Borliq haqidagi ta'limot. Ibn Sino fikricha, borliq vojibul vujud (zarur bo‘lgan vujud), ya'ni birinchi sabab, Xudo, barcha ashyolarning ibtidosi va mumkinul vujud (bo‘lishi mumkin bo‘lgan vujud), ya'ni qolgan barcha narsalardan iboratdir. Vojibul vujud o‘z-o‘zicha bor bo‘lib, yagonadir. Mumkinul vujud (mumkin bo‘lgan vujud) birinchi sababdan kelib chiqib, ayni vaqtda ko‘plikdir, ya'ni o‘zida ko‘p ashyolarning paydo bo‘lish imkoniyatini sig‘diradi. Shunday qilib, borliq bo‘linmaydigan yagona va bo‘linadigan ko‘plikdan tashkil topgandir. Ko‘plik darhol paydo bo‘lmaydi, balki asta-sekin, sabab va oqibat shaklida namoyon bo‘ladi.
Borliqning barcha shakllari dastlab yagonada mavjud bo‘ladi. Birinchi sababdan uzoqlashgan sari ushbu shakllar ko‘proq mustaqillik kasb etib, faqat bevosita oldingi sababga nisbatangina bog‘liq bo‘ladilar. Shunday qilib, turli ashyolar vujudga (zaruriy vujud) nisbatan turlicha darajada yaqinlikda bo‘ladilar. Vojibul-vujudning xususiyati keyingi keladigan barcha vujudga uzatiladi. Ibn Sino shunday yozadi: «Vojibul vujud shundayki, barcha o‘z mavjudliklarini undan oladigan narsalar zaruriy ravishda mavjuddirlar, negaki, shunday bo‘lmasa vojibul vujudda shunday holat vujudga kelar ediki, u unda bo‘lmas edi, va o‘sha vaqtda u barcha jihatlardan vojibul vujud bo‘lib qolar edi»78. Bunday ta'limotni deistik yo‘nalishdagi panteizm sifatida baholash mumkin.
Mumkinul vujud (bo‘lishi mumkin bo‘lgan vujud) javhar (substansiya) va orazdan (akundensiya) tashkil topgan eng umumiy va o‘zini ko‘plab namoyon etadigan javhar – birinchi ibtidodagi unsurlar (olov, havo, suv, tuproq)dir. Modda, shakl, ruh va aql – oddiy javharlardir, jism esa – murakkab javhar. Barcha ashyolarga xos bo‘lgan umumiy xususiyat – jismiylik bo‘lib, modda va shakldan tashkil topadi. Ular o‘zaro bog‘liqdir va biri ikkinchisisiz mavjud bo‘lmaydi. «…modda jismiy shaklga ega va jismiy shaklsiz voqyelik mavjud bo‘lmaydi. Binobarin, u jismiy shakl tufayli haqiqiy mavjud bo‘lgan javhardir. Shunday ekan jismiy shakl haqiqatda javhardir»79.
Ibn Sino dunyoni yagona birlikda deb hisoblaydi: «Bo‘shlik mavjud emas … butun dunyo yagona jismdir».
Ibn Sino harakat tahliliga katta e'tibor qaratib, uni mexanik tarzda o‘rin almashtirish deb qaramaydi: «Harakat deb odatda shunday narsaga aytiladiki, u makonda sodir bo‘ladi, ammo hozirgi vaqtda bu tushunchaning ma'nosi boshqacha bo‘lib, makoniy harakatdan ko‘ra umumiyroq bo‘lib qoldi». Ibn Sino ta'kidlaydiki: «Qandaydir ashyoning har qanday holati va harakati, imkoniyatda shunday qandaydir ashyo bo‘lganligi sababidan harakat deb ataladi»80.
Fanlar tasnifi. Barcha falsafiy fanlarni Ibn Sino ikki turga: nazariy va amaliyga bo‘ladi. Amaliy fan o‘z navbatida siyosat, huquq, uy xo‘jaligi va axloqqa bo‘linadi; nazariy ilm – metafizika (oliy ilm), riyoziyot (o‘rta ilm) va tabiat haqidagi ilm (quyi ilm) ga bo‘linadi. Metafizika mutlaq borliq va uning umumiy holatini o‘rganadi – eng umumiy tushunchalar hamda ilohiyot – Xudoni bilishni ham qamrab oladi. Riyoziyot (matematika) miqdoriy munosabatlar – andoza va sonlarni va ularning turli shahobchalari bo‘lgan: handasa (geometriya), arifmetika, astronomiya, musiqa, optika, mexanika, harakatdagi doiralar haqidagi ilm, asboblar haqidagi ilm va boshqalarni o‘rganadi.
Tabiatshunoslik tabiatni o‘rganadi va 6 bo‘limdan iboratdir: butun tabiat uchun umumiy bo‘lgan masalalar – modda, shakl, odatdagi holat, harakat va hokazo; dunyoni asosini tashkil etgan jismlar holati – osmondagi narsalar, unsurlar, ularning miqdori va hokazo; tabiiy jarayonlar – tashkil topish, paydo bo‘lish, yo‘qolish, o‘sish, jismning zavoli va hokazo; qo‘shilishidan oldingi 4 unsurning holati, shuningdek, obu havo muhitidagi hodisalar – shahoblar(meteoritlar), yomg‘ir, momaqaldiroq, chaqmoq, shamol, kamalak va hokazo; tabiatshunoslik jonsiz tabiatni, o‘simliklar dunyosi, hayvonlar dunyosini; inson ruhi va ruhiy kuchlarining holatini o‘rganadi. Tabiatshunoslikka Ibn Sino tabobat, munajjimlik, qiyofashunoslik, tush ta'biri to‘g‘risidagi fan, tumor, afsungarlik, alximiya haqidagi ilmlarni ham kiritadi81.
Do'stlaringiz bilan baham: |