Mehnat qiyqiriqlari nazariyasi. Bu nazariya tarafdorlari tildagi barcha so`zlar ibtidoiy kishilarning birgalashib mehnat qilishlari
jarayonida mehnat qilishga undaydigan ixtiyorsiz qiyqirishlar natijasida paydo bo`lgan, deb da’vo qiladilar. Uning asoschisi XIX asrning
ikkinchi yarmida yashagan fransuz faylasufi L.Nuaredir. Nemis olimi Karl Byuxer ham shu nazariyani qo`llab quvvatlagan. Mehnat
qiyqiriqlari nazariyasi undov nazariyasiga o`xshab ketadi. Biroq bunda qiyqiriq va hayqiriqlar kishilarning mehnati jarayonida yuz beradi.
Instinktiv qiyqiriqlar mehnat bilan bog`liq bo`lsa-da , u biologik faktordir. Mehnat qilishdagi hayqirishlar mehnat jarayonidagi harakatni bir
maromga solish uchun vosita bo`lgan, xolos. (Bu hozirda ham xuddi shunday.) Ammo hayqiriqlar, qiyqiriqlar mantiqan hech qachon
kishilarning aloqa vositasi bo`la olgan emas.
Imo – ishoralar nazariyasi. Bu nazariyaning asoschilari nemis olimi Vundt va akademik N.Y.Marr bo`lib, ularning fikricha,
insonlar tovush tili paydo bo`lgunga qadar bir birlari bilan imo-ishora orqali aloqa qilganlar. Marrning da’vo qilishicha , odamlar yarim
million yil davomida “imo-ishora tili” orqali aloqa qilganlar va keyinchalik bu tovush tiliga aylangan. Agar insoniyatning hayvonot
dunyosidan ajralib chiqqanligini, qorin to`yg`azish maqsadidagina mehnat qilganligini, jamoa bo`lib mehnat qilish natijasida tilning paydo
bo`lishiga ehtiyoj tug`ilganligini hisobga olsak, kishilarning muhim aloqa vositasi bo`lgan tilga imo-ishora juda kichik bir qo`shimcha vosita
bo`lganligini anglab yetish qiyin emas. Demak, inson nutqi taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida imo-ishora tili kishilarning o`zaro aloqa
qilishlarida yagona vosita bo`lgan edi, degan fikr ilmiy jihatdan asosli emas.
XIX asrning ikkinshi yarmida ijtimoiy kelishuv nazariyasi ham paydo bo`ldi. Bu nazariya vakillarining fikricha, narsa-
buyum, voqea- hodisalarni nomlashda odamlar o`zaro kelishib olishgan. Bu fikr ijtimoiy kelishuv nazariyasining ham asosi aniq
emasligini ko`rsatib turibdi. Vaholanki, o`zaro kelishuv vositasi, asosan, tildir. O`zaro ijtimoiy kelishuv uchun insonda yuqori darajada
rivojlangan tafakkur va til bo`lmog`i zarur. Bu nazariya tilning paydo bo`lishini emas, balki til rivojlanishining ba’zi tomonlarinigina
ko`rsatib bera oladi, xolos.
Yuqorida sanab o`tilgan nazariyalarning hech biri tilning paydo bo`lishi masalasini inson, tafakkur va jamiyatning paydo bo`lishi
bilan bog`lab o`rganmaydi. Shunga ko`ra, ular tilning kelib chiqishi va rivojlanishi masalasini to`g`ri yoritishga ojizdir. Bu masalaga XIX
asr oxiri XX asr boshlarida paydo bo`lgan dialektik matearializm asoschilari, yuqoridagilardan farqli o`laroq, bir qadar to`g`ri
yondashadilar. Dialektik materializm oqimining namoyandalari nemis olimlari K.Marks va F.Engelslar bo`lib, ular “Maymunning odamga
aylanish protsessida mehnatning roli”, “Oila, xususiy mulk va davlatning kelib chiqishi” kabi qator asarlarida tilning paydo bo`lishi
muammosiga katta e’tibor qaratganlar. Ularning yozishlaricha, bundan taxminan bir million yillar muqaddam yer yuzida odamsimon
maymunlarning juda taraqqiy etgan nasli yashagan. Ular, odatda, yerda yurishgan, oldingi ikki oyoqlari qo`l vazifasini bajargan.
Odamsimon maymunlar oldingi oyoqlari bilan dastlab tabiatdagi tayyor predmetlardan qurol sifatida foydalanganlar va ko`proq tik
yurishni o`rgana boshlaganlar. Tik yurish asta-sekin ular uchun hayotiy zaruratga aylangan, shu tariqa ozod bo`lgan qo`l borgan sari
ko`proq va turli-tuman ishlarni bajarishga moslashgan. Kishilik jamiyatining, til va tafakkurning paydo bo`lishi mehnat tufayli maymunning
odamga aylanishi bilan bog`liq.
Bu nazariya bir qancha asosli biologik va sotsial faktorlarga tayanib, ilmiy farazlar qiladi. Hozirgi tarix, antropologiya kabi
ko`pgina fanlar odam, jamiyat, til, tafakkur va nutqning paydo bo`lishi to`g`risidagi talqinlarda shu ilmiy farazlardan foydalanadi. Biroq,
shuni ham ta’kidlash zarurki, keyingi yuz yillar davomida odamsimon maymunlar ustida olib borilayotgan maxsus tajribalar “odam
odamsimon maymunlardan tarqalgan” degan fikrni bir qadar rad etmoqda.
Diniy ta’limotga oid muqaddas kitoblarda esa til insoniyatga olloh tomonidan in’om etilgan ne’matdir, mazmunidagi fikrlar ilgari
suriladi.
Xullas, tilning kelib chiqishi tafakkurning paydo bo`lishi, qolaversa, yer yuzida inson zotining paydo bo`lishi kabi muammolar bilan
uzviy bog`liq bo`lib, bu muammolar insoniyat tarixida uzil – kesil yechimini topgan emas.
Yuqorida bayon etilgan fikrlardan ma’lum bo`ladiki, til hayvonot dunyosidan ajralib chiqqan kishilar ibtidoiy jamoasining mehnat
jarayonida eng zaruriy ehtiyoji natijasida paydo bo`lgan. Garchi qadimgi ibtidoiy jamoa tillarning qachon paydo bo`lganligi, u tillar qanday
til ekanligi, ularning lug`at tarkibi, grammatik qurilishi nimalardan iboratligini isbotlovchi dalillar bo`lmasa-da, yozuv paydo bo`lgandan
keyingi, ya’ni bundan 15-20 ming yillar oldin yozib qoldirilgan yodgorliklarga asoslanib, ba’zi tillarning shakllanishi va taraqqiyoti
to`g`risida mulohaza yuritish mumkin. Bu xususda keyingi mavzularimizda batafsil to`xtalamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |