Badaviy
|
Tuyasini minib ketayotgan bir badaviy chanqoqdan lablari qurib, yorilib ketgan bir kimsaga duch kelibdi. Muhtoj kimsa badaviyni ko'rgach, bir qultum suv so'rabdi.
Badaviy tuyasidan tushib, suv uzatibdi.
Suvni ichib joniga oro kirgan kimsa kutilmaganda badaviyni itarib yuborib, tuyaga mingancha qocha boshlabdi.
Badaviy bo'lsa orqasidan baqiribdi: "Mayli, tuya seniki bo'laqolsin, roziman. Lekin sendan bitta iltimosim bor. Bu voqeani zinhor hech kimga aytmagin!"
Bu istakka taajjublangan qaroqchi bir zum to'xtab, sababini so'rabdi:
"Agar aytsang,- debdi badaviy. - Bu xabar hamma yoqqa ovoza bo'lib, insonlar ikkinchi bor cho'lda muhtojlarni ko'rganida yordam bermay qo'yishadi."
|
LUQMONI HAKIMDAN
|
Luqmon hakimdan bir odam so’radi:
— Ey, bilim bilan ko’zlarni ravshan qilgan dono! Sen yashagan asrda ilm va bilimi senikiga barobar keladigan kishi yo’q edi. Modomiki shunday ekan, bu qadar behisob ilm — donishni senga kim o’rgatdi? Bizga ham aytsang!
Luqmon dedi:
—Men donishmand kishilarga yaqinlashmadim, ya'ni men bilimni bilarmon kishilardan o’rganmadim. Men bilgan dunyo ilmlarining hammasini olimlardan emas, johil kishilardan o’rgandim. Ya'ni bilimsiz johil kishilar qanday yomon-nojo’ya ishlarni qilgan bo’lsa, men shularning aksini tutib, yomonlikdan omon qoldim. Jahonda jaholatni — bilimsizlikni o’ziga kasb qilib olgan kishilarning ishini aksincha olib borgan odam yaxshi va bilimdon odam bo'la oladi...
|
QARIYANING HADYASI
|
Qariya yigitning cho’ntagiga bir nimalarni solar ekan:
- Baraka top, o’g’lim. Men kabi bir qariyani yangidan tug’ilgandek xursand qilding. Shu kichik hadyamni ham olsang juda xursand qilarding.
Yigitcha, bajargan ishini boshlamasdanoq nimalar amalga oshishini bilar edi. Yo`l chetida yig`lab turgan to`rt-besh yoshdagi bolakayni qayerdan kelganini surishtirib bo`lgach, taksiga o`tkazib uyiga eltib qo`ygandi. Ammo yigitcha, uyni topib kelganida balandparvoz umidlari chil-parchin bo`ldi. Yo`l bo`yi o`ylab kelgan katta hovuzli, o`zi boshqariladigan sputnik antennali villa o`rniga oldida bir kulbai vayrona turar edi. Ustiga-ustak eshikni ham bolaning bobosi ochib, bolani topilganidan xursand holda yigitning cho`ntagiga bir nechta tanga solib qo`ygan edi.
Yigitcha, qariya bilan suhbati davomida bolaning ota-onasi olamdan o`tganini bilib oldi. Qariyaning yig`layotganidan foydalanib, cho`ntagiga solingan tangalarni ushlab ko`rdi. Uch-to`rtta chaqa tanga, hattoki cho`ntagini ham to`ldirolmadi. Uyning ahvolidan esa qariyaning faqirligi bilinib turardi. Lekin hech bo`lmasa, taksi pulini berolarmikin?!
Yigitchaning o’zi kutgandek hadyaga ega bo`lish umidlari so’nib borardi. So`nggi chorasi – majburlab bo’lsa-da bir gap uqtirib bo`lmaydigan qariya bilan yuzma-yuz o`tirib, unga bir dars berib qo`yish edi. Va nihoyat yigitcha qariyaning yuziga tik qaradi va cho`ntagidagi tangalarni hovuchiga olib, bolakayning oyog`i ostiga otdi:
- Borib o`zingga o`yichoq sotib ol, ukaginam, – dedi. Bu bilan qo`li ochiqlikni o`rganib olasan.
Bolakay yerga egilib tangalarni to`play boshlaganida, yigitning ko`zlari qinidan chiqayozdi. …Bolakayning jajji qo’lchalarida to’rt-beshta oltin tangalar yarqirar edi...
|
Do'stlaringiz bilan baham: |