o‘ntacha odamni ham sanamadim. Nima uchun? Modomiki, baxt — bu insonning tan sog‘lig‘iga o‘xshash normal holati ekan, unda nega biz uni juda kam his qilamiz?
Ehtimol, biz uning chinakam ma’nosini yaxshi tushunmaganimiz uchundir. Zotan, ko‘pchiligimiz ulkan boylik: yoki hokimiyatga ega inson albatta baxtli bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Ammo men bir nechta g‘arib va o‘ta baxtsiz millionerlarni bilaman. Yaqinda, Panama kanali bo‘ylab «Royyal Printsess» kemasida qilgan safarim chog‘ida bu hashamatli laynerda baxtli chehralar naqadar kam ekanligini ko‘rib hayratga tushdim. Shinam sharoit, doimiy e’tibor va yaxshi xizmat ko‘pchilik yo‘lovchilar uchun hech narsani anglatmasdi. Biroq, hayron bo‘lishimga hojat yo‘q edi. Agar baxt zarralari insonning qalbida bo‘lmas ekan, hech qanday moddiy farovonlik, ko‘ngilxushliklar va platinali kredit kartochkalari uni jilmayishga majbur qila olmaydi.
Eski do‘stim Toro bu mavzuda juda ko‘p gapirgan. Mana, uning kuzatishlaridan biri: «Shaxsiy tajribamdan men shuni bilamanki, agar inson aql bilan sodda hayot kechiradigan bo‘lsa, o‘zining yerdagi turmushini og‘ir zahmat bilan emas, rohatbaxsh va shodiyona mehnat bilan bayramga aylantira oladi. Zeb-ziynat buyumlar va «turmush qulayliklari»ning ko‘pchiligi faqat keraksiz bo‘libgina qolmay, balki insoniyat taraiiga to‘sqinlik ham qiladi».
Lyus Kerrollning «Alisa mo‘‘jizalar mamlakatida» ertagidagi Oq Ritsar esingizdadir? Alisa Oq Ritsar bilan uchrashganida, u yelkasiga va otiga har turli «kerakli narsalar»: asalarilar uchragudek bo‘lsa, ularni tutib olish uchun uya, sichqon va kalamushlardan himoyalanish uchun qopqon va hatto yo‘lda biror saxiy odam puding bilan mehmon qilib qolsa, solib yeyish uchun lagancha ham ortmoqlab olgan, otining oyoqlariga akula tishlashidan saqlovchi halqalar taqib qo‘ygan bo‘ladi. Ortiqcha ashqol-dashqollar yukidan bukchaygan Oq Ritsar baxtni mol-mulk va pul to‘plashdan izlaydigan odamlarning ajoyib timsoli hisoblanadi.
Baxt... bu kapalakmi? Men bunday deb o‘ylamayman. «Baxtli turmush uchun juda kam narsa kerak, — deb yozgan edi Mark Avreliy. — Hammasi insonga, uning tafakkur tarziga bog‘liq». Toki siz o‘zingizga, o‘z qalbingizga ko‘z tashlab, bor boyligingizni boshqa odamlar bilan beg‘araz o‘rtoqlashmas ekansiz, umr bo‘yi baxt izlab uni topmasligingiz mumkin.
Jorj Eliotniig gapiga quloq soling-a: «Mayda ko‘ngilxushliklar haqida qayg‘urib, biz faqat baxtning g‘arib bir ko‘rinishiga erishishimiz mumkin. Chinakam baxt faqat o‘zimiz va atrofimizdagi olamga nisbatan iliq tuyg‘ular va tom ma’noda ulug‘ fikrlar bilan keladi. Baxtning bu alohida turi ko‘pincha shu qadar ko‘p musibatlar keltiradiki, biz uni azob-uqubatlardan faqat erkin tanlash yo‘li bilan farqlashimiz mumkin, zero uning baxt-saodat ekanligini botinan his qilamiz».
Puldor bo‘lish ham, pulga sotiladigan narsalarga ega bo‘lish ham yaxshi, albatta. Biroq, vaqti-vaqti bilan hech qanaqangi pulga sotilmaydigan narsalarni yo‘qotmaganingizga ishonch hosil qilib tursangiz, yomon bo‘lmaydi.
Atrofingizdagilarga yordam qo‘lini cho‘zing. Baxt — bu bor-yo‘g‘i sizning o‘z aqliy qardoshlaringizga nisbatan munosabatingizning qo‘shimcha mahsuli, xolos. Baxtga kelajakda emas, hozir va shu yerda erishish mumkin.
Men yuqorida siz bilan o‘rtoqlashgan qoidalarni o‘qib-o‘rganing va ularga amal qilib yashang. Ularni sizning ko‘magingizga muhtoj odamlarga ham o‘rgating. Faqat shundagina siz havoda pirillab uchayotgan kapalakni tutib olasiz, faqat shundagina olam nurafshon bo‘lib, sehrli musiqa sadolariga to‘ladi. Dunyoda baxtli turmushning bundan yaxshiroq usuli bo‘lmagan va yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |