Qog‘onoq xaltasining yorilishi
Bachadonda bola suv ichida bo‘ladi. Ba’zan tug‘ruq boshlanganda qog‘onoq xaltasi (homilani o‘rab turadigan ichki parda) yoriladi, ammo bu odatda tug‘ruq boshlangandan so‘ng ancha vaqt o‘tgach sodir bo‘ladi. Bunda qindan suyuqlik oz-ozdan yoki birdaniga otilib oqib chiqishi mumkin. Shifokoringiz bilan suyuqlik chiqib ketgandan so‘ng qachon shifoxonaga kelish kerakligi haqida suhbatlashishingiz lozim, ammo quyidagi belgilar kuzatilganda, darhol shifokorga murojaat qilishingiz kerak:
suyuqlik tiniq emas, balki yashilroq yoki jigarrang bo‘lsa;
isitma chiqsa;
suyuqlik chiqib ketgandan so‘ng 12-24 soat davomida asl tug‘ruq boshlanmasa.
Suyuqlik chiqib ketgandan so‘ng qinga hech narsa tushmasligi kerak, shuning uchun quydagilardan saqlanishingiz kerak: Jinsiy aloqada bo‘lish, vanna qabul qilish va qinni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish (shifokor tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruv bundan mustasno).
Barcha ayollarda tug‘ruq turlicha o‘tadi. Sizdagi tug‘ruq jarayoni, o‘qib o‘rganganingizdan butunlay farq etishi mumkin. Tanangizga ishoning. Tayorgarlik uzoq davom etishi mumkin, ammo tanangiz va chaqaloq tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rish davomida juda muhim o‘zgarishlarni amalga oshiradi!
Og‘riq
Tug‘ruq haqida gap ketganda biz ko‘pincha og‘riq haqida o‘ylaymiz, ammo biz eng muhim masala – qanday qilib og‘riqni yengish va ortiqcha og‘riqni kamaytirish mumkinligi haqida o‘ylamaymiz.
Hozirgi paytda ko‘p ayollar tug‘ruqdan qo‘rqadilar. Bu oddiy haqiqat. Yana bir oddiy haqiqatni bilishingiz kerak – qo‘rquv og‘riqni kuchaytiradi. Qo‘rqqaningizda tanangiz taranglashadi, tana tarang bo‘lsa, og‘riq kuchayadi.
Ba’zi ayollar tug‘ruq umuman og‘riqli bo‘lmaydi deyishi mumkin, ba’zi ayollar esa tug‘ruq paytida ular eng azobli og‘riqlarni sezganliklarini aytishi mumkin. Ko‘pchilik ayollar esa tug‘ruq og‘rig‘iga chidasa bo‘ladigan va kutilgan holat deb o‘ylaydilar. Ko‘p ayollar uchun tug‘ruq hayotining eng kuchli kechinmasi, eng qiyin va mashaqatli jarayonidir. Bu jarayonga tayyorlanishning bir necha usullari bor.
Quyidagi og‘riq va to‘lg‘oqlarni yengillatishga yordam beradigan bir nechta oddiy va samarali usullar berilgan:
Harakatlanish: tug‘ruqning boshlanish davrida iloji boricha uyda ko‘proq bo‘ling, tug‘ruqxonaga borishingizda hali ham tug‘ruq boshlanish davrida bo‘lsangiz muassasa hududi bo‘ylab yuring yoki uyga qayting. Harakat qiling va tana holatini o‘zgartirib turing. Tananing tik holatda bo‘lishi, ya’ni yurish og‘riqlarni kamaytiradi. Shunindek, bu holat o‘zingizni xotirjam tutishga va to‘lg‘oqlarning samarali o‘tishiga yordam beradi. Shunindek, qo‘l va tizzalarni yerga tirab turish, bel og‘rig‘ini kamayishiga yordam beradi;
Ovqatlanish: to‘lg‘oq davrida suyuqliklar va yengil ovqatlarni iste’mol qilib turishingiz kerak. Agar ishtaha bo‘lmasa sharbat, asalli choy yoki suyuq ovkat ichishingiz mumkin. Bu sizning tanangizga quvvat bag‘ishlaydi, suvsizlanishning oldini oladi, tug‘ruqni yengil o‘tishiga, to‘lg‘oq og‘riqlarni yengishga yordam beradi va chaqaloqning asoratlarsiz tug‘ilishini ta’minlaydi. Tug‘ruq jarayoni uzoq masofa (marafon) yugurish uchun sarflanadigan kuch-quvvatni talab etadi;
Nafas olish: qanday nafas olish kerakligini bilasiz – ko‘proq ochiq havoda yuring va chuqur nafas olishga harakat qiling! Bu asablaringizni tinchlantiradi, tanani bo‘sh tutishga, diqqat-e’tiboringizni bir joyga to‘plashga va tug‘ruq jarayonining uddasidan chiqishingizga yordam beradi. Nafasingiz tananingizning har bir qismiga kislorod yetkazib berishini tasavvur qiling. Og‘iz ochib chuqur nafas oling va o‘zingizni bo‘sh tutishga harakat qiling;
Do'stlaringiz bilan baham: |