Mavzu-10. Diagnostikalashning asosiy tushunchalari va ta’riflari
Reja:
10.1 Nuqson va uni aniqlash.
10.2 Diagnostikalash tizimining tarkibi.
10.3 Nazorat va diagnoz qo‘yish.
10.4 Diagnostika ob’ektlari modellari.
10.5 Nazoratga yaroqlilikni baholash ko‘rsatkichlari.
10.1 Nuqson va uni aniqlash
Nuqson – bu obyektning berilgan, talab etiladigan yoki undan kutiladigan xususiyatiga mos kelmasligini bildiradi.
Nuqsonni topish – bu obyektda haqiqatan ham nuqson bor yoki yo‘qligini aniqlash.
Nuqsonni qidirish – bu obyektda nuqsoni bor joyni berilgan aniqlik bilan ko‘rsatishdan iborat.
Nazorat – bu obyektning texnik holatini aniqlash maqsadida axborot yig‘ish va unga ishlov berish jarayonini o‘z ichiga oladi.
Diagnostikalash tizimi diagnostik obyekt, diagnostik vosita va algoritm majmuyini o‘z ichiga oladi.
10.2 Diagnostikalash tizimining tarkibi
Texnik diagnostikalash tizimi butun obyekt yoki uning tarkibiy qismlari texnik holatini aniqlash uchun kerak bo‘ladigan vosita, obyekt va ijrochilar majmuyini tashkil etadi.
Obyekt (transport vositasi, agregat, mexanizm, uzel)ni diagnostikalash texnik hujjatlarda belgilangan algoritm (obyektga ta’sir etish ketma-ketligi yig‘indisi) bo‘yicha amalga oshiriladi (10.1-rasm).
Diagnostikalash obyekti transport vositasi va (yoki) uning tarkibiy qismlari bo‘lishi mumkin.
Diagnostikalash obyekti diagnostikaning zarurati va imkoniyatlari bilan tavsiflanadi. Uning zarurati texnik holat o‘zgarishi qonuniyatlari va iqtisodiy maqsadga bog‘liq bo‘lsa, imkoniyati – diagnostik ta’minotga bog‘liq. Diagnostik ta’minot transport vositasi hayoti stiklining barcha bosqichlarida diagnostikalashni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qoida, usul, algoritm va vositalarning bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan majmuyini tashkil etadi. Obyektning diagnostikalashga moslashganligini ta’minlash uchun loyihalash bosqichida diagnostik ta’minotni ishlab chiqish kerak. Buning uchun diagnostika modeli tahlil etiladi.
Diagnostik axborotni olish bo‘yicha diagnostikalash tizimi funkstional va testli turlarga bo‘linadi. Funksional diagnostikalash obyektning ishlash jarayonida olib boriladi. Testli diagnostikalashda obyektning sun’iy ishlashi tashkil etilib, diagnostik parametrlar o‘lchanadi.
Diagnostik parametrlarni o‘lchash bo‘yicha diagnostikalash tizimi universal va maxsus turlarga bo‘linadi. Universal tizim bir necha diagnostik jarayonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, maxsus tizim faqat bitta diagnostik jarayonni ta’minlaydi.
Diagnoz qo‘yish asosi bo‘yicha diagnostikalash tizimi umumiy va elementar (lokallashgan) bo‘lishi mumkin. Umumiy diagnoz qo‘yishda, diagnostik obyekt bir butun tarzda ko‘riladi va bunda obyektning holati “yaroqli” va “yaroqsiz” darajasida aniqlanadi. Elementar diagnoz qo‘yish esa obyektning tarkibiy qismlarini diagnostikalash uchun qo‘llaniladi.
Diagnostik axborotga ishlov berish bo‘yicha diagnostikalash tizimi qo‘lda bajariladigan va avtomatlashtirilgan bo‘lishi mumkin. Qo‘lda bajarilganda o‘lchangan diagnostik parametrlarga ishlov berilib, keyin me’yoriy qiymatlar bilan taqqoslanadi va diagnostik xulosa chiqariladi. Avtomatlashtirilganida esa diagnostik parametr o‘lchanadi va uning qiymati asosida avtomatik tarzda diagnoz qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |