3. Banklarda valyuta operatsiyalari bo‘yicha bitimlar va ularning hisobini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari
Валюта операциялари
бу валюта бойликларига нисбатан эгалик ҳуқуқининг ўтиши билан боғлиқ операциялар, шу жумладан, ташқи иқтисодий фаолиятни амалга оширишда чет эл валютасидан тўлов воситаси сифатида фойдаланиш, валюта бойликларини хориждан олиб кириш ва жўнатиш ҳамда хорижга олиб чиқиш ва жўнатиш, шунингдек, халқаро кўламда пул ўтказиш ишларини амалга ошириш билан боғлиқ операциялардир.
Valyuta operasiyalarining quyidagi turlari mavjud: «spot» bitimi – bu hisob-kitoblar shartnoma tuzilgandan keyin ikki ish kuni davomida, bitim tuzilgan sanada belgilangan kurs bo‘yicha oshiriladigan bitimdir; «forfard» bitimi – bu shartnoma bo‘yicha hisob-kitob ikki kundan keyin ma’lum muddat ichida, u tuzilgan sanada belgilangan kurs bo‘yicha amalga oshiriladigan bitimdir; «svop» bitimi – bu ikki tomonlama davriy to‘lovlar majburiyatini amalga oshirishga asoslangan kelishuv bo‘lib, «spot» va «forfard» bitimlari kombinasiyasini tashkil qiladi; «opsion» bitimi – bu ma’lum miqdordagi chet el valyutalarini muayyan vaqt davomida yoki ma’lum bir sanagacha belgilangan narx bo‘yicha sotib olish («opsion-koll») yoki sotish («opsion-put») huquqini beruvchi bitimdir. «Opsion» bitimi bo‘yicha berilgan huquq ishlatilishi yoki ishlatilmasligidan qat’iy nazar, sotib oluvchi «opsion»ni sotuvchiga mukofot to‘laydi.
CHet el valyutasida qayd etilgan aktiv va passiv hisobvaraqlar qoldiqlarini qayta baholash valyuta kursi o‘zgarishidan ko‘rilgan foyda yoki zararlarni aniqlash va moliyaviy hisobotni tuzish maqsadlarida har bir oyning oxirgi ish kunida, shuningdek, jamlama balans hisobotini olish maqsadida oyning istalgan kunida o‘tkaziladi. Har ikki holda ham bir xil qayta baholash qoidalari qo‘llaniladi.
Buning uchun chet el valyutalari bo‘yicha barcha Bosh kitoblardagi hamma hisobvaraqlarning qoldiqlari Markaziy bank tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha quyidagi tartibda so‘mga aylantiriladi:
a) bankning chet el valyutasidagi aktiv va passivlari (quyidagi b bandda ko‘rsatilgan aktivlar va passivlardan tashqari) balans tuzish sanasida shu sanadagi Spot kursi asosida qayta baholanadi;
b) Ustav kapitali oldingi (dastlabki) qiymati bo‘yicha, ya’ni Ustav kapitaliga mablag‘lar kiritilayotgan kundagi Spot kursi bo‘yicha qayta baholanadi. Agarda Ustav kapitali bir necha marta to‘ldirilgan bo‘lsa, unda qayta baholash maqsadida har bir hol uchun to‘ldirilgan kundagi summa va Spot kursiga alohida yangi shaxsiy hisobvaraq ochiladi.
Qayta baholash har kuni buxgalteriya yozuvlarisiz dasturiy tarzda faqatgina jamlama balans hisobotini tuzish uchun o‘tkaziladi. Qayta baholangan aktiv va passivlarning ikkita yakuniy summalari o‘rtasidagi farq valyuta bo‘yicha kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining yangi qoldig‘ini o‘zida aks ettiradi.
Har oyning oxirida moliyaviy hisobotda qayd etish uchun qayta baholash natijasida ko‘rilgan foyda va zararlar aniqlanadi.
Qayta baholash natijasida ko‘rilgan foyda va zararlarni aniqlash tartibi quyidagicha:
a) alohida valyutalarning Bosh kitoblari ma’lumotlaridan kelib chiqqan holda balans tuzish sanasidagi har bir valyuta bo‘yicha aktiv va passivlarning barcha qoldiqlari jamlanadi. Aktiv va passivlar yakuniy summalari o‘rtasidagi farq ushbu Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘i qoldig‘iga tenglashtirilishi lozim;
b) chet el valyutasida qayd etilgan aktiv va passivlar tegishli ravishda yuqorida begilangan kurslar asosida so‘mga aylantiriladi;
v) qayta baholangan aktiv va passivlarning ikkita yakuniy summalari orasidagi farq valyuta bo‘yicha kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining yangi qoldig‘ini o‘zida aks ettiradi.
Bunda so‘m bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘i chet el valyutasi bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining yangi qoldig‘iga mos kelgunga qadar doimiy ravishda tartibga solinib turiladi. Debet yoki kredit buxgalteriya yozuviga muvofiq bunday tartibga solinish natijasida qayta baholashdan olingan foyda yoki zarar aniqlanadi. Ustav kapitalining valyuta qismiga teng valyutadagi aktivlarni qayta baholash natijasida bo‘lgan farq so‘m bo‘yicha kitobda 30906 -"Devalvasiya uchun zahira" balans hisobvarag‘ida aks ettiriladi va qayta soliqqa tortiladigan bazaga kiritiladi.
Qayta baholashdan so‘ng quyidagi hollarda foyda olinadi: agar chet el valyutasi bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining yangi kredit qoldig‘i so‘m bo‘yicha valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining korrespondent debet qoldig‘idan ortiq bo‘lsa; agar chet el valyutasi bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining yangi debet qoldig‘i so‘m bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining korrespondensiyalanuvchi kredit qoldig‘idan kam bo‘lsa.
Qayta baholashdan so‘ng quyidagi hollarda zarar ko‘riladi: agar chet el valyutasi bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining yangi kredit qoldig‘i so‘m bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining korrespondensiyalanuvchi debet qoldig‘idan kam bo‘lsa; agar chet el valyutasi bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining yangi debet qoldig‘i so‘m bo‘yicha Bosh kitobdagi valyuta pozitsiyasi hisobvarag‘ining korrespondensiyalanuvchi kredit qoldig‘idan ortiq bo‘lsa.
Do'stlaringiz bilan baham: |