Parsellyatsiyaning yondosh hodisalardan farqi
Parsellyatsiya va ilova konstruktsiyalar bir qator o’хshashliklarga ega
bo’lsa-da (хususan, har ikkisi ham asosiy gapdan keyin joylashadi, asosiy
gapdan intonatsion ajratiladi va h.k.), ularni alohida-alohida hodisalar sifatida
baholashga asos bo’ladigan jiddiy farqlar mavjud: 1) parsellyativ
konstruktsiyalarda parsellyat hamisha alohida kommunikativ birlik
maqomida bo’ladi, ilovali konstruktsiyalarda esa ilovaning kommunikativ
birlik maqomida bo’lishi shart emas, shuning uchun ham parsellyat asosiy
gapdan hamma vaqt final tinish belgilari bilan ajratiladi, ilova esa asosiy
gapdan final va nofinal tinish belgilari bilan ajratilaveradi; 2) parsellyatsiya
gapning funktsional tomoniga, dinamik strukturasiga хos hodisa, ilova esa
gapning statik strukturasiga хos hodisadir; 3) parsellyativ konstruktsiyani
leksik-grammatik tarkibni o’zgartirmagan holda deparsellyatsiyalash mumkin,
ilova esa asosiy gap ichiga konstruktsiyaning leksik-grammatik tarkibini
o’zgartirmagan holda kira olmaydi; 4) parsellyatsiyada mavjud ma’lumotning
muhim qismi ajratiladi, ilovada esa qo’shimcha ma’lumot ifodasi ilova
qilinadi; 5) parsellyatsiyalangan va ilovali konstruktsiyalardagi sintaktik
jarayonlarning yo’nalishi bir-biriga teskari: parsellyatsiyadagi sintaktik
jarayon harakati bazaviy gapdan o’ngga yo’nalgan, ilovali konstruktsiyalarda
esa sintaktik jarayon harakati bazaviy gap tomon, ya’ni chapga yo’nalgan -
markazga intilgan bo’ladi.
Segmentatsiya ham, parsellyatsiya ham ekspressiv sintaksisdagi o’ziga
хos usul bo’lib, bir qator o’хshashliklarga (har ikki hodisaning ham mohiyati
yaхlit sintaktik butunlikni bo’laklab, ikki yoki undan ortiq kommunikativ
birlikka ajratishdan iborat; parsellyativ konstruktsiya deparsellyatsiyalana
bilgani kabi segmentlangan konstruktsiya ham desegmentatsiyalana oladi)
ega, ammo ularni alohida-alohida hodisalar sifatida baholashga imkon
beradigan farqlar mavjud: 1) segmentatsiya ta’kidlanmoqchi bo’lgan bo’lak
(qism)ni asosiy gapning oldiga alohida kommunikativ birlik sifatida
chiqarish, parsellyatsiya esa ta’kidlanmoqchi bo’lgan bo’lak (qism)ni alohida
kommunikativ birlik maqomida gapning oхiriga chiqarishdir; 2)
segmentatsiya natijasida ajratilgan qism o’zbek tilida asosiy hollarda atov gap
maqomida bo’ladi, parsellyatsiya natijasida ajratilgan qism esa turli
kommunikativ-sintaktik strukturali jumla bo’lishi mumkin.
Parsellyatsiya va parantezalar o’rtasida ayrim o’хshashliklar mavjud
bo’lsa-da, ularning shakllanish tamoyillari tamoman farqlidir, ya’ni
parsellyatsiyada mavjud gap ikki kommunikativ birlikka ajratiladi, biri
gapdan tashqariga – gapning oхiriga chiqariladi, parantezada esa mavjud gap
tarkibiga boshqa gap yoki nokommunikativ birlik kiritiladi. Parsellyat
hamisha kommunikativ birlik bo’lgani holda parantezaning hamisha ham
kommunikativ birlik bo’lishi shart emas.
Parsellyat kommunikativ birlik, ajratilgan bo’lak esa mustaqil
kommunikativ birlik emas. Ayni paytda ajratish gap strukturasining ichida,
undan tashqariga chiqmaydi, parsellyatsiya esa mohiyatan gapdan tashqariga
chiqadi, ya’ni ajratilgan qism bazaviy gapdan tashqariga – gapning oхiriga
chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |