Baholash prinsiplarini quyidagi uch guruhga bo‘lish mumkin:
1) mulk egasining mulk to‘g‘risidagi tasavvuriga asoslangan prinsiplar;
2) mulkdan foydalanish hususiyati bilan bog‘liq prinsiplar;
3) bozor muhitiga bog‘liq prinsiplar.
Birinchi guruhga mulk egasining mulk to‘g‘risidagi tasavvuriga asoslangan prinsiplar kiradi.
Foydalilik prinsipining mohiyati shundan iboratki, obyekt qiymatining hal qiluvchi mezoni uning foydaliligi, ya’ni insonning qaysidir ehtiyojini qondira olish qobiliyati hisoblanadi.
Almashtirish prinsipi shundan kelib chiqadiki, ya’ni oddiy haridor taklif qilishi mumkin bo‘lgan obyektga baho tayinlanishi va iste’mol hususiyatilari bo‘yicha o‘xshash bo‘lgan boshqa obyektlarga bozorda yuzaga kelgan bahodan oshmaydi.
Kutish prinsipi hozirgi vaqtda obyektni sotib olishga yoki tayyorlashga ushbu obyektga egalik qilishdan kelajakda daromad (foyda) olishni kutayotgan haridor (investor)ning o‘z mablag‘larini qo‘yishga tayyorligini aks ettiradi.
Ikkinchi guruhga mulkdan foydalanish hususiyati bilan bog‘liq prinsiplar kiradi.
Ishlab chiqarish omillarining ta’siri ostida qiymatning shakllanishi prinsipining mohiyati quyidagilardan iborat. Mahsulot ishlab chiqarishda yoki ish bajarishda xizmat qiladigan baholanayotgan mashina kompleksi korxona (biznes) ishlab chiqarish tizimining quyi tizimi sifatida qaraladi, uning daromadliligi, iqtisodiyot nazariyasidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, to‘rtta omil bilan belgilanadi: yer, mehnat, kapital va menejment. Sof daromad – barcha to‘rt omilning o‘zaro harakati natijasi, shuning uchun daromadni baholash asosida butun ishlab chiqarish tizimining qiymati aniqlanadi.
Qo‘yilma prinsipining avtotransport vositalari va qurilish mashinalariga nisbatan qo‘llanilishining mohiyati shundan iboratki, obyektning funksional imkoniyatlarini kengaytiradigan qo‘shimcha qurilmalar bilan uning jihozlanishi obyekt qiymatini ushbu qurilmalarni sotib olish va o‘rnatish bo‘yicha xarajatlar miqdoriga o‘sishiga olib kelmaydi.
Muvozanatlashganlik (proporsionallik) prinsipi avtotransport vositalari va qurilish mashinalariga nisbatan qo‘llanilganda shuni tushunish kerakki, ya’ni mashina kompleksiga kiruvchi barcha obyektlar o‘tkazuvchanlik qobiliyati va boshqa tavsiflari bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan bo‘lishi lozim.
Eng maqbul va eng samarali foydalanish prinsipishuni talab qiladiki, ya’ni turlicha foydalanilishi mumkin bo‘lgan obyekt qiymatini baholash undan eng yaxshi va eng samarali foydalanish sharti bilan amalga oshiriladi.
Oshib boruvchi va kamayuvchi unum prinsipiga ko‘ra, kapital qo‘yilmalarining oshirib borilishi shunga mos ravishda mulkdan foydalanishdan unumning muayyan chegaragacha proporsional oshishiga olib keladi, shundan keyin mulkdan foydalanishdan unumning o‘sishi kapital qo‘yilmalarning oshishiga nisbatan kamayib boradi.
Mulkiy huquqlarni maqbul taqsimlash prinsipining mohiyati – mulkiy huquqlar mulk obyekti umumiy qiymatining eng yuqori darajasini ta’minlaydigan tarzda modifikatsiya qilinishi (birlashtirilishi yoki ajratilishi) kerak.
Uchinchi guruhga bozor muhiti bilan bevosita bog‘liq prinsiplar kiradi.
Talab va taklif prinsipining mohiyati shuki, obyektning bozor qiymati bozorda talab va taklifning o‘zaro ta’sirlashuvi hamda sotuvchilar va haridorlarning raqobat hususiyati natijasida shakllanadi. Bir obyektga turli kategoriyadagi haridorlar (investorlar) turlicha baho beradi.
Muvofiqlik prinsipi shuni talab qiladiki, ya’ni mulkning eng yuqori qiymati mulk obyektining o‘zi hamda undan foydalanish hususiyati bozor ehtiyojlari va kutuvlarga mos kelganda shakllanadi.
Raqobat prinsipining mohiyati shundan iboratki, ya’ni tovar bozorlari raqobatning xarakteri va holati, shuningdek ularning monopollashganlik darajasi bo‘yicha bir-biridan keskin farq qilishi mumkin.
O‘zgarish prinsipi obyekt qiymatining vaqt oralig‘idagi nodoimiyligi omillarini hisobga olishni talab qiladi. Mamlakatdagi umumiqtisodiy inflyasiya, alohida tovar bozorlari tarkibidagi o‘zgarishlar baho, shuningdek qiymat dinamikasini chaqiradi.
Bog‘liqlik (tashqi ta’sir) prinsipining mazmuni shuki, ya’ni baholash obyektining qiymati, u faoliyat ko‘rsatayotgan tashqi iqtisodiy muhitga bog‘liq, o‘z o‘rnida ushbu baholash obyekti u bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa obyektlar qiymatlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Sanab o‘tilgan tamoyillar umumlashtirilgan holda universal va barcha baholash obyektlariga qo‘llanilishi mumkin.
Umumiy holda qiymat talab va taklifning iqtisodiy tamoyillarga muvofiq yaratiladi va qo‘llab-quvvatlanadi. Qiymat tushunchasi bozorda mavjud bo‘lgan baholash obyekti uchun vaqtning aniq lahzasida sotuvchi va haridor o‘rtasidagi o‘zaro bitim bo‘yicha to‘lanadigan hisobli eng ehtimolli bahoni aks ettiradi.
Bozor ishtirokchilarining bitimni amalga oshirish imkoniyatidan tashqari, baholash obyekti qiymati alternativ iqtisodiy foydalilik bilan yoki baholash obyekti bilan bog‘liq funksiyalar bilan asoslanishi mumkin, shuningdek notipik bozor shartlarini aks ettirishi mumkin.
Baholash obyekti manfaatdor shaxslarning manfaatlari va baholash natijalaridan foydalanish maqsadlari nuqtai nazardan turlicha qiymatlarga ega bo‘lishi mumkin. SHuning uchun qiymat tushunchasini qo‘llashni faqat aniqlanayotgan qiymatning aniq turini ko‘rsatish bilan amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Baholash obyekti qiymati turlarining ro‘yxati va tushunchalari baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlari uchun qo‘llashga majburiy bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standartida keltirilgan [4]. Avtotrasport vositalari va qurilish mashinalarini baholashda foydalaniladigan, baholash faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga javob beradigan qiymatining asosiy turlarining nomlanishi va ta’riflari 1-jadvalda keltirilgan.
1.1-jadval