15-mavzu. Oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo'jaligini rivojlantirish
Reja;
1.Aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash.
2.Oziq-ovqat sifatini nazorat qilish.
3.Oziq-ovqat mahsulotlari chiqindilaridan ikkilamchi mahsulot olish.
1.Aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) hamda Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, hozirgi vaqtda dunyoda 840 milliondan ortiq kishi to’yib ovqatlanish imkoniyatiga ega emas. Bu jahon aholisining deyarli har sakkiz nafaridan biri, deganidir. Bundan tashqari, sayyoramiz nufusining 30 foizidan ziyodi to’laqonli ravishda ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosini boshidan kechirmoqdaki, bularning barchasi oziq-ovqat xavf-sizligini ta’minlash naqadar dolzarb masala ekanligini yaqqol ko’rsatib turibdi.
Aslida oziq-ovqat xavfsizligi juda keng tushuncha bo’lib, u, eng avvalo, aholi ehtiyojini fiziologik me’yorlarga mos ravishda iste’mol tovarlari bilan ta’minlashni nazarda tutadi. Biroq keyingi paytda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o’sishi aholi soni va ehtiyojlarining ortishidan orqada qolayotgani, ayniqsa, qishloq xo’jaligi hamda qayta ishlash sanoati rivoji uchun yetarli sharoit mavjud bo’lmagan mamlakatlarda muammo tobora chuqurlashib borayotgani tashvishlanarlidir.
Shunday murakkab bir paytda O’zbekistonimizda aholining muhim kundalik iste’mol tovarlariga bo’lgan talabi to’liq qondirilibgina qolmay, katta miqdorda eksport qilinayotgani tahsinga loyiq.
Gap shundaki, yurtimizda jon boshiga qariyb 300 kilogramm sabzavot, 75 kilogramm kartoshka va 44 kilogramm uzum to’g’ri kelmoqda. Bu optimal, ya’ni maqbul deb hisoblanadigan iste’mol me’yoridan uch barobar ko’pdir. Qolaversa, 180 turdan ortiq sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyoning 80 ta davlatiga eksport qilinayotgani kimni quvontirmaydi deysiz?!
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti bosh direktori Joze Gratsianu da Silva 2014 yilning 5-6 iyun kunlari Toshkent shahrida o’tkazilgan “O’zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzuidagi xalqaro -konferensiyada so’zlagan nutqida mamlakatimizda mazkur jabhada qo’lga kiritilayotgan yutuqlarga alohida to’xtalib, jumladan, shunday degan edi: “2000 yillarning boshlaridan bugungi kungacha O’zbekiston qishloq xo’jaligi sohasida hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida ulkan taraqqiyotga erishdi. 2000 yildan boshlab qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi va hosildorlik muttasil oshirib kelinayotgani bunday hayratlanarli yutuqlarning bosh omilidir”.
Darhaqiqat, O’zbekiston — qishloq xo’jaligida ko’p yillik boy tajriba va yuksak ilmiy salohiyatga ega mamlakat. Biroq mustabid tuzum davrida paxta yakkahokimligi halokatli darajada avj olishi oqibatida iqtisodiyot biryoqlama yo’ldan ketdi. Istiqlolga erishgach, soha tubdan isloh qilinib, yurtimiz qishloq xo’jaligi tarixida tamomila yangi davr boshlandi. Prezidentimiz Islom Karimovning 1991 yil 29 noyabrdagi “Respublikada dehqon (fermer) xo’jaliklarini yanada mustahkamlash va -tadbirkorlik faoliyatini davlat yo’li bilan qo’llab-quvvatlash to’g’risida”gi Farmoni bunda tamal toshi bo’lib xizmat qildi.
Respublikamiz agrar soha xodimlarining bugungi mehnatlari zamirida qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko’paytirish orqali xalqimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirishdek yuksak vazifalar mujassam. Soha ravnaqiga qaratilayotgan e’tibor, qishloq odamlariga yaratib berilayotgan munosib mehnat sharoitlari tufayli ushbu ezgu maqsadga to’liq erishilmoqda. Bunday deyish uchun asoslarimiz yetarli, albatta. Masalan, 1990 yilda yurtimiz aholisining oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go’sht, sut va qandolat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyoji, asosan, import hisobiga qondirilgan bo’lsa, bugungi kunda ularning deyarli barchasi o’zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar evaziga qoplanmoqda. O’tgan davrda aholi soni 11 milliondan ziyod o’sganiga qaramay, jon boshiga go’sht iste’moli 1,4 barobar, sut va sut mahsulotlari 1,5 karra, kartoshka 1,9 marta, sabzavot 2,6 barobardan ziyod, meva 6,3 marta ortgani ko’p narsani anglatadi.
Shubhasiz, bu muvaffaqiyatlar negizi Yurtboshimiz tashabbusi bilan 1989 yilda, ya’ni sobiq ittifoq davridayoq, qishloq aholisini ijtimoiy himoya qilish, ularning daromadlarini oshirish va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko’paytirish maqsadida ko’plab oilalarga tomorqa berila boshlanganiga borib taqaladi. Uzoqni ko’zlagan holda boshlangan ushbu sa’y-harakatlar Prezidentimizning 1991 yil 11 yanvardagi “Kolxozchilar, sovxozlarning ishchilari va qishloq joylarida yashovchi boshqa fuqarolarning shaxsiy yordamchi xo’jaliklarini yanada rivojlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoniga muvofiq, yanada keng quloch yozdi.
Mazkur tarixiy hujjatda 1991 yilning sentyabriga qadar ajratib beriladigan tomorqa uchastkalari rasmiylashtirilishini ta’minlash, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda 1989-1990 yillarda ajratib berilgan barcha tomorqa yerlarini qayta ro’yxatga olish, foydalanilmayotgan uchastkalarni muhtoj oilalarga berish, yer uchastkalari ajratishda ijtimoiy adolatga rioya etilishini qat’iy nazoratga olish kabi vazifalar belgilab olingan ediki, bu yurti, xalqi uchun har qanday xizmatga tayyor turgan davlat rahbarining qahramonligi va yuksak jasorati namunasi bo’ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz.
Amalga oshirilgan bunday oqilona tadbirlar natijasida 1,5 million oila o’z tomorqa maydonlarini kengaytirish, 500 mingdan ortig’i yangi tomorqa olish imkoniyatiga ega bo’ldi. Shu ma’noda aytganda, bu mazkur islohot tufayli respublikamizdagi 2 milliondan ortiq oila, ya’ni o’rtacha 10 milliondan ziyod qishloq aholisining ijtimoiy-iqtisodiy muammosi ijobiy hal etildi, degani emasmi?!
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda yerni haqiqiy egasiga berish va qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko’paytirish yo’lidagi ana shunday yirik siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar takomillashtirilib, jamoa va shirkat xo’jaliklarining yerlarini xususiy mulkchilik shaklidagi fermer xo’jaliklariga uzoq muddatga ijaraga berish amaliyoti boshlandi.
2.Oziq-ovqat sifatini nazorat qilish.
Bugungi kunda yurtimizda 160 mingdan ziyod fermer xo’jaliklari faoliyat ko’r-satayotgan bo’lib, ularning 36 mingdan ortig’i ko’p tarmoqli yirik sub’yektlardir. Ularda dehqonchilik yoki chorvachilik bilangina cheklanib qolmasdan, balki zamonaviy texnologiyalar, ixcham qayta ishlash uskunalari jalb etilgan holda, qo’shimcha tarmoqlar o’zlashtirilgan. Bu aholi, ayniqsa, qishloq odamlarining bandligini ta’minlash, daromadini oshirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli mahsulotlar bilan to’ldirishda muhim omil bo’lmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi haqida gap ketganda, istiqlol yillarida ekin maydonlarining tarkibi o’tgan asrning 90-yillaridagiga nisbatan tamoman o’zgarganini alohida ta’kidlash o’rinlidir. Agar o’sha paytlarda asosiy maydonlarda g’o’za parvarishlangan bo’lsa, hozirgi paytda paxta maydonlari deyarli 2 barobar qisqartirilib, ularning o’rniga don, sabzavot, poliz, moyli ekinlar ekilib, bog’ hamda tokzorlar barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2008 yil 20 oktyabrdagi “Oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni optimallashtirish va ularni yetishtirishni ko’paytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni bu jarayonda dasturilamal bo’lib xizmat qilayotir. Unga asosan, 2009 yil hosilidan e’tiboran 75,8 ming gektar, 2012 yil hosilidan esa yana 30,1 ming gektar paxta maydonlari qisqartirilgan bo’lsa, Asaka, Jomboy hamda Yangiyo’l tumanlarida bu ekin o’rniga to’lig’incha meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirila boshlandi.
Prezidentimizning 2015 yil 29 dekabrda qabul qilingan “2016 — 2020 yillar davrida qishloq xo’jaligini qayta shakllantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bu boradagi islohotlarning uzviy davomi bo’ldi. Unga ko’ra, 2016 — 2020 yillar mobaynida 170,5 ming gektar paxta va 50 ming gektar g’alla maydonlari o’rniga oziq-ovqat ekinlari ekilishi belgilanib, joriy yilning o’zida paxta maydonlari 30,5 ming gektarga qisqartirildi. Bularning samarasi o’laroq, mustaqillik yillarida qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 2 barobardan ziyod oshdi, xususan, kartoshka 7 marta, meva qariyb 4,1 marta, sabzavot 2,8 marta, sut va sut mahsulotlari 1,7 marta, go’sht 1,3 barobar o’sdi.
Eng muhimi, O’zbekiston juda qisqa vaqt ichida g’alla mustaqilligini qo’lga kiritib, don va don mahsulotlarini eksport qiluvchi davlatlar safidan mustahkam o’rin egalladi. E’tibor qiling: 1990 yilda atigi 1 million tonnadan ziyodroq g’alla hosili yetishtirgan dehqon va fermerlarimiz 2000 yilda 4,1 million tonna, 2015 yilda esa 7 million 300 ming tonnadan ziyod sara don yig’ishtirib olib, o’zbek dehqonlarining hyech kimdan kam emasligini amalda isbоtladilar. O’zbekiston o’zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdan tashqari, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksport qilish orqali xorijiy davlatlarning oziq-ovqat ta’minotiga munosib hissa qo’shayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkilotining 2015 yil iyun oyida Italiyaning Rim shahrida bo’lib o’tgan 39-konferensiyasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgan davlatlarni taqdirlash marosimida O’zbekiston 14 ta davlat qatorida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda erishgan mislsiz yutuqlari uchun maxsus mukofot bilan taqdirlangani fikrimiz tasdig’idir.
Mamlakatimizda sabzavot, poliz, kartoshka ekinlari, shuningdek, bog’ va tokzorlar maydonlari kengaytirilishi bilan birga, ushbu tarmoqlarda ishni to’g’ri tashkil qilish orqali uning samaradorligini oshirish uchun barcha zaruriy shart-sharoit yaratib berilgan. Ya’ni dehqon va fermer xo’jaliklari, aholi tomorqalarida ekinlar ekilishi bo’yicha monitoring yuritish mexanizmi yo’lga qo’yilib, zaruriy miqdordagi urug’lik, mineral o’g’it, yonilg’i-moylash mahsulotlari, mevali daraxtlar ko’chatlari yetkazib berishning maqbul tizimiga asos solingan.
Yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralari faqat ekin maydonlarini kengaytirish hisobigagina emas, balki jahonning ilg’or tajribalari, zamonaviy va intensiv agrotexnologiyalar tatbiq qilinayotgani, istiqbolli navlar yaratilib, -amaliyotga joriy qilinayotgani tufayli mustahkamlanayotir. Birgina akademik M. Mirzayev nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olim hamda mutaxassislari tomonidan meva va uzumning 28 ta serhosil navi yaratilib, Davlat reyestriga kiritilgan bo’lsa, olma, nok, shaftoli, o’rik, gilos, bodom, yong’oq, qorag’at (smorodina) hamda qulupnayning yana 36 ta yangi navi yaratilib, O’zbekiston Respublikasida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo’jaligi ekinlari davlat reyestriga kiritish va rayonlashtirish uchun taqdim etilgani diqqatga sazovordir.
Shu bilan birga, O’zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining seleksioner olimlari tomonidan har xil muddatda pishadigan hosildor, yuqori sifatli hamda kasalliklarga chidamli sabzavot ekinlarining 41, polizning 5 ta, kartoshkaning 6 ta yangi navi yaratildi.
Keyingi yillarda dunyo bo’yicha iqlim o’zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan ekologik omillar seleksionerlar oldiga yangi talablarni qo’ymoqda. Ilmiy asoslangan, taj-ribada sinalgan, suv tanqisligi va qurg’oqchil sharoitga moslashuvchan, turli -zararkunandayu kasalliklarga chidamli, yuqori hosilli navlarni ko’paytirishni hayotning o’zi taqozo etmoqda. Shu ma’noda, o’tgan yili akademik M. Mirzayev nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan “Invitro” laboratoriyasi ishga tushirilgach, viruslardan xoli bo’lgan meva va uzum ko’chatlarini yetishtirish imkoniyati yuzaga keldi.
Umuman olganda, urug’chilik tizimini rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash bo’yicha ilg’or texnologiyalar joriy etilishi hisobiga oxirgi 5 yilda qayta ishlangan mahsulotlar hajmi qariyb 5 marotaba oshdi.
Ma’lumki, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan talabini ta’minlovchi asosiy tarmoqlardan yana biri chorvachilikdir. Chunki ishlab chiqarilayotgan qishloq xo’jaligi mahsulotlarining 42,2 foizi mazkur soha hissasiga to’g’ri keladi. Ushbu jabhada erkin bozor mexanizmlari shakllantirilgani, ko’plab imtiyozlar taqdim etilayotgani natijasida chorva mollari soni hamda go’sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi muttasil ravishda ortib borayapti. 2015 yil yakunlariga ko’ra, barcha toifadagi xo’jaliklarda qoramollar soni 1991 yildagiga nisbatan 2,4 barobarga, jumladan, sigirlar soni 2 barobar, parrandalar soni 1,8 marta ko’paygani shunday deyishimizga to’la asos bo’la oladi.
3. Oziq-ovqat mahsulotlari chiqindilaridan ikkilamchi mahsulot olish.
Mamlakatimizda chorvachilik fermer xo’jaliklarini rivojlantirish, ularda naslli qoramollar podasini ko’paytirish maqsadida birgina keyingi o’n yil mobaynida Polsha, Avstriya, Gollandiya, Germaniya kabi Yevropa mamlakatlaridan 60 mingdan ortiq naslli sigirlar keltirildi. Bu, o’z navbatida, mahsuldorlikning oshishiga katta turtki bo’ldi. .Istiqloldan avval yurtdoshlarimiz bugungi dorilamon kunlar, farovon hayot, beqiyos imkoniyatu g’amxo’rliklar haqida tasavvur ham qila olmasdi. Axir ilgari ular umr bo’yi dalada mehnat qilib, kosasi oqarmay, biri ikki bo’lmay, amallab ro’zg’or tebratgan, xolos. Bugun-chi? Yaratib berilgan qulay shart-sharoitlardan oqilona foydalanib, fidokorona mehnat qilayotgan dehqon va fermerlar nafaqat jamiyatimizga naf keltirayapti, balki o’zlari katta manfaat hamda rag’bat ko’rayotir. Ularning ishlab topgan daromadi oila a’zolarining farovon turmush kechirishi, dasturxoni to’kinligi, yurtimiz taraqqiyotining kafolati bo’lib xizmat qilmoqda.
Bu Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko’lamli islohotlar, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida har tomonlama puxta o’ylangan va uzoqni ko’zlagan siyosat, hayotiy -dasturlarning beqiyos samarasidir.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “2019-2024 yillarda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Quyidagilar oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:
oziq-ovqat xavfsizligi sohasida me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va suv resurslaridan oqilona foydalanish;
asosiy turdagi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari, xom-ashyoni ichki ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish;
chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik sohasini barqaror rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash;
qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlash;
aholini barcha qatlamlarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlanishi uchun iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish;
oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashni davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish. 2019-2024 yillarda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash milliy dasturi tasdiqlanadi. Joriy yilning 23 noyabr kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yilning 29 iyulidagi qaroriga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilgan.
Yig‘ilishda mazkur Ishchi guruhi a’zolarining qarorda belgilangan chora-tadbirlar bajarilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlari, jumladan, ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan loyihalarga zarur yer maydonlari va kredit mablag‘lari ajratilishi hamda korxonalarni to‘liq quvvatda ishlashi uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi to‘g‘risida hisobotlari eshitildi.
Ma’lumot o‘rnida: qaror bilan 2019-2022 yillarda umumiy qiymati 8 trln. 471 mlrd.so‘m bo‘lgan 243 ta loyihalar amalga oshirilishi va 9 544 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan. Bugungi kun xolatiga umumiy qiymati 459,3 mlrd.so‘mlik 42 ta loyiha ishga tushirilib, 958 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Kun tartibidagi masalalar muhokama qilinib, loyihalarni ishga tushirishda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirliklar, idoralar va tijorat banklariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Aholining yillik o'sishi jarayonida turli maqsadlar uchun mahsulot ishlab chiqarish hajmi ko'payadi, bu esa ko'p miqdorda biologik chiqindilar paydo bo'lishiga olib keladi. Yaroqsiz bo'lib qolgan biomateriallarni qayta ishlash bilan shug'ullanadigan fabrikalarni qurish va modernizatsiya qilish uchun har yili ulkan mablag'lar ajratiladi.
Ammo bu choralar qisman muammoga qarshi kurashishga yordam beradi, dunyo aholisi qancha ko'p bo'lsa, u erda ko'proq oziq-ovqat iste'mol qilinadi va shunga ko'ra chiqindilar miqdori ko'payadi. Poligonlarning soni yildan-yilga ko'payib bormoqda, chiqindilarning ochiq maydonda to'planishi epidemiya xavfini oshiradi va atrof-muhit va sog'liqqa katta zarar etkazadi.
Yo'q qilish qoidalari
Oziq-ovqat chiqindilarini yo'q qilishning asosiy qoidalari:
eksport paytida veterinariya va sanitariya qoidalariga rioya qilish kerak;
tashish uchun qopqog'i bo'lgan maxsus tanklar ishlatiladi;
Axlat idishlari boshqa maqsadlarda ishlatilmasligi kerak, ular har kuni tozalanadi va dezinfektsiya qilinadi;
buzilgan ovqatni ikkinchi shaxslarga foydalanish uchun berish taqiqlanadi;
chiqindilarni yozda 10 soatdan ko'p bo'lmagan, qishda esa taxminan 30 soat saqlash mumkin;
chiqindilar dezinfektsiya qilinganligi va undan hayvonlarning ozuqasi uchun foydalanish taqiqlanganligi to'g'risida yozuv kiritilishi mumkin;
chiqindilarni yo'q qilish qoidalariga rioya qilish maxsus jurnalda qayd etiladi.
Veterinariya va sanitariya qoidalariga oziq-ovqat chiqindilarini ishlab chiqaradigan barcha tashkilotlar rioya qilishi shart.
Qayta ishlash
Xavf darajasi past 4 yoki 5 sinflar bilan zararsizlantirish maxsus joylarda amalga oshiriladi, ko'pincha yirik fabrikalarda maxsus sanoat utilizatorlari mavjud. Oziq-ovqat chiqindilari suyuq holatga qadar qayta ishlanishi mumkin va kanalizatsiya kanalizatsiyasiga tushiriladi. Korxonalarda chiqindilarni yo'q qilish algoritmi qayd etilgan.
Korxonada chiqindilarni yo'q qilish chiqindilarni tashish xarajatlarini sezilarli darajada pasaytiradi, shuningdek dasturiy ta'minotni saqlash maydonini kamaytirish orqali xarajatlarni kamaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |