Oloviddin Muhammad podsholik qilgan davrida (1200-1220) Samarqand va O'trorni qoraxoniylardan tortib oladi, uzoq G'aznagacha (Afg'oniston janubi) o'z chegarasini kengaytirib, G'arbiy Eron va Ozarbayjonni bo'ysundiradi. Dashti Qipchoqning ichkari hududlariga kirib boradi. Ma'lumotlarga ko'ra, 25 dan ortiq mamlakat unga qaram bo'lgan. Shu tufayli bo'lsa kerak, Oloviddin Muhammad erishilgan ulkan yutuqlardan ortiqcha kibrlanib, o'zini “Iskandari Soniy”, ya'ni ikkinchi Iskandar deb e'lon qiladi. Keyinchalik bu nom ham kamlik qilib, uzoq yillar hukmdorlik qilgan saljuqiy shoh Sulton Sanjar nomini ham oladi va o'zini “Sulton Sanjari soniy” deb atay boshlaydi. Tarixiy manbalarga qaraganda, shu paytlarga kelganda Xorazmshohlar davlatiga qarashli 400 dan ortiq shaharlar bo'lgan.
Mo'g'ullar istilosi arafasida Xorazmshohlar davlatida asli ikkihokimlik o'rnatilgan edi desak, mubolag'a bo'lmaydi. Mamlakat shohi Oloviddin Muhammad hisoblansada, ichki va tashqi siyosatni olib borishda ikkinchi hokim shohning onasi Turkon xotun hisoblangan. Oloviddin Tekesh vafotidan so'ng Turkon xotun endi davlat va boshqaruv ishlariga har tomonlama, to'liq aralasha boshlagandi. Oloviddin Muhammad esa dastlabki paytlardanoq uni inkor qilishga jur'at etolmasdi. Turkon xotun hattoki, ayrim masalalarni hal etishda birinchi bo'lgan, sultonning ba'zi buyruq va farmonlarini inkor etgan va o'z nomidan farmonlar chiqarib, istagan masalalarini ham hal qilish qudratiga ega bo'lgan. Shoh esa hech vaqt unga e'tiroz bildira olmagan, chunki, bir tomondan ona hurmati bo'lsa, ikkinchi tomondan esa Turkon xotunning tarafdorlari, uning urug'idan chiqqan turk amirlari ko'pchilikni tashkil qilardi. Zamondoshlarining ta'rificha bu ayol “Xudovandi jahon”, ya'ni “Jahon hokimasi” deb nom qozongan. U o'zining tug'rosiga (muhriga) ham ega bo'lgan.
Turkon xotun hatto, moliya masalalariga ham faol aralashib, buyruqlar bera olgan. Shuningdek, taxt merosxo'rini ham o'zi belgilagan. Turkon xotunning talabi va maslahati bilan hukmdor taxt vorisi qilib o'ta qobiliyatli, o'tyurak, mohir sarkarda, Oloviddin Muhammadning turkman xotini Oychechakdan tug'ilgan katta o'g'il Jaloliddinni emas, balki qipchoq xotinidan tug'ilgan, Jaloliddindan ancha past O'zlaqshoh tayinlandi. Bunday holatlar shubhasiz, davlatni ichdan bo'shashtirishga, ichki ziddiyatlarni ko'chayishiga, inqirozni tezlashishiga ham sabab bo'lgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |