Tizimli yondashuv baholanayotgan obyektni o‘zaro bog‘liq turli xil elementlardan tashkil topgan va boshqa tizimlar (tashqi muhit) bilan kirish va chiqish aloqalariga ega murakkab texnik tizim sifatida qarashni nazarda tutadi. Tizimning integrativ xossalari alohida hususiyatlarga ega va tizimga kiruvchi elementlar xossalarining algebraik yig‘indisiga olib kelmaydi. Tizimli tahlil tizimni tuzilmalashtirish, elementlar o‘rtasidagi va tashqi muhit bilan aloqalarni o‘rganish, elementlar va butun tizimning parametrlarini aniqlash kabi operatsiyalarni o‘z ichiga oladi. Tizimli tahlil, shuningdek, obyektning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlilida ham qo‘llanilishi mumkin. Bunda kompleks ko‘rsatkich turli darajadagi hususiy ko‘rsatkichlar tizimi sifatida ko‘riladi.
Funksional yondashuvning mohiyati shundan iboratki, har qanday moddiy obyekt ma’lum funksiyani tashuvchi sifatida qaraladi. Funksiyalar foydali va foydasiz bo‘lishi mumkin. Foydasiz funksiyalarning mavjudligi obyektning oqlanmagan qimmatlashuviga olib keladi. Funksional yondashuv prinsipi qiymat tahlili va qiymat injiniringi nazariyasining asosida yotadi.
Statistik modellashtirish – matematik statistika nazariyasi qoidalariga tayanuvchi va baholovchiga iqtisodiy-matematik korrelyasion modellarni qurish uchun ishchi qurollarni beruvchi metodologiya. Baholashdagi kabi bahoni shakllantirishda ham bahoning mashinalar texnik parametrlariga bog‘liqligini modellashtirish uchun hamda baho trendlarini qurish uchun korrelyasion-regression va dispersion tahlilning usullari keng tarqalgan. Statistik modellashtirish, shuningdek, baholash natijalaridagi hatoliklarni tahlil qilishga, qiymat hisob-kitoblarida foydalaniladigan xarajatlar va rentabellikning iqtisodiy normativlarini ishlab chiqish va asoslashga imkon beradi.
Hayotiy sikl prinsipi obyekt hayotining barcha bosqichlari parametrlarini tadqiq qilishni nazarda tutadi: loyihalash, ishlab chiqarish, sotuv, ekspluatatsiya va utilizatsiya. Hayotiy siklning har bir bosqichida daromad va xarajatlar, ya’ni pul oqimi baholanadi va tahlil qilinadi. Hayotiy sikl nazariyasi qoidalari obyekt faoliyatining samaradorligini baholash, foydali foydalanish muddati (xizmat muddati)ni prognozlashtirish, obyektning eskirish (emirilish) darajasini baholash va boshqa shu kabi amaliy vazifalarni hal qilishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |