Abu Homid ibn Muhammad G‘azzoliy (1058-1111) Xurosonning Tus shahrida 1058 yili tavallud topdi. Bolalik va o‘smirlik yillarini o‘z tug‘ilgan shahrida o‘tkazib, keyinchalik o‘qishni davom ettirish maqsadida Nishopurga ketdi. 1085 yili G‘azzoliy saljuqlar davlatining bosh vaziri bo‘lgan Nizomulmulk xizmatida edi. Shu vaqtda u falsafa bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. 1091 yilda Nizomulmulk o‘zi tomonidan Bog‘dodda tashkil etilgan Nizomiya madrasasida falsafadan dars berishni G‘azzoliyga topshirdi.
O‘sha zamonning eng yaxshi o‘quv yurti bo‘lgan bu dargohda G‘azzoliy 4 yil dars berdi, so‘ngra falsafa kursini o‘z akasi Ahmadga topshirib, o‘zi butunlay ilmiy ish bilan shug‘ullandi. U uzoq safarga otlanib, Makka, Damashq, Baytul Muqaddas, Iskandariya va boshqa shaharlarda bo‘lib, u yerdagi mashhur olimlar bilan uchrashadi va kutubxonalardagi kitoblarni o‘qib chiqadi. Bu yillar uning hayotida og‘ir yillar bo‘lganini yozadi: «Men hamma narsani: ikkilanishlarni, shak-shubhalarni, inkor etishlarni, e'tiqodsizlikni o‘z boshimdan o‘tkazdim; haqiqatni tasavvufda topdim»94.
Uning oldida ko‘ndalang turgan asosiy muammo – fan bilan din o‘rtasidagi qarama-qarshilikni bartaraf etish edi. G‘azzoliy fikricha, bu narsa tasavvuf asosida bartaraf etilishi mumkin edi. U o‘z Vatani Tusga qaytib, bu masalaga bag‘ishlangan qator asarlar yaratdi. G‘azzoliy 1111 yilning 19 dekabrida Tus yaqinidagi Tabaron qishlog‘ida vafot etdi.
G‘azzoliy falsafa, axloq, din va tasavvufga doir bir qancha asarlarning muallifidirki, ulardan eng muhimlari quyidagilardan iborat: «Ihyoi ulum ad-din» («Diniy ilmlarning jonlanishi»), «Tahofut ul-falosifa» («Faylasuflarni rad etish»), «Kimyoi saodat» («Baxt – saodat yoki hikmat kaliti»), «Munqiz minal zilol» («Adashishlardan saqlovchi»).
G‘azzoliy Forobiy va Ibn Sinolarning asarlarini yaxshi bilar edi. Ularning falsafiy ta'limotlari islomni mustahkamlash uchun xizmat qilmasligiga ishonch hosil qilgach, ularga qarshi turdi.
G‘azzoliyning eng yirik asari uning bir necha jildlik «Ixyoi ulum ad-din» bo‘lib, uning arabcha asl nusxasi bilan bir qatorda tushunishga osonroq bo‘lishi uchun fors tilida «Kimyoi saodat» deb ataluvchi qisqacha variantini ham yozgan. Markaziy Osiyoda buning qisqachasi «Chahor kitob» (To‘rtta kitob) deb ham yuritiladi. Bu asar juda ham mashhur bo‘lib ketgan edi. Tasodifiy emaski, mashhur islomshunos I. Goldsier qayd etganidek, «agar Muhammaddan keyin payg‘ambar bo‘lishi mumkin bo‘lganda, albatta, bunday kishi al-G‘azzoliy bo‘lar edi»95.
Abu Homid G‘azzoliy fikricha, rasmiy diniy e'tiqod mo‘minning tashqi tomondan o‘z burchini bajarishinigina talab qilib, unda his-tuyg‘uga o‘rin qoldirmaydi.
Ikkinchi tomondan, tasavvuf, uning fikricha, agarchi his-tuyg‘uga katta o‘rin ajratgan bo‘lsa ham, o‘z ta'limotida hamma vaqt ham me'yorni saqlamasdan ba'zida islomning umumiy talablaridan chiqib ketish darajasiga boradi.
G‘azzoliy diniy bilimlarni jonlantirishni quyidagicha amalga oshirish mumkinligini ta'kidlaydi: qotib qolgan rasmiyatchilik o‘rniga e'tiqodga tasavvufdan iqtibos qilingan bir qator ilohiy unsurlarni, masalan, jo‘shqin his-tuyg‘u, mehr-muhabbatni kiritish lozim. Bunday tajriba to‘la g‘alaba qozondi, chunki G‘azzoliydan keyin ilgarigi an'anaviy aqida tarafdorlari juda ham kam qoldi.
Ikkinchi tomondan, G‘azzoliy tasavvufning barcha qoidalarini tekshiruvdan o‘tkazib, uning qaysi tomonlari sunnatga muvofiq kelishi, qaysinisi to‘g‘ri kelmasligini aniklab, mo‘tadil tasavvuf tizimini yaratdi. Unda ilohiy unsurlar va jazava holati eng kam miqdorda keltirilib, asosiy e'tibor tashqi marosimlarga qaratildi. Shunday qilib, ruhoniylarning kuchayib borayotgan yuqori tabaqalarini qoniqtiradigan va shu bilan birgalikda shayxlarning ta'sir doirasini qisqartiradigan islomga sodiq tasavvuf vujudga keltirildi.
Musulmon ilohiyoti tarixiga G‘azzoliy islomning nazariy aqidalarini yangilovchi, ilohiyot falsafasi bo‘lgan kalomni asosiy tizimga soluvchi sifatida kirdi. Bunday xizmati uchun uni «Ulug‘ imom», «Hujjat ul-islom» («Islom dinining himoyachisi») laqablari bilan sharfladilar.
G‘azzoliy falsafa va diniy ta'limotlarning barcha vakillarini to‘rt toifaga bo‘ldi: 1) mutakallimlar; 2) botiniylar; 3) faylasuflar; 4) so‘fiylar.
Arastu va uning Forobiy va Ibn Sino siymosidagi izdoshlariga qarshi chiqib, G‘azzoliy ularning «adashganliklari»ni yigirmata qoidada deb bildiki, ulardan uchtasi dinga butunlay qarshi, qolgan o‘n yettitasi – «bid'at»96, deb tan olinishi kerak edi. Dinga butunlay qarama-qarshi bo‘lgan uch qoidaga u quyidagilarni kiritdi: 1) badan o‘limdan keyin tirilmaydi, mukofot va jazo ruhiy bo‘lib, jismoniy xususiyatga ega emas; 2) Haqtu Alloh alohida ayrim olingan narsalar haqida emas, balki umumiy narsalar haqida bilimga ega; 3) dunyoning abadiyligi va o‘lmasligi haqidagi fikr. Uning fikricha, Arastu ta'limoti islom uchun xavf tug‘diradi, negaki, uning ta'kidlashicha, «dunyo» hamisha o‘z-o‘zicha mavjud bo‘lgan va yaratuvchiga ega bo‘lmagan, hayvonlar hamisha urug‘dan paydo bo‘lganlar, urug‘ esa – hayvondan paydo bo‘lgan, asrlar davomida shunday bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Bular kofirlardir97.
Do'stlaringiz bilan baham: |