Begali Qosimov tafjimasi.
SHAVKAT RAHMON (1950-1996)
XX asr o'zbek she'riyatining o'ziga xos vakili, ulkan millatsevar shoir Shavkat Rahmon 1950-yilning 12-sentabrida O'sh shahrida tug'ilgan. Shoirning otasi Rahmonberdi asli Shahrixon tumanidagi Saroy qishlog'idan bo'lib, taqdirning taqozosi bilan O'sh shahriga kelib, muqim turib qolgandi. Onasi Oftobxon ham shahrixonlik edi. Shavkat Rahmonning otasi ham, onasi ham savdo ishlari bilan shug'ullanishardi. Ular erta ko'klamdan to kech kuzga qadar Pomir tog'i etaklaridagi Sarmo'g'ul yaylovlarida mol-qo'y boqadigan chorvadorlarni kerakli tovarlar bilan ta'minlaganlar. Ota-ona uzoq tog' yaylovlarida haftalab qolib ketishar, uydagi barcha yumushlar tirishqoq va xayolchan Shavkatning Zimmasida bo'lardi. Bolalikdan tinib-tinchimas, baquvvat va g'ayratli Shavkat har jihatdan mustaqil bo'lishga intilardi. O'n uch yoshida ta'til chog'i g'isht zavodiga ishga kiradi. G'isht quyishni o'rganib olgach, kelasi yili hovlidagi pastqam eski devorlarni buzib, O'rniga oldida ochiq ayvoni bo'lgan ikki xonali uy quradi. Oradan o'n yillar o'tib, ayni shu uyga ayoli - Manzura kelin bo'lib tushadi. Shuningdek, Shavkat hovlidagi tomorqaga turli-tuman ko'chatlar ekishni yoqtirardi. 1966-yilda Shavkat o'rta maktabni bitiradi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetiga ketma-ket ikki yil hujjat topshiradi. Lekin tanlovdan o'tolmaydi. O'zbekiston poytaxtida o'qish orzusiga erisha olmagan Shavkat O'sh viloyati gazetasida harf teruvchi so'ng musahhih bo'lib ishlaydi. Bu gazetada o'sha paytlar ancha tanilib qolgan shoir, dilkash va samimiy inson Tursunboy Adashboy ishlardi. Shavkat Rahmon u bilan tanishib qoladi va bitganlarini ko'rsatadi. Tortinchoq, qaysar, indamas bu iste'dodli yigitchaning she'rlari shu tariqa viloyat gazetasi sahifalarida birin - ketin bosila boshlaydi. Shunday kunlarning birida matbuotda Moskvadagi Adabiyot institutiga ijodiy tanlov e'lon qilinadi. Toshkentdagi universitetga kirolmay, o'z yog'iga o'zi qovrilib yurgan, she'riyatga doir barcha kitoblarni o'qishga intiladigan Shavkat do'stlari yordamida she'rlarini rus tiliga o'zi qoralama tarjima qilib, tanlovga jo'natib yuboradi. Oradan ma'lum vaqt o'tgach: «Siz ijodiy tanlovdan o'tdingiz, tezda Moskvaga yetib keling», - degan mazmunda telegramma oladi. Begona shaharga borib, kirish imtihonlarini ham yaxshi topshirgan Shavkat Adabiyot instituti talabasi bo'ladi. U yerda tengdoshlari Halima Xudoyberdiyeva, Murod Muhammad Do'st, Sobit Madaliyev kabi o'zbek adabiyotining bo'lajak mashhur adiblari bilan yonma-yon saboq oladi. 1975-yilda Moskvadagi tahsilni tamomlagan Shavkat Rahmon Toshkentga keladi. U bir qator nashriyotlarda muharrirlik qiladi. Deyarli hamisha qizg'in ijod bilan mashg'ul bo'lgan talabchan shoir shu yillarda «Rangin lahzalar» (1978), «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar» (1984), «Gullayotgan tosh» (1985), «Uyg'oq tog'lar» (1986), «Hulvo» (1987) singari she'riy kitoblarni chop ettirdi. Dunyo she'riyatidagi eng yangi va ijobiy jihatlarni milliy she'riyatimizga kiritish yo'lida izlangan Shavkat Rahmon 1979-yilda atoqli ispan shoiri Federiko Garsia Lorka she'rlaridan iborat kitobni rus tilidan o'zbekchaga ag'darib, «Saylanma» nomi bilan chop ettirdi. Otashnafas shoir she'riyatiga oshiq bo'lib qolgan Shavkat Rahmon atay ispan tilini o'rganadi, 1986-yilda Ispaniyada ijodiy safarda bo'lib, Lorka she'rlarini bevosita ispanchadan o'zbekchaga o'giradi. 1989-yilda Lorkaning «Eng qayg'uli shodlik» she'riy kitobi shu tariqa o'zbek tilida nashr etiladi. 1996-yilda shoirga «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berildi. Shoir Shavkat Rahmon nafaqat o'z she'riga, balki tarjimalariga ham g'oyat ulkan mas'uliyat bilan yondashar, har qanday badiiy asarning quruq gap yoki chiroyli zamzama emas, balki chinakam JASORAT ekaniga ishonardi. Uning e’tiqodi bo'yicha asl qalamkash “Jasorat so'zining tarjimoni» bo'lishi kerak.
Nahot, she'rlar aytdim
bo'shliqqa qarab,
nahotki, sovrildi olov so 'zlarim,
nahotki, haq bo'lsa, el-u yurt asli
quruq so 'zlar degan gumroh do 'stlarim ?
Shavkat Rahmon o'z kayfiyatlarinigina tasvir etish bilan kifoyalanadigan shoirlar sirasidan emasdi. U hamisha millat dardini, xalqining armonlarini ifodalashga intilardi. Chunki u o'z taqdirini, hayotini millatining hayoti va taqdiridan ayri tasavvur etmasdi. U har bir millatdoshining ko'ngil mulkiga kirib borishni orzu qilib, shu yo'lda tinimsiz dard chekib yashagan shoir edi. «Bir qo'shiq bo'laman daryoday yurakning eng chuqur yerida», - deya orzu qilgan shoir hamisha chin, asl va samimiy tuyg'ularni beqiyos badiiy kenglikda o'ta
kuyunchaklik bilan kuyladi:
Zulfiqor ruh kerak,
kerak chin yog'du,
chin ishq yolqinlari bag'rimga to'lsin,
jismimni toblasin faqat chin og'riq,
chechaklar qop-qora bo'lsa-da, bo'lsin.
Shavkat Rahmon qisqa umr kechirdi. U 1996-yilning 2-oktabrida uzoq davom etgan og'ir kasallikdan vafot etdi. U Toshkent shahridagi Yalang'och qabristoniga dafn etilgan. Vafotidan so'ng shoirning «Saylanma»si (1997) nashr qilindi. O'sh shahrida shoir tug'ilgan mahallaga hamda shahardagi o'rta maktablardan biriga Shavkat Rahmon nomi berilgan. Siz otashin millatparvar shoirning g'oyat o'ziga xos va o'tli she'rlaridan ayrimlari bilan tanishasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |