MA’RUZA-2
BADIIY TARJIMA – TARJIMANING OLIY SHAKLI.
REJA:
1. Badiiy tarjima tushunchasi va badiiy tarjimaning boshqa turdagi tarjimalardan farqi.
2. Badiiy tarjimaning struktur, mazmuniy va emotsional baholash xususiyatlari.
3. “Badiiy tarjima” va “Badiiy asarlar tarjimasi” tushunchalarining farqi.
Kalit so’zlar: Badiiy tarjima, struktur baholash, mazmuniy baholash, emotsional baholash, badiiy asar, badiiy so’z, badiiylik.
1. Badiiy tarjima tushunchasi va badiiy tarjimaning boshqa turdagi tarjimalardan farqi.
Badiiy tarjima - inson ijodiy faoliyatining murakkab shakli bo‘lib, bir tilda yaratilgan badiiy asarni uning shakl va mazmun birligini, ko‘rkamligini ta’minlovchi barcha komponentlarini saqlagan holda ikkinchi til vositalari asosida qayta yaratishdan iborat murakkab ijodiy jarayon.
Badiiy tarjima milliy adabiyotlar taraqqiyotiga, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik manfaatlariga, madaniy va adabiy aloqalarning kengayishiga xizmat qiladi. Ta’kidlash joizki, mazkur jarayon samarasi bo‘lmish yuzaga kelgan asar ham «badiiy tarjima», «tarjima» istilohlari orqali ifoda etiladi. Bunda asliyatning o‘girmasi bo‘lmish ikkilamchi matn nazarda tutiladi.
Badiiy tarjimani ilmiy tavsiflash shundan iboratki, bunda so‘zni so‘z bilan emas, balki ma’noni ma’no bilan, ohangni ohang bilan, obrazni obraz bilan, yumorni yumor bilan berish muhim ahamiyatga egadir».
Badiiy tarjimaning boshqa turdagi tarjimalaridan farqi shundaki, so‘z, jumla yoki butun bir asarni to‘g‘ri o‘girish kifoya emas. Bunda tarjimon ham san’atkor bo‘lishi lozim.»
Badiiy tarjimaning boshqa turlariga qaraganda she’riy tarjima «ko‘proq» san’atdir. She’riy tarjima badiiy tarjimaning oliy navi desa bo‘ladi. Nasriy asarlar tarjimasiga yozuvchilardan tashqari professional tarjimonlar ham jur’at etadilar. Ammo she’riy tarjima – bu aksariyat shoirlar, shoir-tarjimonlar ishidir.
Badiiy nutq tarkibida qo‘llanilgan hissiy-tasirchan lisoniy vositalar tizimi asarning umumiy-estetik xususiyatini vujudga keltirgani xolda, muallifning badiiy-g‘oyaviy maqsadini ro‘yobga chiqaradi. Badiiy asar tarkibida og‘zaki (asosan dialogik) nutq namunalarini namoyish etadigan bunday lisopiy vositalar so‘zlovchining atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan ham ijobiy, ham salbiy munosabatlari ifoda etadi. Mazkur munosabatlar do‘stona, tahsinomuz tarzda namoyon bo‘lishi xam, hazilomuz, kinoyali, iltifotsiz shaklda ko‘zga tashlanishi ham, tahqiro-muz, haqoratomuz oxang kasb etishi xam mumkin.
Badiiy yodgorlikning umumiy hissiy-ta’sirchan ohangini tarjimada to‘la-to‘kis qayta yaratish mas’uliyati san’atkordan tarjima tilida asliyatda qo‘llanilgan turli-tuman hissiy-ta’-sirchan,lisoniy birliklar ma’no va uslubiy vazifalarini aks ettiradigan muqobil ifoda vositalari qidirib topishni, buning uchun, birinchi navbatda, qiyoslanayotgan tillar sinonimik boyliklarini semantik-uslubiy jihatdan ilmiy-hissiy tadqiq qilib, ular orasidagi muvofiqlik va o‘zgachalik xolatlarni muayyan etishni talab qiladi. Til zahiralarining imkoniyatlaridan unumli foydalanmasdan, sinonimik qatorni vujudga keltiruvchi lisoniy vositalarning umumiy, hukmron a’zolariga murojaat qilish tarjima tilining uslubiy rang-barangligini, obrazli xususiyatini, hissiy-ta’sirchan ohangini soddalashtirib, nursiz holga keltirib qo‘yadi.
Lisoniy vositalarning obrazliligi hamda hissiy-ta’sirchanligi odatda ularning uslubiy betaraf sinonimlari negizida namoyon bo‘ladi. Binobarin, tarjima tilida vazifador lisoniy vositalar tanlash o‘rniga til birliklarining uslubiy betaraf, umumiy ma’nolariga murojaat qilish matnni zaruriy uslubiy rang-baranglikdan maxrum etadi. Demak, tarjimon hech qachon lisoniy vositalarning moddiy-mantiqiy ma’nolari bilan kifoyalanmasligi, asliyat uslubiy vazifasini ro‘yobga chiqarish uchun uning keyingi mazmuniy qatlamlariga nazar tashlashi lozim.
Badiiy adabiyot tarjimoni (umuman yozma tarjimon) yuqorida zikr etilgan sifatlardan tamomila mahrum, uyatchan va uzoq o‘ylaydigan bo‘lishi, unga tikilib turgan omma oldiga chiqib biron-bir so‘z aytishdan hayiqishi, duduqlanishi yoki po‘ng‘illab gapirishi (ehtimol nogiron bo‘lishi) mumkin. Biroq, shu bilan birga u adabiyot san’atining mohir
ustasi, asliyatning uslubi va hijosini ko‘rsata olish qobiliyatiga ega yirik mutaxassisdir. Negaki, u nafaqat chet tilini yaxshi bilishi, balki ona tilini mukammal tasarruf etgan bo‘lishi, tarjima qilinayotgan asar maromi va uslubini puxta idrok etishi lozim. Badiiy adabiyot tarjimoni aslida – mustaqil yozuvchidir. Og‘zaki tarjimon tarjima davomida, nutqda tez-tez uchraydigan holat kabi bitta so‘zni bir necha bor qo‘llaydigan
bo‘lsa, yozma tarjimon ancha-muncha ma’nodosh so‘zlarni xillab chiqishga majburdir. Axir, quyosh botishining tasviri bitilgan matnda «go‘zal» so‘zi ketma-ket yetti marotaba o‘qilsa sal g‘alatiroq bo‘lmaydimi?!
Do'stlaringiz bilan baham: |