Nazorat savollari va topshiriqlar:
Banklarda qimmatli qog‘ozlar bilan operasiyalar qanday amalga oshiradi?
Qimmatli qog‘ozlarni hisobga olish uchun qanday hisobvaraqlardan foydalaniladi?
Tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlar emissiyasini tashkil etish qanday amalga oshirilad?
Banklar qimmatli qog‘ozlar bozorida qanday operasiyalarni amalga oshiradilar?
Qimmatli qog‘ozlardan olinadigan daromadlar buxgalteriya hisobida qanday aks ettiriladi?
Oldi-sotdi qimmatli qog‘ozlar deganda nimani tushunasiz?
Investitsiyaga yo‘naltirilgan qimmatli qog‘ozlar qanday hisobga olinadi?
Investitsiyaga yo‘naltirishdan asosiy maqsad nima va ularning manbalarini ayting?
13-Mavzu. Valyuta operatsiyalari hisobi
1. O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini tartibga solish va valyuta operatsiyalarining turlari
Bozor munosabatlari sharoitida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro amaliy aloqalari o‘sishi banklararo valyuta savdosi hajmlari ortishiga olib kelmoqda. Mazkur bozorda mijozlarga malakali xizmat ko‘rsatish asosiy o‘rin tutadi. Bu ishni yuqori darajada bajarish uchun banklar doimo bozorda xizmatga hozir bo‘lishlari kerak. Ular valyuta kurslarining o‘zgarishini kuzatib borishlari, dolzarb iqtisodiy va siyosiy voqealardan xabardor bo‘lib turishlari zarur.
Banklarning tashqi iqtisodiy faoliyati tovar va xizmatlarni eksport-importida milliy va chet el valyutalarida amalga oshiriladigan bank operatsiyalari, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasiga sotish, nosavdo operatsiyalar, norezidentlarning mamlakat ichidagi harakati va boshqa chet el valyutasidagi operatsiyalar bilan bog‘liqdir.
Valyuta operatsiyalari - bu valyuta boyliklariga nisbatan bo‘lgan egalik huquqining o‘tishi bilan bog‘liq operatsiyalar, shu jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda chet el valyutasidan to‘lov vositasi sifatida foydalanish, valyuta boyliklarini xorijdan olib kirish va jo‘natish hamda xorijga olib chiqish va jo‘natish, shuningdek, halqaro ko‘lamda pul o‘tkazish ishlarini amalga oshirish bilan bog‘liq operatsiyalardir. Ushbu operatsiyalar amaldagi qonuniy va me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solib turiladi.
O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari valyuta munosabatlarining sub’ektlari bo‘lib hisoblanadilar. Valyuta boyliklari bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar valyutani tartibga solish ob’ekti bo‘lib hisoblanadi. CHet el valyutasi, chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar, chet el valyutasidagi to‘lov hujjatlari va sof quyma oltin valyuta boyliklari hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi Farmoni qabul qilinishiga mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjudligi asosiy sabab bo‘ldi.
Jumladan, valyutani tartibga solishga haddan ziyod ma’muriy aralashuv, tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari uchun alohida imtiyoz va preferensiyalar mavjudligi oqibatida tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida biznesni yuritishga doir teng bo‘lmagan shart-sharoitlar paydo bo‘ldi hamda parallel chet el valyutasi bozori va ayirboshlash kursi vujudga keldi.
Valyuta kursi siyosatining tashqi savdoni rag‘batlantirishdagi rolining susayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovar va xizmatlari narxlarining tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini pasaytirdi. Mamlakatimizda faqatgina bozor mexanizmlari asosida faoliyat ko‘rsatadigan valyuta bozorini shakllantirish barcha banklarning mijozlar ehtiyojlarini qondirish maqsadida chet el valyutasini sotib olish va sotish uchun valyuta birjasi savdolarida erkin ishtirok etishini, shuningdek, mijozlarning chet el valyutasini sotib olish bo‘yicha amaldagi tartib va texnik reglamentlariga rioya etgan holda o‘z valyuta mablag‘larini hech qanday cheklovsiz tasarruf etishini taqozo etadi.
Valyuta sohasini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, Respublika eksport salohiyatini oshirishni rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirish, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida, valyuta bozorini yanada liberallashtirish sohasida davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilab qo‘yilgan:
- yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasini erkin sotib olish va sotish hamda o‘z mablag‘larini o‘zining xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish huquqlarini ro‘yobga chiqarishni to‘liq ta’minlash;
- milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlarini qo‘llash;
- valyuta resurslaridan foydalanishda bozor instrumentlarining rolini oshirish, valyuta bozorida barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, valyuta siyosatining noan’anaviy tarmoqlarda eksportni rivojlantirishda, mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda rag‘batlantiruvchi rolini oshirish;
- sifatli ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni bevosita rag‘batlantirish uchun iqtisodiyotning barcha sektorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, bilim va texnologiyalar jalb etishga xizmat qiladigan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash;
-milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qat’iy monetar siyosatni amalga oshirish, bu borada monetar instrumentlardan faol va moslashtirilgan holda foydalanish, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish, shuningdek, ochiq bozorda operatsiyalar hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini banklar likvidligiga garovga berish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishni amaliyotga joriy qilish;
- monetar va fiskal siyosatni muvofiqlashtirish hamda Davlat byudjetining mutanosibligini ta’minlash orqali pul massasi haddan ziyod o‘sishining oldini olish;
- bank tizimining barqarorligini ta’minlash va uning tavakkalchiliklarga bardoshliligini, shu jumladan, valyuta siyosatini liberallashtirishning vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan samarali choralarni qo‘llash hisobiga oshirish;
- valyuta siyosatining yangi sharoitlarida tayanch tarmoqlar korxonalari samarali faoliyat yuritishi uchun ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari turmush darajasiga valyuta siyosatini liberallashtirishning salbiy oqibatlarini kamaytirish imkonini beradigan har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish34.
Amaldagi qonunga muvofiq, valyuta operatsiyalari - joriy xalqaro operatsiyalarga va kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalariga bo‘linadi35.
Joriy xalqaro operatsiyalarga quyidagilar:
-mollarni eksport va import qilish, valyuta boyliklarining oldi-sotdisi bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish, intelleKreditual mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq, hisob-kitoblari to‘lov muddatini kechiKreditirmaslik sharti bilan amalga oshiriladigan, zayom mablag‘lari berilishi yoki jalb etilishini nazarda tutmaydigan operatsiyalar;
-bank omonatlari, kreditlari, investitsiyalar va boshqa moliya operatsiyalaridan foizlar, dividendlar hamda o‘zga daromadlarni xorijga va xorijdan o‘tkazish;
-savdo bilan bog‘liq bo‘lmagan mablag‘larni, shu jumladan ish haqi, pensiya, aliment, meros pullarni o‘tkazish, shuningdek shunga o‘xshash boshqa operatsiyalar kiradi.
Joriy xalqaro operatsiyalar va chet el valyutasini ular bilan bog‘liq holda sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladigan operatsiyalar kiradi.
Prezidentining 02.09.2017 yildagi PF-5177-son Farmoniga asosan, 2017 yil 5- sentyabrdan:
-O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari joriy xalqaro operatsiyalar (tovar, ish va xizmatlar importi, foyda repatriatsiyasi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlarini to‘lash va boshqa savdo xarakteriga ega bo‘lmagan o‘tkazmalar) bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun tijorat banklarida chet el valyutasini cheklovsiz sotib olishlari;
-O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar chet el valyutasini tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalariga erkin sotishi va konversion bo‘limlarida sotib olingan mablag‘larni xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish bo‘yicha amaldagi tartibga asosan sotib olishi va chet elda hech qanday cheklovlarsiz ishlatishi;
-iste’mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, banklardagi hisobvaraqlar orqali sotib olishga ruxsat berilishi;
-mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha eksportchi korxonalarning chet el valyutasidagi tushumini majburiy sotish bo‘yicha talab bekor qilinishi;
-chet el valyutasida daromad oluvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari o‘z bank hisobvaraqlaridagi chet el valyutasini naqd ko‘rinishida olishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalariga— joriy xalqaro operatsiyalar hisoblanmaydigan barcha operatsiyalar, jumladan:
-investitsiya faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan rezidentlar tomonidan chet eldagi o‘z filiallarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish;
-kreditlar olish va berish, lizing operatsiyalarini amalga oshirish;
-ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish;
-xorijiy davlatlardan mablag‘larni hisobvaraqlar va omonatlarga jalb etish hamda xorijiy davlatlarda mablag‘larni hisobvaraqlar va omonatlarga joylashtirish;
-xorijdan mablag‘ jalb qilish — O‘zbekiston Respublikasi yoki uning rezidenti tomonidan xorijiy davlatlar yoki norezidentlar akkreditivlarining (kreditlar, zayomlar va boshqalarning) mazkur xorijiy davlatga yoki norezidentga yoxud ularning talabiga ko‘ra uchinchi shaxsga shartlashilgan davrda adekvat akkreditivlarni, jumladan, akkreditivlardan foydalanganlik uchun to‘lovlarni taqdim etish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan holda jalb etilishi kabi operatsiyalar kiradi. Ushbu operatsiyalarni amalga oshirish Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi36.
Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi PF-5177-son Farmoniga asosan, mahsulot ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning eksport faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida, ularga chet el valyutasidagi daromadlarini o‘z xohishiga ko‘ra, erkin tasarruf etish, bunda bank hisobvaraqlaridan naqd chet el valyutasini echib olishgacha bo‘lgan huquq berigan. Tovarlar (ish, xizmatlar) eksportidan tushgan valyuta tushumini majburiy sotish tartibi mulkchilik shakli yoki eksport qilinayotgan mahsulot turidan qat’iy nazar, barcha eksportchi tashkilotlar uchun butunlay bekor qilindi.
Bozor tamoyillari asosida valyuta resurslari oqimining samaradorligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, shuningdek, tashqi savdoda valyuta siyosatining rag‘batlantiruvchi rolini oshirish maqsadida milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan ayirboshlash kursi faqatgina valyuta birjasining banklararo eleKreditron savdolarida valyutaga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Bunda ayirboshlash kursini bozor mexanizmlari asosida shakllantirish maqsadida banklararo savdolarda Markaziy bankning ishtiroki kamaytiriladi. Alohida hollarda Markaziy bank ayirboshlash kursining haddan ortiq tebranishini bartaraf etish uchun xorijiy valyutani sotish yoki sotib olish operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin.
Xorijiy valyutani erkin sotib olish va sotish imkoniyati va milliy valyuta ayirboshlash kursini bozor mexanizmlaridan foydalangan holda belgilash mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozordagi raqobatdoshligi va rentabelligini oshirish bilan bir qatorda mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan yangi texnologiyalar va bilimlarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ayirboshlash kursining liberallashtirilishi eksport imkoniyatlarini oshirishda kuchli rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib, bu noan’anaviy soha va tarmoqlarda eksport hajmining ortishiga ko‘maklashadi va ayirboshlash kursiga ta’sirchan tovar eksportchilarining moliyaviy holatini nafaqat eksport hajmining oshishi, balki olingan daromadlarni milliy valyutaga qayta hisoblaganda vujudga keladigan foyda hisobidan ham tubdan yaxshilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |