3.1. Baholash obyekti sifatida qurilish mashinalarini tavsiflash
Obyektning qiymati baholash maqsadi va vazifasiga bog‘liq holda aniqlanib, buning uchun baholashning tegishli tamoyillari va usullari tanlanadi.
Qurilish mashinasi qiymatini aniqlashda baholash maqsadidan kelib chiqqan holda quyidagi uchta yondoshuv qo‘llaniladi: xarajatli yondoshuv, qiyosiy yondoshuv, daromadli yondoshuv.
Uchta yondoshuvdan kelib chiqadigan baholash usullari dissertatsiya 1-bobining 1.2-paragrafda batafsil keltirilgan. Har bir usul ma’lum boshlang‘ich ma’lumotlarga tayanadi va bozorning turli tomonlarini aks ettiradi. Shu boisdan ham har bir usul bilan olingan qiymatlar turlicha bo‘lishi mumkin. Faqatgina talab va takliflar bir xil bo‘lgan mukammal bozorda, xaridorlar va sotuvchilar yaxshi xabardor bo‘lganlarida va bozorda lozim obyektlar soni yetarli bo‘lganida ularning qiymati bir-biriga yaqin bo‘lishi mumkin. Usullardan faqat bittasi foydalanilganida uni qo‘llash uchun ishonchli asoslar bo‘lishi lozim.
Qurilish mashinalarini baholashda yagona usuldan foydalanish uchun usullar tasnifi va ularning xususiyatlarini yaxshi bilish lozim, chunki baholash usullarining imkoniyatlarini bilmasdan turib ulardan baholash maqsadidan kelib chiqqan holda samarali foydalanish mumkin emas.
3.1-jadval Baholash obyektning bozor qiymatini aniqlash usullarini tasnifi13
Obyektning bozor qiymatini aniqlash usullarining tasnifi 3.1- jadvalda keltirilgan.
Qurilish mashinalarini baholash uslubiyatining mohiyati quyidagilardan iborat:
1. Baholanayotgan qurilish mashinasi to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash va tahlil etish:
Qurilish mashinasining iqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma’lumotlarni yig‘ish. Bunga obyektning ekspluatatsiyasiga aloqador daromadlar, xarajatlar, shunga o‘xshash obyektlar uchun ijara to‘lovi miqdori kiradi.
Qurilish mashinasidan foydalanishdagi ehtimoli bo‘lgan kelgusi daromadlar va xarajatlar haqida baholovchining bashorat qilingan ma’lumotlarini olish.
Baholanayotgan qurilish mashinasiga nisbatan kapitallashtirish (diskontlash) me’yorlarini hisoblash.
Turli (xarajatli, qiyosiy, daromadli) usullar bilan bajarilgan baholash natijalarini asoslangan holda muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy bahosini aniqlash.
Tadqiqot ishini amalga oshirish jarayonida baholash obyekti sifatida Navoiy viloyatining Xatirchi tumani A.Yassaviy 74-uy manzilida joylashgan “Xatirchi TYUFK” UK ga qarashli 2019-yilda ishlab chiqarilgan 85 DA 962 davlat raqamli LW300FN rusumli yuklagich tanlab olindi. Bunda baholash maqsadi obyektning bozor bahosini aniqlash deb belgilandi. Baholash ishlari kredit olish maqsadida garovga qo‘yish uchun amalga oshirildi.
Obyektlarning bozor qiymatini baholash quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
umumiy ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish: bu bosqichda bozor bahosiga ta’sir qiluvchi tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa omillar tahlil qilindi.
maxsus ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish: bu bosqichda baholanayotgan obyektga taalluqli chuqur o‘rganilgan ma’lumotlar yig‘ildi.
baholanayotgan obyektni ko‘rikdan o‘tkazish, obyektning va undagi komponentlarning jismoniy holatini aniqlash.
bozordagi analog obyektlar haqida ma’lumotlar yig‘ish, obyekt qiymatiga ta’sir qiluvchi barcha omillarni aniqlash.
obyektni baholashda turli yondashuvlarning qo‘llanilishi: obyektning bozor qiymatini baholash uchun uch xil yondashuv ko‘rib chiqildi (xarajatli, qiyosiy va daromadli yondashuvlar):
xarajatli yondashuv bilan baholash – qayta tiklash qiymati asosida;
qiyosiy yondashuv bilan baholash – bozorni tahlil qilish natijasida aniqlangan analog obyektlarni sotilishi haqidagi ma’lumotlar asosida;
daromadli yondashuv bilan baholash – analog obyektlarning ijarasi va ularning reversiya qiymati asosida.
olingan natijalar muvofiqlashuvi, har bir baholash yondashuviga koeffitsientlarni taqsimlash va yakuniy bahoni aniqlash;
baholash haqidagi hisobotni tayyorlash: bu bosqichda o‘tgan bosqichlarda olingan barcha natijalar birlashtirildi va yozma hisobot shakliga keltirildi.
Baholashga oid vazifasini tuzishda baholash obyekti barcha texnik parametrlar va konstruktiv elementlar, shuningdek barcha huquq va majburiyatlarni hisobga olgan holda tavsiflanadi.
Baholashga oid vazifalar buyurtmachi tomonidan baholovchi tashkilot bilan hamkorlikda tuziladi va baholash obyektini baholash to‘g‘risidagi shartnomaga ilova sifatida rasmiylashtiriladi. Baholashga oid vazifada 2.1-jadvalda keltirilganidek, quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:
baholash obyektining tavsifi;
baholash sanasi;
baholash maqsadi (maqsadlari) va baholash natijalaridan foydalanish mo‘ljali;