Ishning tartibi va topshiriqlar. Plazmoliz va deplazmolizni kuzatish uchun qizil piyoz po’stidan ustara yoki igna yordamida yupqa kesma olinadi. So’ngra bu kesma buyum oynasiga qo’yilib ustiga distillangan suv tomiziladi va usti qoplagich oyna bilan yopiladi. Bu preparat mikroskop ostida kichik (8xli) ob’yektiv bilan kuzatiladi. Preparatdagi hujayralar bir tekis bo’yalgan va tarang holda bo’ladi (turgor holatda). Bu holatni chizib olib, kuzatishni davom ettirib, qoplagich oynaning bir chekkasiga NaCl ning bir normalli eritmasidan pipetka yordamida bir tomchi tomiziladi. Preparatdagi suv esa qoplagich oynaning ikkinchi tomonidan filtr qog’ozga shimdirib olinadi. Bir necha daqiqadan so’ng protoplazma hujayra po’stidan ajralib (burchaklaridan) ichkariga tortila boshlaydi, ya’ni boshlang’ich plazmoliz boshlanadi. Kuzatuvni davom ettirib, protoplazmaning ko’plab ajrala boshlanganligini – botiq plazmolizni va nihoyat hujayra markaziga quyuqlashib, ya’ni qavariq plazmoliz ro’y berganligi kuzatiladi.
Oradan biroz vaqt o’tgach, shu qoplagich oynaning bir chekkasidan (dastlabki suvni shimdirilgan tomonidan) bir necha tomchi toza suv tomizilib, ikkinchi tomondan (dastlabki eritmasi tomizilgan) filtr qog’ozi yordamida, qoplagich oyna ostidagi eritma shimdirib olinadi. Natijada, kesma hujayralari qayta suvni shimib oladi va turgor holatiga qaytadi, ya’ni deplazmoliz jarayoni sodir bo’ladi.
1. Plazmoliz va deplazmoliz hodisalarini kuzatish uchun rang (antotsian) li piyoz po’stidan yupqa kesik, olinadi.
2. Uni buyum oynasiga qo’yib, ustiga suv tomiziladi va qoplagich oyna bilan yopiladi.
3. So’ngra preparat mikroskopning kichik ( 8 x) li ob’ektivida kuzatiladi.
4. Mikroskopda hujayralar bir tekis bo’yalgan va tarang holda ko’rinadi.
5. Qoplagich oynaning bir chekkasiga NaCl, KCl yoki saxarozaning 1 n eritmasidan bir tomchi tomiziladi. Qoplagich oynaning ikkinchi tomonidan filtr qog’ozga suv shimdirib olinadi.
6 . Shu vaqtda sitoplazma hujayra po’stidan ajralib o’rtaga to’plana boshlaydi, lekin u rangsiz bo’lganligi sababli kuzatilayotgan preparatda antotsian hujayra po’stidan ajrala boshlaganday bo’lib ko’rinadi.
7. Bu hodisa tarkibida antotsian bo’lgan hujayralardagi va kubning va sitoplazmaning ketma-ket qisqarishi natijasida yuz beradi.
8 . Sitoplazma birdaniga hujayraning markaziga yoki bir chekkasiga o’tib ketmay, avval hujayra po’stining burchaklaridan ko’cha boshlaydi, keyin tamoman ajraladi.
9. Sitoplazmaning ba’zi qismlari sitoplazmatik ipchalar yordamida hujayra po’stiga bog’langan bo’ladi.
10. Bu ipchalar Gext ipchalari deb ataladi.
11. Oradan bir oz vaqt o’tgach, qoplagich oynaning bir chekkasiga bir tomchi suv tomizib, ikkinchi tomonidan dastlab tomizilgan 1 n NaCl, KCl yoki saxaroza eritmasi filtr qog’ozga shimdirib olinadi.
12. Suvning qayta shimilishi natijasida hujayralar dastlabki holatiga qaytadi, ya’ni deplazmoliz hodisasi ro’y beradi. Plazmoliz botiq hamda qavariq bo’ladi.
13. Bu sitoplazmaning qovushqoqlik darajasiga bog’liq. Yosh hujayralarda sitoplazmaning qovushoqligi yuqori bo’lganligidan, ulardagi plazmoliz avval botiq bo’lib, so’ngra qavarik shaklga kiradi.
14. Qarib qolgan hujayralarda esa birdaniga qavariq plazmoliz hosil bo’ladi, bu hodisa hujayradagi plazmaning qovushqoqligi pastligini bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |