2. Banklarda mijozlarga chet el valyutasidagi hisobvaraqlarni ochish va yuritish tartibi Bank hisobvarag‘i - bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish orqali bank mijoz (hisobvaraq egasi) hisobvarag‘iga kelib tushgan pul mablag‘larini qabul qilish va kiritib qo‘yish, mijozning hisobvarag‘idagi tegishli mablag‘larni o‘tkazish va berish hamda hisobvaraq bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi topshiriqlarni bajarish vazifasini o‘z zimmasiga olishi natijasida bank va mijoz o‘rtasida vujudga keladigan munosabatlarni amalga oshirish vositasi.
Mijozlar banklarda quyidagi turdagi bank hisobvaraqlarini ochishlari mumkin:
a) talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari;
b) jamg‘arma depozit hisobvaraqlari;
v) muddatli depozit hisobvaraqlari;
g) ssuda hisobvaraqlari;
d) boshqa depozit hisobvaraqlari37 .
Talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘i - mijozlarning birinchi talabi bilanoq beriladigan yoki o‘tkazib beriladigan mablag‘larning hisobi yuritiladigan hisobvaraq.
Jamg‘arma depozit hisobvarag‘i - bu mijozlarning davriy badallari asosida shakllanib, muayyan maqsadni amalga oshirish uchun jamg‘ariladigan va shu maqsad uchun yo‘naltiriladigan yoxud shartnoma bekor qilinishi natijasida qaytariladigan mablag‘lar hisobi yuritiladigan hisobvaraq.
Muddatli depozit hisobvarag‘i - shartnomada qat’iy kelishilgan muddatga qo‘yilgan mijozlarning mablag‘lari hisobi yuritiladigan hisobvaraq.
Ssuda hisobvarag‘i - belgilangan tartibda mijozlarga berilgan kreditlarning hisobi yuritiladigan hisobvaraq.
CHet el valyutasidagi talab qilib olinguncha, jamg‘arma, muddatli va boshqa depozit hisobvaraqlarini ochish tartibi. Mijozlar tomonidan chet el valyutalarida hisobvaraqlar ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari tomonidan hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza, imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan ikki dona varaqcha, mijoz nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar;
b) tadbirkorlik faoliyati sub’ekti bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar, jumladan byudjetdan mablag‘ oluvchilar tomonidan muvofiq hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza; imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan ikki dona varaqcha; tadbirkorlik faoliyati sub’ekti bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar tomonidan ta’sis hujjatlari hamda ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning notarial tasdiqlangan nusxalari, shuningdek, yuridik shaxs nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
v) norezidentlar tomonidan hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza; davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi; imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan ikki dona varaqcha; norezident yuridik shaxs nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar;
g) rezident va norezident jismoniy shaxslar tomonidan hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza. Bunda, jismoniy shaxslar tomonidan qo‘shimcha ravishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat shaxsan taqdim qilinadi va bank tomonidan ushbu hujjatlardan nusxa olinadi.
Mijozlarga bitta bankda ma’lum bir chet el valyutasida faqat bitta talab qilib olinguncha depozit hisobvaraq ochilishiga ruxsat etiladi. YUridik shaxslar - rezidentlarning xorijiy valyutadagi hisobvaraqlari:
Rezident - yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi hududidagi tijorat banklarida ochilgan valyuta hisobvaraqlarida saqlanadi va ular ushbu mablag‘lardan qonunchilikka muvofiq holda mustaqil ravishda foydalanadi. Rezident - yuridik shaxslarga kelib tushayotgan chet el valyutasi, shu jumladan, tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan olingan valyuta tushumi agarda qonunchilikda boshqacha belgilanmagan bo‘lsa ularning tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga majburiy ravishda hisoblab yoziltb boriladi.
Xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun ular davlat ro‘yxatidan o‘tgunga qadar ochilgan muvaqqat jamg‘arish valyuta hisobvaraqlariga chegaradan tashqaridan qonunda belgilab qo‘yilgan miqdorda xorijiy valyutada kelayotgan mablag‘ni o‘tkazadi. Mazkur hisobvaraqdagi mablag‘dan foydalanishga faqat ustav fondiga badal to‘lash uchun ruxsat etiladi yoki ro‘yxatga olish rad etilgan taqdirda uni o‘tkazgan shaxsga qaytarib yuboriladi.
YUridik shaxslar - norezidentlarning xorijiy valyutadagi hisobvaraqlari: Norezident - yuridik shaxslarning valyuta hisobvaraqlari O‘zbekiston Respublikasida joylashgan immunitet hamda diplomatik imtiyozlardan foydalanadigan chet el diplomatiya va boshqa rasmiy vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar hamda ularning filiallariga, shuningdek, xorijiy tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasida xo‘jalik yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan vakolatxonalariga ochilishi mumkin.
Xorijiy tashkilotlar (firmalar) belgilangan tartibda ro‘yxatga olingunga qadar xorijdan kelgan va vaqtinchalik xorijiy valyutadagi hisobvaraqlarga o‘tkazilgan mablag‘ norezident yuridik shaxslarning hisobvaraqlariga o‘tkaziladi yoki ular ro‘yxatga olinmay qolgan taqdirda shu mablag‘ni o‘tkazgan shaxslarga qaytarib yuboriladi.
Jismoniy shaxslarning xorijiy valyutadagi hisobvaraqlari: Rezident - jismoniy shaxslar (shu jumladan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar) va norezidentlar O‘zbekiston Respublikasi hududidagi tijorat banklarida chet el valyutasidagi hisobvaraqlarni ochishlari va ushbu valyuta hisobvaraqlaridagi chet el valyutasidagi mablag‘lardan qonunchilikka muvofiq holda mustaqil ravishda foydalaniladi. Hisobvaraqlarning egalari mazkur hisobvaraqlar bo‘yicha ko‘zda tutilgan operatsiyalarni shaxsan, shuningdek, o‘zlari vakolat bergan shaxslar orqali amalga oshiradi.
Jismoniy shaxslar rezidentlarning (shuningdek, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarning) hisobvaraqlariga:
a) tijorat banklariga:
- hisobvaraq egasi nomiga xorijdan kelgan jo‘natmalar bo‘yicha;
- hisobvaraq egasi nomiga xorijdan xorijiy valyutada jo‘natilgan to‘lov hujjatlari bo‘yicha;
- xorijdan keltirilgan xorijiy valyutadagi to‘lov hujjatlari plastik to‘lov va kredit kartochkalari bo‘yicha;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilgan topshirish yozuvlari bo‘lmagan, xorijiy valyutada bankka taqdim etilgan va nomi yozilgan to‘lov hujjatlari bo‘yicha;
b) hisobvaraq egasining O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochilgan boshqa hisobvaraqlaridan o‘tkazilgan xorijiy valyuta;
v) naqd xorijiy valyuta, shu jumladan, hisobvaraq egasi xorijdan olib kelgan yoki hisobvaraq egasiga xorijdan pochta jo‘natmasi bilan yuborilgan naqd xorijiy valyuta, shuningdek tijorat banklari va ularning filiallari orqali sotib olingan xorijiy valyuta;
g) xorijiy valyutadagi foizlar;
d) amaldagi qonunchilik va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining me’yoriy hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollarda o‘tkazilgan yoki naqd pulda olingan nosavdo tusidagi boshqa o‘tkazmalar.
Tijorat banklari chet el valyutasidagi hisobvaraqlardagi mablag‘larning harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilangan shakl va muddatlarda taqdim etadilar.