KO'CHIM HAQIDA
Badiiy ijod talabiga ko'ra ayrim so'zlar tashiydigan ma'no boshqa so'zlarga ko'chirilishini anglamay turib, badiiy asarlarni tushunish, undan ta'sirlanish, lazzatlanish va tahlillash mumkin emas. Ko'chim eng ko'p ishlatiladigan badiiy vositalar jamidir. Nutqni ta'sirchan qilish maqsadida nutqda: «oltin kuz», «o't yurak», «olov qalb», «tosh bag'ir» kabi iboralar ishlatiladi. Holbuki, har qanday odam ham kuzning oltin emasligini, yurakning alangalanmasligini, jigarning toshdan bo'lmasligini yaxshi biladi. Ammo yuqoridagi iboralar yordamida ifodalangan ma'no boshqa so'zlar orqali ifodalansa, gap cho'zilib ketadi va ta'sirchanligi yo'qaladi. Cho'lponning «Buzilgan o'lkaga» she'rida «Tog' egasi: sor, burgutlar qayerda?» - degan misra bor. Undagi «sor, burgut» so'zlari o'z ma'nosida emasligi sezilib turibdi. Yoki «Binafsha» she'ridagi binafsha timsoli qanday ma'no tashiyotgani to'g'risida o'ylab ko'raylik. She'rda shoirning ichki kechinmalari bahoriy ko'katga qaratilganmi, xo'rlangan qizgami yoki haqoratlangan yurtgami? Agar so'z ma'nolarining ko'chishini anglamasak, she'rning joziba kuchi yo'qqa chiqaveradi. Chunki anglanmagan go'zallik go'zallik bo'la olmaydi. Yozuvchilar biror so'zga xos ma'noni boshqasiga yuklar ekanlar, xayollariga kelganday, tavakkaliga ish tutavermaydilar. Bunda narsalar o'rtasida yoki narsa bilan hodisa o'rtasida yo ichki, yo tashqi, yo mazmun o'xshashligi, aloqadorligi bo'lishi shartdir. Bu jihatdan ko'chimlar o'xshatishga yaqin turadi. Lekin asosiy farq shundaki, o'xshatishda o'xshagan buyum ham, o'xshatilgan narsa ham ifodalangan bo'ladi. Ko'chimda esa ba'zan o'xshagan narsa, ba'zan o'xshatilgan narsa ifodalanib, ikkinchi qismdagi ma'no birinchisiga ko'chirilgan bo'ladi. Ko'chim qudratli tasvir vositasi bo’lib, u kitobxonning tasavvur olamini kengaytiradi, tasvirlanayotgan tuyg'ularni bevosita his qilishga, badiiy asar qahramonlar holatini tuyishga yordam beradi. Shunday qilib, ko'chim so'zni ko'chma ma'noda qo'llash yoki narsa-hodisaga xos sifatlarni qaysidir jihati bilan shularga o'xshaydigan boshqa narsa-hodisalarga ko'chirish san'atidir.
Adabiyotshunoslik ilmida ko'chimning majoz, istiora, ramz, timsol singari ko'rinishlari bo'ladi.
Majoz adabiy asarda o'quvchiga noaniqroq bo'lgan tushunchani ko'pchilikka ma'lum bo'lgan narsalarga xos belgilar bilan ifodalashdir. Gulxaniyning «Tuya bilan bo'taloq», «Maymun bilan najjor», «Toshbaqa bilan chayon» asarlarida insonlarga, ayrim ijtimoiy tabaqalarga xos xususiyatlarning hayvon obrazlariga ko'chirilishi majozning yorqin namunasidir. Ramz ham ko'chimning keng tarqalgan turlaridan biridir. O'quvchi anglashi murakkabroq bo'lgan mavhum ahloqiy sifatning shu sifatlarga ko'proq ega bo'lgan narsa va jonivorlar orqali ifodalanishiga ramz deyiladi. Ramz adabiyotshunoslik fanida timsol yoki simvol atamalari bilan ham yuritiladi. O'zbek adabiyotida may - hayot ramzi, gul - ma'shuqa ramzi, burgut - mag'rurlik ramzi, chumoli - mehnatsevarlik, tirishqoqlik ramzi va hok. tarzida qadimdan qo'llanib keladi. Ko'chimning ko'p ishlatiladigan ko'rinishlaridan biri istioradir. Istiorada biror narsa-hodisaga xos xususiyatlarni boshqa bir narsa-hodisaga ko'chirish orqali badiiy ma'no ifodalanadi. Lekin bu ko'chirishda tashqi o'xshashlik asosiy o'rin tutmaydi. Balki o'xshatilayotgan va o'xshayotgan narsa-hodisalar orasidagi ichki mantiqiy bog'lanishga, yaqinlikka, vazifalardagi umumiylikka tayaniladi. Istiorani qisqargan ko'rinishdagi o'xshatish deyish mumkin. Cho'lponning «Binafsha» she'rida «Binafsha, sen uchun ko'kragim erk yeri, Bu yerdan ko'klarga uchgil» tarzida ifodalangan misralar bor. Unda «vatan» tushunchasi «ko'kragim» so'zi bilan, «ozod yurt» tushunchasi «erk yeri» so'zi bilan ifoda etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |