Homiladorlikda ovqatlanish
Homilador ayolda hech qanday bezovtalik sezilmasdan homila rivojlanayotgan boʻlsa, homilador ayol kuniga 4 mahal ovqatlanishi zarur. Bir kunlik ovqat ratsionida oqsilning yarmini hayvon oqsili (goʻsht, baliq – 25%, 20% – sut mahsulotlari, 5% – tuxum) tashkil qilish kerak.
Oʻsimlik oqsillariga boʻlgan ehtiyoj dukkaklilar (mosh, noʻxat, loviya), guruch, karam, kartoshka yordamida qoplanadi. Uglevod manbasi sifatida shakardan tashqari, non, yorma, mevalardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Homiladorlikning eson-omon oʻtishi va homilaning yaxshi rivojlanib borishi uchun asosiy shartlardan biri yaxshi ovqatlanishdir; ovqat toʻyimli, xilma-xil, oqsillar va vitaminlar shu jumladan, foliy kislotasi, C vitaminiga boy boʻlishi kerak. Masalan, homiladorlikdan oldin foliy kislotasini kuniga 400 mkg qabul qilish, tugʻma nuqsonlarning rivojlanish ehtimolini kamaytiradi.
Homiladorlik davri xavf omillari
Odatda homiladorlik normal kechganda keskin muammolar yuzaga kelmaydi. Baʼzida muammolar kuzatilishi ham mumkin, shuning uchun har bir ayol homiladorlik uchun xavfli holatlar haqida bilib qoʻygani yaxshi.
Shifokor homilador ayolni kuzatish davomida xavotirga soluvchi holatlarni aniqlash va vaqtida bartaraf etish uchun kerakli analiz, test va tekshiruvlarni muntazam ravishda oʻtkazib turadi. Homilador ayol ham oʻz holatidan xabardor boʻlib, xavfli alomatlarni shifokorga vaqtida aytib turishi foydadan holi boʻlmaydi.
Homilador ayollarni homiladorlikda homila tushishi (homiladorlikning ilk 20 haftasida bola tushishi ehtimoli yuqori), bachadondan tashqari homiladorlik, muddatidan oldin tugʻish (agar bola 37 haftadan oldin tugʻilsa, u muddatidan oldin tugʻilgan hisoblanadi), preeklampsiya , homila oldi suvlarning miqdori kamayishi, gestasion diabet, yoʻldoshning oldida boʻlishi kabi omillar ona va homilaning hayotiga xavf solishi mumkin.
Homiladorlik va jismoniy mashqlar
Homilador ayol yengil badan tarbiya mashqlarini qilib turishi lozim. Homiladorlik davrlariga qarab maxsus gimnastika mashqlari kompleksi tavsiya etiladi.Haftasiga 5-7 marta 30 daqiqa jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanish mumkin. Boshlanishiga kuniga 10 daqiqadan boshlab, 30 daqiqagacha oshirish tavsiya qilinadi. Homiladorlik davri davomida muntazam mashqlar bajarish homila rivojlanishi hamda tugʻruqning yengil kechishida muhim omil hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |