Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti, NATO (North Atlantic Treaty Organization-NATO) – xalqaro davlatlararo harbiy-siyosiy tashkilot bo’lib, u 1949 yilning 4 aprelida Vashingtonda 12 davlat: AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Kanada, Italiya, Portugaliya, Norvegiya, Daniya, Islandiya vakillari tomonidan Shimoliy Atlantika shartnomasi imzolanishi bilan tashkil topgan. Tashkilotga 1952 yili Gretsiya va Turkiya; 1955 yil GFR, 1982 yil Ispaniya, 1999 yil Vengriya, Polsha va Chexiya, 2004 yil Latviya, Litva, Estoniya, Slovakiya, Sloveniya, Bolgariya va Ruminiya qabul qilindi.
NATO harbiy ittifoq hisoblanadi. Uning ichida yagona, markazlashgan organ mavjud emas. Huquqiy jihatdan hech bir davlat o’zining ko’rsatmalariga qo’shilishga boshqa davlatlarni majbur etishga majbur emas. NATO tuzilmasini siyosiy (fuqaroviy) va harbiy qismga bo’lish mumkin. Shim. Atlantika Kengashi NATO ning oliy siyosiy organi hisoblanadi. U ittifoqqa a’zo mamlakatlar hukumatlari o’rtasida maslahatlashib olinadigan va ishlarni muvofiqlashtiruvchi asosiy forumdir. Qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi va barcha a’zolar uchun bir xilda kuchga ega bo’ladi.
Harbiy masalalar Mudofaani rejalashtirish komiteti (MRK) majlislarida muhokama qilinadi. Yadroviy rejalashtirish guruhi majlislarida NATO siyosatida yadro qurolining ahamiyati bilan bog’liq masalalar bo’yicha maslahatlashuv bo’ladi. NATO Bosh kotibi yuqoridagi har uchchala organning raisi hisoblanadi. Xalqaro kotibiyat ham uning tasarrufida bo’ladi. Harbiy komitet NATOning oliy harbiy organi hisoblanadi. U barcha qatnashchi mamlakatlar Bosh shtablari boshliqlaridan tashkil topadi. Komitet yiliga 2 marta shtab boshliqlari darajasida majlis qiladi, joriy masalalar NATOga a’zo mamlakatlar harbiy missiyalari vakillarining har haftalik uchrashuvlarida muhokama qilinadi. Xalqaro harbiy shtab Harbiy komitetning ijroiya organidir. NATO Praga sammiti (2002 y. noyabr)ning qarorlariga muvofiq Yevropa va Atlantikada Bosh harbiy qo’mondonliklar o’rniga NATO Birlashgan qo’mondonliklari tuzildi. Bular – Yevropada NATO birlashgan kuchlari Bosh qo’mondonligi o’rniga operatsiyalar ustidan Birlashgan qo’mondonlik; Atlantikada NATO birlashgan kuchlari Bosh qo’mondonligi o’rniga qayta tuzish bo’yicha Birlashgan qo’mondonlik.
“Sovuq urush” tugagandan so’ng NATOni dunyoda yuzaga kelgan yangi vaziyatga moslashtirish boshlandi. 1991 yilda Shimoliy Atlantika hamkorlik kengashi tuzildi. U Yevroatlantika hamkorlik kengashiga aylantirildi (1997 y.). 1994 yildan NATOning “Tinchlik yo’lida hamkorlik” dasturi amalga oshirila boshlandi. Bu dastur Yevroatlantika hududi xavfsizligining asosiy tarkibiy qismiga aylandi va NATOda markaziy o’rinni egallab kelmoqda.
O’zbekiston tomonidan NATOning “Tinchlik yo’lida hamkorlik” dasturiga qo’shilish to’g’risidagi hujjat 1994 yil 13 iyulda imzolangan. 1995 yil 26 avgustda O’zbekiston NATO bilan xavfsizlik to’g’risidagi bitimni imzoladi. O’zbekistonning NATO bilan o’zaro aloqalari har yili ikkala tomondan tasdiqlanadigan Individual hamkorlik dasturi orqali amalga oshiriladi1.
1996 yildan asosiy ustuvor yo’nalishlar bo’yicha har yili ishlab chiqiladigan individual hamkorlik dasturi doirasida harbiy kadrlarni o’qitish, mudofaa siyosati, terrorizmga qarshi kurashish, ilm va fuqarolik favqulotda rejalashtirish sohasida hamkorlik amalga oshirilib kelinadi. O’zbekiston NATOning alohida qo’mitalarining ishlarida ishtirok etadi. 2007 yil may oyida va 2008 yilning fevral va oktabr oylarida NATOning Ilmiy qo’mitasi vakili K.Uispelerning tashrifi NATO bilan ilmiy hamkorligiga yanada mustahkamlik impulsini qo’shdi. 2008 yil 3 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov NATOning bosh kotibi Y.Sxefferning taklifiga binoan Buxarest shahrining NATO/SEAP Sammitida ishtirok etdi. Ushbu uchrashuvda I.Karimov NATOning ishtirokida Afg’onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish maqsadida “6+3” muloqot guruhini tashkil etish taklifi bilan chiqdi2.
Yevropa xavfsizligi. Yevropa xavfsizligining mustahkam tizimini vujudga keltirish XX asrning muhim va dolzarb muammolaridan biri hisoblangan. Uni yaratishda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasida muayyan muvaffaqiyatlarga erishildi. 1992 yil 9-10 iyul kunlari bo’lib o’tgan YEXHT ishtirokchilari davlat va hukumat boshliqlarining uchrashuvida (Xelsinki-II) ma’qullangan Deklaratsiyada YEXHT Yangi Yevropaning shakllanish jarayoni yo’nalishini belgilovchi va bu jarayonni rag’batlantiruvchi anjuman ekanligi ta’kidlangan (22-band).
Tinchlikparvarlik harakatlarini amalga oshirishda YEXHT mavjud tashkilotlar, masalan, Yevropa Ittifoqi, NATO, shuningdek MDH resurslari va tajribasidan foydalanishi mumkin. Har bir muayyan holatda YEXHT mazkur tashkilotlar yordamidan foydalanish to’g’risida qaror qabul qiladi.
YEXHTning Budapesht (1994 yil) va Lissabon (1996 yil) shaharlarida bo’lib o’tgan oliy darajadagi uchrashuvlari qarorlarida Yevropada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda asosiy rolni YEXHT o’ynashi tan olingan, YEXHT mintaqada mojarolarning oldini olish va nizolarni tinch yo’l bilan hal qilishning asosiy vositalaridan biri ekanligi ta’kidlangan.
Shuni ta’kidlash zarurki, YEXHT har xil miqyosda tinchlikparvarlik harakatlarini o’tkazish borasida muayyan tajriba to’plagan. Uning missiyalari Bosniya va Gersegovinaga, Xorvatiyaga, Estoniyaga, Latviyaga, Ukrainaga, Gruziyaga, Moldaviyaga, Tojikistonga, Tog’li Qoraboqqa, sobiq Yugoslaviyaning Makedoniya respublikasiga, Kosovoga yuborilgan. Ularning mandatlari hududdagi muayyan vaziyatni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va mahalliy vakillar bilan yaqin aloqa o’rnatish, mojaro taraflari o’rtasida boshlangan munosabatlarni yanada mustahkamlash vazifasi qo’yilgan.
Yevropada tinchlikni ta’minlashda YEXHTning samaradorligini oshirish Yevropa xavfsizligining konseptual asoslarini ta’riflovchi hujjatlar ishlab chiqish zarurligi bilan bog’liq. 1994 yil davlatlar va hukumat boshliqlarining Budapesht kengashida xavfsizlikning harbiy-siyosiy jihatlari bo’yicha Xulq-atvor kodeksi qabul qilindi va u 1995 yil yanvardan kuchga kirdi. Hujjatda asosiy e’tibor YEXHTning xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy say-harakatlariga muvofiq mintaqada va undan tashqarida milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
O’zbekiston mustaqilligining birinchi kunlaridanoq o’zining tashqi siyosati ustuvor yo’nalishlarini inobatga olgan holda Yevropa bilan hamkorligini mustahkamladi. O’zbekistonning Yevropa davlatlari bilan munosabatlari ikki tomonlama va ko’p tomonlama darajada amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda O’zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan ikkitomonlama muzokaralari aktiv xarakterga ega1.
Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligini ta’minlash borasida BMT, YEXHT, NATO, YEI, IHT, IKT va boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etadi, ammo bu hozirgi jahon siyosiy beqarorligi, global darajadagi tabiiy o’zgarishlar, turli ekstrimal holatlar va mintaqaviylik tendensiyalari kechayotgan bir sharoitda tom ma’noda mintaqada tinchlik va barqarorlikni kafolatlovchi shart bo’la olmaydi. Chunki mintaqadagi muammolar birinchi navbatda shu makon va zamonda o’z yechimini topishi tabiiy hol hisoblanadi. Aks holda mintaqaning xilma-xil manfaatlar ta’siriga tushib qolishi oqibatida turli chigalliklar kelib chiqishi va murakkab ziddiyatli muammolar oqibatida ba’zi qiyinchiliklar paydo bo’lishi mumkin.
Insoniyat duch kelgan va duch kelayotgan, xavfsizlikka bo’layotgan jiddiy tahdidlar faqatgina davlatlar o’rtasidagi agressiv urushlar oqibatidagina emas, balki qashshoqlik, infeksion kasalliklar, atrof-muhit holatining yomonlashib borishi, davlat ichidagi zo’ravonlik va urushlarni, yadro, kimyoviy, radiologik va biologik qurollardan foydalana olish imkoniyati va uning tarqalishini, terrorizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va boshqalar oqibatida vujudga keladi.
Globallashuv jarayonida mintaqaviy hamda global xavfsizlikni ajratib olish darkor. “Mintaqaviy xavfsizlik” global, xalqaro xavfsizlikning tarkibiy qismi bo’lib, yer sharining ma’lum bir mintaqasiga qaratilgan xavfsizlikka nisbatan aytiladi. YA’ni bunda mintaqaning rivojlanishiga, barqarorligiga, undagi davlatlar guruhlari o’rtasidagi aloqalarga urush, beqarorlik tahdidini solayotgan omillardan himoyalanish holati tushuniladi. “Mintaqaviy xavfsizlik ma’lum bir mushtarak geosiyosiy muhitda joylashgan va bir-biriga uzoq tarixdan bevosita bog’lanib qolgan xalqlar, millatlar, davlatlarga tegishli bo’lgan hayotiy muhim manfaatlarni ichki va tashqi tahdidlardan davlatlaro hamkorlik asosida himoya qilish holatidir”.
Do'stlaringiz bilan baham: |