Shoh oshiq holiga qilolmay toqat,
Ma’shuqa qizga ham ayladi shafqat.
Dedi: “Yolg‘iz ishqda nihosiz bardosh,
Dunyo go‘zal erur borchun muhabbat”.
Bunda ko‘rinib turibdiki, shoh — oshiq hamda ma’shuqa orasidagi
uchinchi odam obrazi. Uni mumtoz adabiyotimizdagi an’anaviy ag‘yor timso
lining ta’siri, davomi desak ham bo‘ladi. Lekin Rofiyning ijodkor sifatidagi novatorligi shundaki, ushbu traditsion obrazga yangicha qiyofa, xususiyat yuklaydi. Ya’ni sevgining kuchi shundayki, u hatto qahri qattiq hukmdorda oshiqning ozurda holiga achinish asnosida ikki sevishganga nisbatan shafqat hissini uyg‘otdi. Bu bilan shoir bir necha fikrni o‘rtaga tashlaydi: 1. Shoh ham aslida oddiy bir banda. Shu sabab barcha insoniy fazilat-u qusurlar ungada xos xususiyatdir. Shohning ikki “gunohkor” ni avf etishi zamirida shu narsa
yotadi. 2. Muhabbat har narsaga qodir. 3. Biz yashayotgan dunyo aynan sevgi
bois ko‘rkam, mukarramdir.
O‘z vujudida ulkan o‘zgarishni tuygan shoh biz ta’kidlayotgan fikrlarning uchinchisini izhor etadi. Asar leytmotivining aynan hukmdor
tilidan ifodalashida ham chuqur ma’no bor.
Mustaqim Rofiy ruboiylarida sevikli mahbuba qarata aytilgan da’vatlarni, qalb tug‘yonlarini tinglash, kuzatish mumkin. Masalan, lirik qahramon yorning turli hoyu havaslardan uzoq bo‘lishini istaydi. Sevgisiga munosib javob kutadi:
Yor, g‘amni so‘zlama, sevgimni yod et,
Ehramni ko‘zlama, kulbam obod et.
Visoling asiri bo‘layin dildor,
Eramni izlama, qalbimni shod et.
Odamlar ko‘pincha yaqindagi quyruqdan ko‘ra uzoqdagi o‘pkani ko‘zlaydi. Oldidan oqqan suvning qadriga yetmaydi. Ijodkor yor obrazi vositasida shunga ham ishora qiladi. Bu narsa tazod san’ati yordamida
(ehram — kulba, Eram — qalb) chiroyli ifoda topgan.
Umuman, ma’shuqaga iltijo yohud da’vat lirikasini Rofiyning boshqa she’rlarida ham his etishimiz mumkin. Shunday asarlardan biriga diqqatni qaratsak:
Sanam, sitamingdan, ayt, ketay qayon,
Dil izhorin kimga men etay bayon?
Dilimda shodlikdan yo‘q asar, nishon,
Gul ruxsorin nigor, gar etgay pinhon.
Oshiq azob-uqubatdan, hajrdan talvasada. Uning holatini tushunish
uchun kishi ishq dardini tortgan bo‘lishi kerak. Qahramon ma’shuqadan
madad kutadi, biroq u go‘zal gulruxsorini pinhon etgan. Shu bois jununvash
yurak o‘z qismatdoshini qidiradi, ammo topolmaydi (“Dil izhorin kimga men etay bayon?”). Mana sizga yolg‘izlik dardi, yolg‘izlik lirikasi. Shunday esada, shoirning dardmand qahramoni, to‘g‘rirog‘i, qalbi butunlay tushkun ham emas. U hijron damlari o‘tib ketishiga inonadi:
Yor, sendan yiroqman, qilgil ibodat,
Neki orzuing bor, bo‘lgay ijobat.
Bir kuni yoningga qaytgum nihoyat,
Baxsh etgum bir rohat — bilmas nihoyat!
Rofiy she’riyatiga xos yana bir xususiyat shundaki, u kishini dard
sizlar, ishqsizlar to‘dasidan qochishga, sevgida sobit qolishga chaqiradi. Chunki zar qadrini faqat zargar biladi. Muhabbat esa zardan ham qimmat, aniqrog‘i, uning bahosi faqat Yaratganga ayon. Shu sabab oshiq uchun ishq oldida butun olam bir puldir:
Xalq dedi: “Devona, mahbuba yomon,
Ishqida rangro‘ying qilar za’faron”.
Devona dedi: “Bu sanamga ayting,
Vasli uchun bergum bu ikki jahon.”
So‘nggi misrani o‘qir ekansiz, beixtiyor “yor xolini Samarqand-u Buxoroga alishmagan” Hofiz Sheroziy yodingizga tushadi.
Shoir Rofiyning ishqiy mavzudagi ruboiylari mutalaasi chog‘i kishi muhabbat o‘ta murakkab dialektik xususiyatga ega ekanligiga yana bir bor imon keltirasan. Ayriliqning yor qadrini benihoya oshirguvchi qudratli kuchi, visolning esa sevgi martabasini bir necha qavat pastga tushirishi, ya’ni inson tabiatiga xos bunday beqarorlik, murakkablik ijodkorning quyidagi ruboiysida zoologik misol bilan aks ettirilgan:
Xuddi bedanaga o‘xshaydi odam,
Bo‘lsa jufti bilan unutar olam.
Yori yiroq bo‘lsa, sayrar chunonam,
Yig‘lar: yor, mahbubsiz jahondir motam.
Odamning bedanaga, bir ongsiz mavjudotga chog‘ishtirilishida ham
katta hikmat yotibdi. Chunki bani odam bir tomondan xoliq, boshqa tomondan esa maxluqdir. Uni maxluqot qavmidan ajratib, yuksakka ko‘targuvchi qudrat bo‘lsa muhabbatdir. Ishq — tangrining o‘z bandalariga ko‘rsatgan ulkan marhamatidir:
Go‘zalda bo‘lsa gar aqlu xayolim,
Tangri, kechir ushbu aybu gunohim.
Yaratgan farishtang visolin ko‘rsam,
Bu sening in’oming erur, Ollohim.
Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, lirik qahramon ikkilanadi, turli xil shubhayu gumonlarga beriladi. Yaratgandan sevib, gunoh qilgani uchun kechirishini so‘raydi. Shunda boshqa bir jihatga ham kishi diqqati tortiladi. Ma’lumki, ba’zi diniy ta’limotlarlarda, jumladan, nasroniylikda ham sevish (to‘g‘rirog‘i, bandani sevish) gunoh sanaladi. Mazkur ruboiy qahramoni har turli o‘ylarga borarkan, uning xayol ko‘chasidan shu fikrlar o‘tgani aniq. Biroq ishtibohu adashuvlardan so‘ng oshiq nihoyat yagona to‘g‘ri xulosaga keldi:
“Bu sening in’oming erur, Ollohim”. Rofiyning sentimental, ishqiy ruboiyoti xususida shunday xulosaga kelish mumkinki, buxorolik bu fizik shoir adabiyotimizda Hofiz, Sa’diy, Atoiy an’analarini munosib davom ettirmoqda. Shu bilan birgalikda, uning adabiy faoliyati, xususan, fizik yuragidan chiqqan lirika “Fiziklar va liriklar” mojarosining o‘rinsiz ekanligini yana bir marta tasdiqlamoqda. Rofiyning quyidagi ruboiysi esa xulosaning xulosasidir:
Sevgi ezgu hisdir, tilsimdir bu hol,
Sevishgan yuraklar unda gul, nihol.
Muhabbatla dilga nur sochgaydir ishq.
Gadoni ham daho aylar ul visol.
Do'stlaringiz bilan baham: |