USMON NOSIR
(1912-1944)
Olovdek lovillab dil yonur,
Baxtliman janglarga yarasam!
Usmon Nosir.
O’zbek she'riyati osmonida yarqiroq yulduzdek, ko'zni qamashtiruvchi chaqmoqdek paydo bo'lgan Usmon Nosir otashin she'rlar yaratgan shoirdir. Namangan shahrining oddiy oilalaridan birida dunyoga kelgan bolakayning vujudi kichkinagina kulbasiga sig'sa-da, uning ruhi keng jahonga sig’maydigan darajada yuksak edi. Olovday sho'x, yashinday shiddatli Usmon favqulodda kuchli xotiraga ega edi. Shu bois mahallasidagi boshlang'ich maktabda o'rtoqlaridan yaxshi o'qidi. Oila Qo'qon shahriga ko'chib kelgach, uni yotoqmaktab (internat)ga berishadi. Bu yerda bo'lajak shoir hamma qatori o'qishdan tashqari rus tilini puxta o'zlashtiradi. Usmon rus tilini chuqur o'rganib, Yevropa adabiyotining eng sara asarlari bilan deyarli to'liq tanishib chiqadi. Bu hol uning ijodiy qiyofasi shakllanishiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Bu davr o'zbek adabiyotida jahon adabiyoti namunalarini shu qadar puxta bilgan ijodkorni topish amri mahol edi. Tuyg'ulari alangalanib turuvchi, charos ko'zlari olamga hayrat bilan boquvchi Usmon Nosir ilk she'rlaridayoq ko'p asrlik o'zbek she'riyati uchun mutlaqo yangilik bo'lgan xususiyatlarga ega ijodkor ekanligini namoyon qila boshladi. U she'rga aylanayotgan tuyg'ularini jilovlamas, dilida ro'y berayotgan tug'yonlarni susaytirishga urinmas, ruhiy holatni butun murakkabliklari-yu, keskinliklari bilan tasvirlashga intilardi.
Tingla, erkam, o’rtog'imsan,
Ko’nglimni ochay.
Qonim she'r bo'lib oqsin-da,
Men qayta ichay.
Chinakam shoir bashoratchi bo'ladi. Fursat kutmay «selday keluvchi, shoirning himoyasiz qalbini - jalloddek tiluvchi» ilhomining zarbi o'zini qachondir xarob qilishini biladi. Biladiyu o'zini saqlashga urinmaydi. Chunki katta iste'dod katta muhabbatni, katta muhabbat esa katta fidoyilikni talab etadi:
Ilhomimning vaqti yo’q, selday keladi,
Jalloddek rahm etmay, dilni tiladi.
Ayondir bir kuni aylaydi xarob...
Usmon Nosir yashagan davrda odamlarning harakatlarigina emas, tuyg'ulari ham qolipga solingandi. Shoirlardan ham ana shu qolipga moslashish talab etilardi. Chinakam shaxs qolipga tushmaydi. Haqiqiy shoir esa har qanday qolipni parchalashga intiladi. Chunki shoirlik qoliplarni sindirishdir. Inson ruhining hurligini, inson tuyg'ulari erkini kuylagan Usmon Nosir, o'zi bilmagan holda, sotsialistik tuzum belgilagan qoliplarni shiddat bilan buza boshladi. Shuning uchun u mavjud tuzumning dushmaniga aylandi. Garchi shoir bu tuzumga ataylabdan qarshi kurashmagan bo'lsa-da, bu tuzumni ko'pchilikka farovonlik keltiradi deb hisoblagan esa-da, she'rlari bilan, bo'ysunmas tabiati bilan jamiyatning, tuzumning «dushmani»ga aylandi. 1937- yilning 14- iyulida Usmon Nosirni qamoqqa olib ketishdi. Shu tariqa o'zbek she'riyati osmonidagi yorqin bir yulduz so'ndirildi. Usmon Nosirni avval Toshkent, so'ngra Magadan, Kemerovo turmalarida inson tasavvuriga sig'mas usullar bilan qiynashdi. Shunda ham shoir o'zligiga sodiq qoldi. Gunohsiz kishilarni badnom qilmadi, yovuz tuzumning qonxo'r tergovchilari talab etganidek, beayb odamlarga tuhmat qilmadi. Adoqsiz qiynoqlar, odam zoti chidab bo'lmaydigan sharoit, tutqunlik azobi Usmon Nosirni o'ttiz ikki yoshida 1944-yilda hayotdan olib ketdi. Yurtini, yurtdoshlarini jonidan ortiq ko'rgan shoir begona yurtda, begona kishilar orasida, begona qabrda qoldi. Bashoratchi shoirning jismini millatimiz, mustaqilligimiz, ozodligimiz dushmanlari qora yerga tiqqan bo'lsalar-da, uning jarangdor she'riyatini, ozodlikka chorlovchi erkin ruhini yo'qota olmadilar. Toki yurtimizda haqiqatga tashna, go'zal so'zga intiq, erkka chanqoq kishilar bor ekan, Usmon Nosirning umri boqiydir. Biz Usmon Nosirning qamalguncha, ya'ni yigirma besh yoshigacha yozgan asarlarigagina egamiz. Shoir bu qisqa davr ichida shunchalar ko'p ish qilishga ulgurdiki, kishi hayratga tushadi. Bu yillar ichida u besh she'riy to'plam, ikki doston, bir drama yozdi. Pushkinning «Bog'chasaroy fontani», Lermontovning «Iblis» («Demon») nomli poemalarini o'zbek tiliga beqiyos go'zal tarzda tarjima qildi. Ayni vaqtda Samarqand Pedagogika akademiyasida ham o'qidi. Bir necha marta Rossiya va Kavkaz bo'ylab safarlarga chiqdi. Usmon Nosirning favqulodda kuchli iste'dodi, o'zidan kechish darajasiga yetgan mehnatkashligi, buyuk xotira kuchi yoshgina yigitga qisqa vaqt ichida shu qadar ko'p ishga ulgurish imkonini berdi. U o'zining barcha asarlarini yod bilishidan tashqari, tarjima qilgan asarlarini xotirasida saqlagan. «Bog'chasaroy fontani» poemasining tarjimasini tugatib muharririyatga olib borayotgan shoir nimadir bo'lib, qo'lyozmani yo'qotib qo'yadi. Muharririyatga kelgach, Pushkinning ulkan dostonini boshdan oyoq yoddan aytib turadi. Mashinkachi qiz esa shosha-pisha yozib oladi. Yo'qolgan tarjima shu tarzda tiklanadi. O'quvchi! Siz ana shunday shoirning she'riy dunyosiga kirib bormoqdasiz. Bu she'riy dunyo sizning ruhiy olamingizni yuksaltiradi, ma'naviyatingizni poklaydi, xayolingizni parvozlarga chorlaydi deb umid qilamiz.
YURAK
Yurak, sensan mening sozim,
Tilimni nayga jo'r etding.
Ko'zimga oyni berkitding,
Yurak, sensan ishqibozim.
Senga tor keldi bu ko'krak,
Sevinching toshdi qirg'oqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
Sen, ey, sen - o'ynoqi dilbar,
Zafardan izla yoringni.
To'lib qayna, toshib o'yna,
Tirikman, kuyla boringni.
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo'lsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli tamom o'lsam.
YANA SHE'RIMGA
(Sonet)
She'rim! Yana o'zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
Yuragimning dardi - naqshisan,
Qilolmayman seni hech kanda!
O't bo'lurmi ishqi yo'q tanda?
Dardimsanki, she'rim, yaxshisan.
Sen orada ko'prik bo'lding-da,
Geyne bilan o'rtoq tutindim.
Lermontovdan ko'mak o'tindim.
Butun umrim sening bo'yningda,
Saharda qon tupursam, mayli.
Men - Majnunman, she'rim, sen - Layli!
Do'stlaringiz bilan baham: |