XX asrda Markaziy Osiyo xalqlari qadriyatlarining transformatsiyasi
XX asrning murakkab tarixiy voqyealari barcha sobiq sovet va sobiq sotsialistik mamlakatlarining qadriyat tizimlariga turlicha ta'sir ko‘rsatdi, biroq ular Markaziy Osiyo xalqlarining o‘ziga xos madaniy hayotida alohida muhim rol o‘ynadi. Mazkur xalqlarning butun qadriyaviy tizimi (diniy qadriyatlar, milliy ehtiyojlari ma'naviy madaniyatning o‘ziga xos hodisalari, ona tillari xalqlarning mentaliteti va boshqalar) jiddiy transformatsiyaga uchradi. Bugungi kunda yuz berayotgan milliy tiklanish jarayonlari sharoitida Markaziy Osiyo xalqlarining qadriyaviy tizimining tushuncha va mohiyatini ularning XX asr va XXI asr boshlaridagi transformatsiyasini falsafiy anglab yetish zarurati tuzildi. Mazkur transformatsiyalar «umuminsoniy-milliy» kontekstda ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bir tomondan shuni esda tutish zarurki, har qanday jamiyatning butun qadriyaviy tizimi - fan, falsafa, san'at, adabiyot - faqat milliy an'analar bilan cheklanmaydi, chunki inson faqat biologik mavjudot sifatida emas, ijtimoiy mavjudot sifatida ham yagonadir. Bu ayniqsa, axborotlashtirish, kompyuterlashtirish, tezkor aloqaning zamonaviy tizimlari rivoj topgan hozirgi dinamik davrga dahldordir. Barcha mamlakatlar va qit'alarning hayotiy manfaatlari, asosiy muammolari eng muhim jihatlar bo‘yicha mos keladi. Umuminsoniy muammolar umuminsoniy qadriyatlar tizimini shakllantirish zaruratini taqozo qiladi.
Boshqa tomondan, milliy (yagona sifatida), mintaqaviy (alohida sifatida), umuminsoniy (umumiy, yalpi) qadriyatlar dialektikasini hisobga olgan holda yoshlarni milliy an'analar, urf-odatlar, rasm-rusumlarga, milliy til va san'atga hurmat ruhida tarbiyalash zarur. Agar inson o‘z xalqining milliy madaniyatini, tarixini, ma'naviy qadriyatlarini yaxshi bilsa va qabul qilsa, u holda u dunyodagi boshqa xalqlarning madaniyati va falsafasini ham yaxshi qabul qiladi, ular haqida o‘z mustaqil fikriga ega bo‘ladi deb ishonish mumkin.
Xalqlarning ko‘plab an'analari, urf-odatlari, udumlari va qadriyat tizimining boshqa unsurlari butun XX asr davomida saqlanib kelgan bo‘lishiga qaramay, bu tizimning ko‘plab komponentlari transformatsiyaga uchradi. Bir qator an'analar butunlay yo‘qolib ketgan bo‘lsa, boshqalari o‘zlarining ichki qadriyaviy mazmunini o‘zgartirdi. Oilaviy, maishiy, bayram urf-odatlari sirasiga ko‘plab yangi unsurlar kirib keldi, badiy madaniyatning tubdan yangi turlari (portet xaykaltaroshligi, portret rasmchiligi, opera, balet, operetta va boshqalar) paydo bo‘ldi.
Markaziy Osiyo xalqlari tillarida, shu jumladan o‘zbek tilida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Alifbo va imlo bir necha marta isloh qilindi: arab alifbosining transformatsiyasi va uni o‘zbek tili xususityalariga moslashtirilishi (XX asrning 20-yillari boshida), lotin yozuvining birinchi davri (1929-1940), kirillitsa davri (1940 yildan XX asrdaning 90-yillarigacha), lotin yozuviga ikkinchi marta o‘tish (XX asrning 90-yillari). Leksika sezilarli darajada o‘zgardi: eski turmush tarzi bilan bog‘liq butun bir leksik qatlam yo‘q bo‘lib ketdi va ko‘plab yangi so‘zlar paydo bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |