3.2-§. Tijorat banklarining investitsiya portfelini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari
Banklarda barqaror resurs bazasini kengaytirish, depozit va omonatlarning yangi turlarini muntazam ravishda joriy qilish, shuningdek, aholidan jamg’arma va muddatli depozitlarni qabul qilish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida banklarning investitsiiya portfeli hajmining oshishiga erishiladi. Bu esa, o’z navbatida banklar tomonidan yanada ko’proq investitsiya loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatini yuzaga keltiradi hamda ularning qimmatli qog’ozlar bozoridagi ishtirokini yanada kuchaytiradi.
Shu bilan birga, bank sohasidagi hozirgi holat tahlili bank sektorida davlatning yuqori darajadagi aralashuvi, davlat ishtirokidagi banklarda menejment va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatining etarli emasligi, iqtisodiyotda moliyaviy vositachilikning past darajasi kabi bank sektorini iqtisodiy yangilanishlar va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirishga to’sqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar mavjudligini ko’rsatmoqda.
Moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish, banklarning hududlarga kirib borishini kengaytirish va barcha aholi punktlarida bir xil turdagi xizmatlar ko’rsatilishini ta’minlash bo’yicha qo’shimcha choralar ko’rilishi lozim.
Bank tizimiga zamonaviy servis yechimlari asosida axborot texnologiyalarini, moliyaviy texnologiyalarni keng joriy etish, axborot xavfsizligini lozim darajada ta’minlash, shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko’rsatishda inson omili ta’sirini kamaytirish bo’yicha tezkor chora-tadbirlar ko’rish talab etilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”da48 belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, shuningdek, xususiy sektor rivojlanishini rag’batlantirish, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini, bank xizmatlari ommabopligi va sifatini oshirish uchun bank sektorini tubdan transformatsiya qilish maqsadida qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni49 asosida bank sektorini isloh qilishning asosiy yo’nalishlari belgilab berildi. Jumladan:
moliya bozorida teng raqobat sharoitlarini yaratish, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish, banklarning davlat resurslariga qaramligini pasaytirish, bank xizmati ko’rsatishni modernizatsiya qilish, banklarning samarali infratuzilmasini yaratish va faoliyatini avtomatlashtirish, shuningdek, banklar faoliyatiga xos bo’lmagan funksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish orqali bank tizimining samaradorligini oshirish;
kredit portfeli va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatini yaxshilash, kreditlash hajmlarining mo’’tadil o’sishiga amal qilish, muvozanatlashgan makroiqtisodiy siyosat yuritish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va xalqaro amaliy tajribaga ega bo’lgan menejerlarni jalb qilish, moliyaviy tavakkalchiliklarni baholash uchun texnologik yechimlarni tatbiq etish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash;
davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish, bank ishining zamonaviy standartlarini, axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish, banklardagi davlat aksiyalari paketini zarur tajriba va bilimga ega bo’lgan investorlarga tanlov asosida sotish, shuningdek, davlat ulushi mavjud tijorat banklari va korxonalarni bir vaqtning o’zida isloh qilish orqali bank sektorida davlatning ulushini kamaytirish;
etarli darajada xizmat ko’rsatilmayotgan va zaif qatlamlarda davlat ishtirokini kuchaytirish va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni keng joriy qilish, kamxarj xizmat ko’rsatish nuqtalari tarmog’ini rivojlantirish, shuningdek, respublika yagona moliya tizimining o’zaro to’ldiruvchi qismi sifatida nobank kredit tashkilotlarining shakllanishi va rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali moliyaviy xizmatlar ommabopligini va sifatini oshirish.
Mazkur chora-tadbirlar tijorat banklarining investitsiya porfteli samaradorligini oshirish va boshqarishni takomillashtirishga ham birday daxldordir. Buning o’ziga xos sabablari mavjud bo’lib, ular quyidagilardan iborat: bank tizimining samaradorligini oshirishga, bank tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlashga, bank sektorida davlatning ulushini kamaytirishga va banklarning moliyaviy xizmatlar ommabopligini va sifatini oshirishga banklarning investitsiya portfelini samarali boshqarmasdan turib, bunday maqsadlarga erishishning imkoni yo’q.
Tijorat banklarining investitsiya portfeli, o’z navbatida, investitsion xarajatlarni moliyalashtirishni ham to’la ma’noda qamrab oladi. Shu ma’noda tijorat banklarining kreditlari xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning joriy va investitsion xarajatlarini moliyalashtirish manbalaridan biri bo’lib, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim o’rin tutadi. E’tirof etish joizki, tijorat banklarining kreditlari mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim o’rin tutmoqda.
O’z navbatida, tijorat banklarining kreditlash imkoniyatini yanada oshirish, taqdim etilayotgan moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish ular investitsiya portfelining sifatiga bog’liq. Bu esa, banklar investitsiya portfelini boshqarish samaradorligini oshirishni taqozo etadi.
Bank investitsiya portfelini shakllantirish maqsadi sifatida, birinchidan, daromadlilikni ta’minlash, ikkinchidan, risk darajasini nazorat qilish, uchinchidan, Markaziy bank me’yoriy hujjatlari talablariga mos kelishdir. Bank investitsiya portfelining shakllanishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri sifatida bank xizmat ko’rsatish bozori xususiyatiga bog’liq deb aytish mumkin. Bunda bank o’z mijozlarining qarz mablag’lariga bo’lgan ehtiyojiga e’tibor qaratish lozim. Bundan tashqari kredit portfelining hajmi va tarkibi bankning resurs bazasiga bevosita bog’liq bo’ladi. Ya’ni yirik tijorat banklari yirik kredit, kichik banklar esa kichik kredit berish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Tijorat banklarining investitsiya portfeli tarkibida asosiy o’rinni kredit portfeli egallaydi. Bank kredit portfelini boshqarish nuqtai nazaridan yana bir qancha turlarga bo’lish mumkin. Jumladan, tashqi va ichki omillar ta’siriga bog’lagan holda. Bank kredit portfelini tashqi omillar ta’sir qilishiga qarab quyidagi turlarga ajratish lozim50:
1. Boshqarilmaydigan kredit portfeli. Ushbu kredit portfeliga tijorat banklari tomonidan davlat dasturlari va me’yoriy hujjatlarni bajarish maqsadida berilgan kreditlarni kiritish mumkin. Kreditlar bo’yicha bank daromadlilikni samarali boshqarish imkoniyati pasayadi.
2. Tartibga solinadigan kredit portfeli – tarkibiga ma’lum bir imtiyozlar asosida jismoniy va yuridik shaxslarga, jumladan, o’z xodimlariga va boshqaruvga berilgan kreditlarni oladi.
3. Erkin boshqariladigan kredit portfeli – umumiy tartibda berilgan barcha kreditlar qamrab olinadi.
Ichki omillarni hisobga olgan holda investitsiya portfelini boshqarishga qarab bosh bank investitsiya portfeli va bank filiali investitsiya portfeliga ajratish mumkin.
Bosh bank investitsiya portfeli – bankning qonunchilik va pul-kredit siyosati orqali tartibga solish usullariga rioya etgan holda erkin boshqariladi. Bank filiali investitsiya portfeli – bosh bank tomonidan belgilab bergan tartib-qoidalarga muvofiq boshqariladi, jumladan, bosh bank filial uchun kreditlash limitini, investitsiya portfeli daromadliligini o’rnatadi, shuningdek filialga investitsiya-kredit operatsiyalarni amalga oshirishning boshqa shartlarini belgilab beradi.
Bank investitsiya portfelini mijozlarning tarkibi bo’yicha ya’ni jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar, yuridik shaxslarga berilgan kreditlar, banklarga berilgan kreditlarga ajratgan holda ham tasniflash mumkin. Bank tomonidan berilgan kreditlarning kreditlarning qaysi valyutada berilganligiga qarab so’mdagi kredit portfeli va valyutadagi kredit portfeliga ajratish mumkin. Bu valyuta riskini hisobga olish imkonini beradi.
Bank investitsiya portfelini bunday turlarga ajratish bank boshqaruvi uchun bank aktivlarining risklilik, daromadlilik va likvidilik darajasi bo’yicha boshqarish imkonini beradi.
Yuqorida keltirilgan bank investitsiya portfelining tasniflanishi oxirgisi emas, lekin, bularning barchasi kredit portfelini boshqarishni, optimal kredit siyosatini ishlab chiqishni va kredit menejmenti samaradorligini oshirishni belgilab beradi.
Fikrimizcha, investitsiya portfeli o’zi alohida ob’ekt sifatida qaralganligi uchun boshqarish ob’ekti bo’lib hisoblanadi. Bank kredit portfelini boshqarish bank aktivlarini boshqarish bilan bevosita bog’liq bo’lgan jarayondir.
Investitsiya portfelini boshqarish bankning kreditlash jarayonini amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan bank faoliyatini anglatib, kredit riskini oldini olishga yoki kamaytirishga yo’naltiradi.
Shu o’rinda qayt etib o’tish kerakki bankning investitsion-kreditlash operatsiyalari bank faoliyatining asosiy yo’nalishi hisoblanadi va foizli daromadning eng yuqori salmog’ini tashkil qiladi.
Shu nuqtai nazardan tijorat banklarining investitsiya portfelini boshqarishning yakuniy maqsadlarini quyidagi 9-rasm orqali ifodalaymiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |