Funksional ovoz buzilishlari
Funksional ovoz buzilishlari nisbatan keng tarqalgan va turli tumandir. Ular hiqildoq yallig‘lanishi yoki u yoki bu anatomik o‘zgarishlari bilan kechmaydi. Pedagogik adabiyotlarda mutaxassislar uchun organik buzilishlar etiologiyasini va patogenezining murakkabligi bilan bog‘liq ravishda ma’lum qiyinchiliklarni keltirib chiqarganligi sababli funksional buzilishlarni bartaraf etish nisbatan yengil ekanligi haqidagi fikrlar bahsli hisoblanadi.
Funksional buzilishlarning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin: ya’ni ovozning charchashi, ovozni yomon qo‘yilishi, infeksion kasalliklar hamda psixik omillarning ta’siri. Ba’zan sanab o‘tilgan sabablar uyg‘unlashgan holda kelishi «boshlanuvchi» davrni aniqlashni qiyinlashtiradi. Uzoq davom etgan funksional o‘zgarishlar hiqildoq shilliq qoplamasi giperemiyasi (qizarishi), ovoz boylamlarining yo‘g‘onlashuvi, shish va shish ko‘rinishdagi psevdoorganik qoplamalarni yuzaga keluvchi funksional buzilishlarga tashxis qo‘yishni qiyinlashtiradi.
Periferik funksional buzilishlarga fonosteniya, gipo va gipertonus afoniya, disfoniyalar kiradi.
Fonosteniya-bu ovozning funksional buzilishi bo‘lib, nafas fonatsiya, artikulyatsiya o‘rtasidagi koordinatsiyaning buzilishi bilan xarakterlanadi.
Fonosteniyaning kelib chiqishi haqida turli fikrlar mavjud. Nafas yo‘llarining o‘tkir shamollashi, ovozga katta yuklama berish, bosh miya po‘stlog‘ida tormozlanish fonosteniyani paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi va ovoz apparati mushagining harakat funksiyasi buzilishi kuzatiladi.
L.D. Rabotnov fikriga ko‘ra, fonosteniyaning rivojlanishi uchun ta’sir qiladigan faktorlar quyidagilar: turli xil somatik kasalliklar, organizmdagi garmonal tenglikning o‘zgarishi, himoya kuchining pasayishi, psixik o‘zgarishlar, ovoz apparatining zo‘riqishi. A. Mitrinovich-Modjeevka (1965) hiqildoqning anatomik tuzilishida kamchiligi bo‘lgan bemorlarda fonosteniyaning rivojlanishini kuzatdi.
Fonosteniyani ko‘pchilik mualliflar (Fomichev M.I., 1949; T.Ye Shamsheva., V.P.Morozov, 1966; Yu.S. Vasilenko 1978., L.A. Zaritskiy 1984) kasb kasalligiga kiritadilar. Ularning fikricha, ashula aytish murakkab psixo-fizik jarayon hisoblanadi va bu qo‘shiqchining nerv psixik holatiga ta’sir etadi, ayniqsa, endi qo‘shiq aytishni boshlagan qo‘shiqchilar davraga birinchi bor chiqayotganlarida ovozni yo‘qotish xavfidan qo‘rqish hissiyoti kuchayadi va qo‘shiqni erkin ayta olmaydi, buning natijasida ovoz boylamlari muskuli taranglashuviga, o‘zining fiziologik holatini o‘zgarishiga va qo‘shiqni asl ovoz holatida bo‘lmasligiga olib keladi.
V.A. Trinos (1981) fonosteniyaning paydo bo‘lishini umumiy va joyli sabablariga ajratadi. L.A.
Zaritskiy (1984), Z.I. Anikeeva (1985) fonosteniyani o‘tkir va surunkali turlarga ajratdi.
Fonosteniyada bemorlarning shikoyati xilma-xil bo‘ladi: tez jahl chiqish, sahnaga chiqishdan oldin qo‘rquv, uyquning buzilishi, hiqildoqda qadalish, tovush balandligi va tembrining o‘zgarishi, so‘zlaganda hiqildoqda og‘riq, ovozning juda charchashi.
Do'stlaringiz bilan baham: |