O‘N OLTINCHI QOIDA
Yaxshi yashash uchun ...
Har qanday kiyinchiliklarda ham yaxshilik urug‘ini izlang. Agar bu qoidaga amal qilsangiz, shunday bebaho qalqonga ega bo‘lasizki, u sizni eng og‘ir vaqtlarda ham ishonchli himoya qiladi. Yulduzlar tog‘ cho‘qqisidai ko‘rinmagan payt ularni chuqur quduqning tubidan turib ko‘rish mumkin. Qiyinchiliklar davrida shunday narsalardan xabar topishingiz mumkinki, boshqa vaziyatlarda ular haqida hech qachon bilmasdingiz. Har qanday holatda ham yaxshilik urug‘i bo‘ladi. Bu urug‘ni toping va undan foydalaning.
Bu voqea Klement Stounning «Cheksiz muvaffaqiyat» jurnaliga bosh muharrir qilib tayinlashganidan bir yil keyin ro‘y berdi. Pol Xarvining milliy radiodagi reklamasi yordamida tirajimiz misli ko‘rilmagan miqdorga yetdi. Buni mening ish xonamda osig‘liq turgan jurnalning sotilish jadvali yaqqol ifodalar edi. O‘shanda men bir dahshatli xatoga yo‘l qo‘ydim. Bu xato faqat biz qo‘lga kiritgan barcha muvaffaqiyatlarni yo‘qqa chiqaribgina qolmay, kelajakda kompaniyamizga juda katta moddiy zarar ham keltirishi mumkin edi.
Nima ish qilib qo‘yganimni tushunganim zahoti Klement Stounga sim qoqib, qabuliga kirishga ruxsat so‘radim. Uchrashuvda xatoga qanday yo‘l qo‘yganimni batafsil, hech narsani yashirmay gapirib berdim. Janob Stoun gaplarimni diqqat bilan eshitdi, faqat bir necha marta ma’lum holatlarga oydinlik kiritish uchungina gapimni bo‘ldi. Aybdorlik hissi meni tobora kuchliroq qamrab borardi. Menga ishonch bildirgan odamning yuzini shuvut qilganimni o‘ylab ezilar, bo‘ynimga qilich tushadigan damni sabrsizlik bilan kutardim. Noshir sifatidagi faoliyatim tugaganiga shubha qilmasdim.
Janob Stoun uzun «Gavana» sigarasini tutatgancha bir necha muddat shiftga tikilib o‘tirdi. Nihoyat, u jilmayib men tomon yuz burdi va:
— Juda yaxshi bo‘pti, Og! — dedi.
Yaxshi bo‘pti? Ie, esi joyidami o‘zi? Men unga katta moddiy zarar yetkazib, sevimli jurnalini yopilish xavfiga qo‘ygan bo‘lsam-u, u menga juda yaxshi bo‘pti, deydi-ya! Men miq etmadim; aftidan, hayronlik hissi gapirishga imkon bermadi. Keyin janob Stoun men tomon engashdi va qo‘limdan ohista ushlab:
— Chindan ham juda yaxshi bo‘pti, Og. Sababini senga hozir tushuntirib beraman, — dedi.
Shundan so‘ng bu buyuk inson menga turmushning bebaho bir qoidasini o‘rgatdi. Bu qoidaga men so‘nggi yigirma besh yil davomida qat’iy amal qilib kelaman. Stoun menga ahvolni batafsil tushuntirib berdi. Garchi u vaziyat naqadar mushkul ekanligini juda yaxshi anglasa-da, agar biz yuzaga kelgan muammoni yaxshilab, xolisona ko‘rib chiqsak, unda yaxshilik urug‘ini albatta topishimiz, uni o‘z foydamizga ishlata olishimizga ishonchi komil edi. U, Tangri bir eshikni yopsa, ikkinchisi ochiq qoldirishini menga eslatdi. Keyingi bir necha soat davomida biz muammomizning har turli jihatlarini muhokama qildik. Nihoyat, fikr-mulohazalarimiz bilan bir dunyo qog‘ozni to‘ldirib, reja tuzdik. Bu reja oxir natijada faqat ko‘rilgan katta zararni qoplabgina qolmay, keyingi yillarda reklamadan yanada ko‘proq foyda olishimiz uchun ham imkon yaratdi. Bu bir necha soat men uchun umrimda olgan eng buyuk saboqlardan biri bo‘ldi.
Har qanday qiyinchiliklarda ham doimo yaxshilik urug‘ini izlang. Bu qoidaga amal qilish juda qiyin. Ammo har qanday muammoni «Juda yaxshi bo‘pti!», deya qabul qilib, keyin uni sinchiklab ko‘rib chiqsangiz va mavjud har bir imkoniyatdan o‘zingiz uchun foyda chiqarsangiz, har qanday mag‘lubiyatni ham g‘alabaga aylantira olasiz.
O‘n to‘qqizinchi asr oxirida «o‘zingga o‘zing yordam ber» deb nomlangan muvaffaqiyat mavzusidagi birinchi kitobni yozgan Semyuel Smayls: «Biz yutuqlarimizdan ko‘ra muvaffaqiyatizliklarimizdan ko‘proq saboq olamiz. Boshi berk ko‘chaga kirib qolgach, biz ko‘pincha undan chiqishning yangi yo‘llarini kashf qilamiz, qarshimizda yangi ufqlar paydo bo‘ladi. Umrida biror marta xato qilmagan odam o‘z xatosi tufayli yangi biror nimani anglash zavqini hech qachon tuymaydi», degan edi.
Ko‘ngilsiz vaziyatlardan foyda chiqarish qoidasi insoniyatning o‘zi kabi ko‘hnadir. Hayotlariga xavf solgan buyuk dushmanlarini o‘zlariga xizmat qilishga majburlab, ming yilliklar bo‘hronidan omon chiqqan Santa-Klaus do‘stlari — eskimoslarni eslang. Ular o‘z ixtiyorlaridagi yagona xom ashyo — qor bilan muzdan o‘zlariga issiq, shinam va mustahkam kulbalar qura oldilar. Men bilan birga golf o‘ynaydigan eski tanishim hayotning chinakam sinovi, xuddi golfdagi singari, ochiq maydonda tura bilishda emas, balki to‘p baland o‘tlar orasiga tushgan taqdirda ham yaxshi zarba bera olishda, deb aytadi. Kundalik turmushda ham, xuddi musobaqalardagi kabi, qiyinchiliklar bilan kurashishga qodir odamlar yutib chiqadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |