QODIRIYNI OʻQIB
Yillar oʻtib borsa-da, hamon
Qoʻmsab-qoʻmsab oʻqiymiz sizni.
Siz bamisli zangori osmon,
Biz qoʻmsaymiz osmonimizni.
Chaqir toshli tungi yoʻllardan
Otda yelib oʻtamiz birga,
Aylantirib Kumushning oddiy
Soʻzlarini bokira sheʼrga.
Yana ortga qaytamiz keyin,
Kelajakka boqamiz maftun.
Nimadandir ichikib, qiyin
Oʻylar ichra qolamiz beun.
Keyin yana uy derazasin
Ochgan kabi sof havolarga,
Boʻgʻriqqan, dim uy derazasin
Ochgan kabi shoʻx navolarga —
Tuyib dilda masʼum unlarni,
Titrab-titrab dil larzasidan,
Biz ochamiz “Oʻtgan kunlar”ni
Yuragimiz derazasiday.
Do'stlaringiz bilan baham: |