5-§. Diniy e'tiqod
Diniy e'tiqod diniy ongning ajralmas xususiyati hisoblanadi. Ko‘pincha «e'tiqod» tushunchasi faqat diniy e'tiqod bilan tenglashtiriladi. Biroq har qanday e'tiqod ham diniy xarakterga ega bo‘lavermaydi.E'tiqod so‘zi lotincha veritas (haqiqat, voqyelik, haqqoniyat) va vents (zehnli, adolatli) degan so‘zlarga mos keladi. Kimga-nimaga yoki kimgadir-nimagadir e'tiqod qilish individ, guruh, omma ruhiyatining (e'tiqod qiluvchi sub'ektlarning) qat'iy ishonish, shaksiz ishonch va umid orqali ifodalanuvchi alohida holatidir.
Faoliyatning alohida turlarida va umuman hayotda mazmunan maqsadga erishish e'tiqod predmeti sifatida xizmat qilishi mumkin. Bu nimaningdir, qandaydir voqyeaning yoki voqyealar rivojining so‘nggi natijasi yaqinlashuvi va boshqa shu kabilar bo‘lishi mumkin, bunda qo‘yilgan maqsadga erishish haqidagi aniq axborot taqchilligi sharti mavjud bo‘ladi.
E'tiqodning mazmuni u faoliyat ko‘rsatadigan turli sohalarda turlicha bo‘lib, aniq harakat predmeti bilan bog‘liqdir. U odamlar hayotiy faoliyatining har qanday sohasida – siyosiy sohasida, masalan, xarizmatik siyosiy arbobga e'tiqod; iqtisodiyotda – muvaffaqiyatga ishonch, misol uchun, ishlab chiqarilgan mahsulotni foyda evaziga sotish; axloqda – axloqiy ideallarga e'tiqod qilish; badiiyatda – tasvirlangan voqyealar va obrazlarning haqiqiyligiga ishonish va boshqalar. Hyech bir odam, agar u hyech narsaga – jonning qutqarilishiga, jahon inqilobiga, bilimning kuchiga, Insonga va h.k. ishonmas ekan, to‘laqonli bioijtimoiy ob'ekt sifatida mavjud bo‘lolmaydi. Insonga tabiiy mayl, refleks, idrok, aqldan tashqari nimagadir yoki kimgadir – taqdirga, yalpi baxtga erishish mumkinligiga va boshqa shu kabilarga ishonish xususiyati xosdir.
Diniy e'tiqod umumiy e'tiqodning shakllaridan biri hisoblanadi. U ming yillar davomida e'tiqodning asosiy shakli bo‘lib kelgan. Eng qudratli va mukammal, mo‘jizaviy kuch sifatida qabul qilinadigan Xudo diniy e'tiqodning asosiy ob'ekti hisoblanadi.
Teologiyada e'tiqod Xudoning qobiliyati va faoliyatini Xudoga bo‘lgan shaksiz ishonch bilan mutloq va yaxlit holda qabul qilish sifatida gavdalanadi. Insonning Xudoga munosabati Xudoning o‘zi tomonidan yuzaga keltiriladi, bu munosabat haqiqatni ochib berishda namoyon bo‘ladigan va ifodalanadigan bilim bilan, ya'ni insonga Xudo tomonidan berilgan bilim bilan bog‘liq bo‘ladi.
E'tiqodni teologik jihatdan anglash ilohiy yozuvlarni sharhlash, shuningdek ilohiy matnlardan nisbatan mustaqil bo‘lgan, «e'tiqod va tafakkur», «e'tiqod va xatti-harakat», «e'tiqod va iroda» va boshqa shu kabi muammolarga bag‘ishlangan nazariy ishlanmalarni yaratish orqali amalga oshiriladi. E'tiqod ta'limot sifatida, ya'ni diniy aqidalar va hayotiy tajriba sifatida ko‘rib chiqiladi. Taraqqiy etgan dinlar - iudaizm, nasroniylik, islom, hinduizm va buddizm olamning – foniy dunyo (biz yashab turgan transsendental dunyo) bilan boqiy dunyoning (narigi dunyoning, transsendent (g‘ayritabiiy) dunyoning) muayyan manzarasini yaratuvchi belgilangan ilmiy tizimga, diniy aqidalarga ega bo‘ladi. Bu ilmiy tizim va diniy aqidalarda tegishli dinlarning mifologik va ramziy tilida ifodalangan narsalarni keng qamrovli va aniq-ravshan holda bayon etishga harakat qilinadi. Shu tariqa har bir din o‘z ta'limotiga, ya'ni o‘z-o‘zidan anglanadigan so‘nggi, ilohiy voqyelikning mavjudligi tasdiqlanadigan bazaviy qoidalarga ega bo‘ladi. Bu ta'limotlar diniy amaliyotning va umuman dindorlar hayotiy faoliyatining asosiga aylanadi. Shunday qilib, e'tiqodni teologik jihatdan sharhlash olamni va insonni yaratgan, O‘zi haqidagi bilimlarni ochish qobiliyatini odamlarga bergan eng mukammal xilqat (shaxs) sifatida Xudoga mutloq ishonishdan iboratdir.
Falsafada diniy e'tiqod inson hayotining muayyan tarzda namoyon bo‘lishi, insonning alohida ruhiy, ma'rifiy va hissiy holati sifatida ko‘rib chiqiladi.
Falsafada Xudo emas, balki u haqidagi tasavvurlar asosiy ob'ekt hisoblanadi. Bunda Xudoning mavjudligi to‘g‘risidagi bilim muammoga aylantiriladi, u avvaldan mavjud va shubhasiz haqiqat bo‘lgan bir narsa sifatida qabul qilinmaydi, balki ochib berilishi talab etiladigan narsa sifatida ko‘rib chiqiladi. Boshqacha qilib aytganda, falsafa e'tiqodning qonuniyligini yaxlit holda aniqlashga intiladi. Bunda masalaga uni yoqlash yoki betaraf qolish, nigilistik, ateistik nuqtai nazardan yondashish mumkin.
Birinchi holatda tafakkur va e'tiqod munosabatlari muammolariga, tafakkurning diniy e'tiqodlar tizimini asoslashda o‘z rolini bajara oladimi yo‘qmi degan masalaga alohida e'tibor qaratiladi.Ushbu savollarga javob berishda turli yondashuvlar mavjud.
U yoki bu diniy e'tiqodni tafakkur uchun maqbul bo‘ladigan tarzda asoslash zaruriyatini e'tirof etuvchilar keskin yondashuvga tayanadilar. Shu munosabat bilan e'tiqodni ilmiy jihatdan baholashda ratsional uslub imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanishga chaqiriqlar yangraydi. Bunda diniy dunyoqarashlarni tanqid qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Falsafiy-teologik yondashuv ham mavjud bo‘lib, unga muvofiq e'tiqod tarkibidagi bilim, eng avvalo Xudoning mavjudligiga bo‘lgan ishonch shu bilimning o‘zagi sifatida ratsional dalillar bilan asoslashga muhtoj emas. Fideizmning turli variantlari shunga kiradi. Fideizm (fransuzcha fideisme va lotincha fides - ishonch) e'tiqod faqat ilohiy haqiqatning yoki diniy e'tiqod an'analarining nufuzi bilan belgilanishi kerak deya ta'kidlaydi. Fideizm nuqtai nazariga ko‘ra diniy bilimning tabiati aqldan ustun turadi va shu sababli uni na asoslab bo‘ladi, na tafakkur bilan ta'sir etib bo‘ladi. Diniy e'tiqodlar asosga juda ham boy, ulardan asosliroq hyech bir narsa yo‘qki, ular vositasida diniy e'tiqodlarni isbotlab bo‘lsa. Hatto e'tiqodning mazmuni shubha tug‘dirgan taqdirda ham, iroda kuchi va «ekzistensial» intilish bilan bu shubhani yengib o‘tib, e'tiqodni asrash va saqlash zarur. Diniy e'tiqodning o‘zi e'tiqod qiluvchi odam uchun asos bo‘ladi.
Falsafa o‘zining butun tarixi davomida diniy e'tiqodni, umuman dinni tanqid qiluvchi fan sifatida namoyon bo‘ladi. Diniy e'tiqodning tanqidi agnostitsizm, indeferentizm, ateizm va antiteologik empirizm (diniy aqidalarni mantiqiy pozitivizm doirasida mazmunsiz deb e'lon qilish) shaklida yuzaga chiqadi. Agnostitsizm dinning o‘zida Xudo haqidagi ishonchli bilimlarni mujassam etganligi to‘g‘risidagi da'vosini shubha ostiga oladi yoki diniy ilm, agar bunda allaqanday voqyelik to‘g‘risidagi bilim tushunilgudek bo‘lsa, u ilm emas deb ta'kidlaydi.
Ateizm (fransuzcha atheisme, yunoncha «a» inkor etuvchi qo‘shimcha, + Xudo, so‘zma-so‘z tarjimasi – xudosizlik) Xudoning mavjudligi va har qanday transsendent (g‘ayritabiiy) mohiyatlar xususida u yoki bu turdagi ratsional dalillar vositasida bahslashadi. Ateizmning quyidagi turlari mavjud: nazariy ateizm – muayyan nazariya va dunyoqarash pozitsiyasi; amaliy ateizm – insonning amaliy xatti-harakati bo‘lib, bu xatti-harakat Xudoning mavjudligi bilan biror bir bog‘liqqa ega bo‘lmasligi, Xudoni nazariy jihatdan inkor etish bilan bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin; siyosiy ateizm – dinni, uning aqidalarini va eng avvalo cherkov institutlarini tanqid qilish insonni ozod qilishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Nazariy ateizmning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Antik zamonlarda hukmron dinga nisbatan boshqa qandaydir dinning foydasiga shubha bildiruvchilar «ateistlar» deb tushunilgan. Ilohiy voqyelikni «asil», haqiqiy tarzda tushunish uchun hukmron dinni almashtirishni talab etuvchi faylasuflar ham «ateistlar» qatoriga kiritilgan.
Ateizm butkul xudosizlik va Xudoning mavjudligini inkor etuvchi ta'limot sifatida yevropada XU1-XUP asrlarda paydo bo‘lib, X1X asrda Lyudvig Feyerbax asarlarida bir oqim sifatida shakllandi. XX asrda vaXX1 asr boshlarida ateizm turli shakllarga kiradi. Bu eng avvalo dinni falsafiy-antropologik tanqid qilish shakli bo‘lib, u dinning kelib chiqishi va yashashini Xudo bilan emas, balki insonning o‘zi bilan bog‘laydi. Xudo g‘oyasi insonda uning doimiy yaratuvchilik va reflektiv faoliyatida o‘ziga tayanch izlashi asnosida yuzaga keladi. Din asosan borliqqa nisbatan ojizlik tajribasidan kelib chiqadigan ruhiy va dunyoqarashga oid muammolarini hal etish vositasi hisoblanadi.
Yana boshqa yetarlicha keng tarqalgan qarashlardan biri – antiteologik empirizm, xususan mantiqiy pozitivizmdir. Unga muvofiq Xudo to‘g‘risidagi, g‘ayritabiiy, xayoliy olam to‘g‘risidagi fikrlar asosli emas. Ular aniqlashtirilishi, verifikatsiya qilinishi mumkin emas, chunki empirik kuzatuvlar olib borib bo‘lmaydi. Shundan diniy e'tiqodlardagi ichki qarama-qarshilik hamda mazmunsizlik muqarrarligi to‘g‘risidagi xulosa kelib chiqadi. Umuman, e'tiqod tarkibidagi diniy bilimga nisbatan falsafiy yondashuvlarning hyech biri bu bilimga so‘zsiz maqom berishga va diniy bilimni noaniqlikdan xalos etishga qodir emas.
3-bob. ASOSIY DINIY KONFeSSIYaLAR
Asosiy diniy konfessiyalar – bular, avvalo, uchta jahon dini: buddaviylik, xristianlik va islomdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |