2.2 SIKLONNING ATMOSFERA FRONTIDAGI TO’LQINSIMON HARAKATI
Siklonni atmosfera frontidagi to‘lqinsimon harakat deb qarovchi nazariyani norvegiyalik iqlimshunos V. Berknes ishlab chiqqan. Bu nazariya siklonlarning vujudga kelishini yaxshi tushuntiradi. Ularning rivojlanishiga, birinchidan, issiq va sovuq havo adveksiyasi, ikkinchidan, havo teperaturasining adiabatik hamda gidrodinamik o‘zgarishlari sabab bo‘ladi. Temperaturaning gidrodinamik o‘zgarishi iliq havo massasi temperaturasining bug‘ hosil bo‘lishi yashirin issiqligining ajrab chiqishi hisobiga ko‘tarilishi bilan bog‘liqdir.
Siklonlar Yerning uncha katta bo‘lmagan masofada temperatura ancha keskin farq qiladigan va binobarin, issiq va sovuq havoning intensiv adveksiyasi uchun sharoit mavjud bo‘lgan joylarda vujudga keladi. Atlantika okeanining SHimoliy Amerika sharqiy qirg‘oqlari yaqinidagi shimoliy qismi va Tinch okeanining Sharqiy Osiyo yaqinidagn shimoliy qismlari ana shunday joylardir.
Qishda okeanlar bilan materiklar orasida ayniqsa iliq oqimlar o‘tadigan rayonlarda temperatura tafovutlari juda kuchaygan paytda siklon faoliyati kuchayadi. Bu vaqtda O‘rta dengiz ustida ham siklonlar vujudga kelib turadi.
Iliq va sovuq havo tillari oralig’ida vertikal yuzada ham muayyan o‘zaro munosabatlar paydo bo‘ladi. Iliq havo sovuq havo yon bag‘ri bo‘ylab sharq tomonga qarab ko‘tariladi. Sharq tomonga qarab ko‘tarilishiga Yer aylanishi ta’sirida o‘ngga burilish sabab bo‘ladi. Iliq havo yuqoriga ko‘tarilayotgan joyda past bosim oblasti (47rasmdagi Pb) tarkib topadi. Bu siklon markazi. Siklon markazi frontda joylashadi, butun siklon esa front to‘lqinlarining botig‘ida rivojlanadi.
Siklondan hamma tomonga qarab bosim ortib boradi, ya’ni siklonda izobaralar yopiq bo‘lib, barik gradient siklon markaziga yo‘nalgan bo‘ladi. Shamollar ham siklon markaziga tomon shimoliy yarim sharda soat strelkasi harakatiga teskari yo‘nalishdagi, janubiy yarim sharda esa soat strelkasi harakati yo‘nalishidagi egri chiziq bo‘ylab esadi. Havo ana shunday aylana (siklik) harakat qilganligidan siklon nomi kelib chiqqan. Shunday qilib, atmosferaning bosimi past (markazida eng past) havo, markaz atrofida soat strelkasi harakati yo‘nalishiga teskari (janubiy yarim sharda soat strelkasi harakati yo‘nalishida) harakat qiladigan va o‘ziga xos ob-havoga ega bo‘lgan holatiga siklon deb atadadi.
Biz siklonda havo ikki xil — gorizontal yuzada aylana shaklida va ko‘tarilma harakat qilishini aytdik. Aslida esa havoning bu ikki xil harakati qo‘shilib ketadi, ya’ni markaz atrofida spiral bo‘yicha yuqoriga harakat qiladi.
Siklonda temperaturasi har xil bo‘lgan ikki havo massasining ishtirok etishi ikkita sektor—iliq va salqin sektorning tarkib topishiga sabab bo‘ladi. Iliq sektorda havo massalari janub va janubi-g‘arbdan keladi. Bu sektor 180° dan kichik bo‘ladi. Salqin sektor siklon markazining sharq, shimol va g‘arb tomonlarini egallaydi, u 180° dan katta bo‘ladi
Havo massalari orasidagi kabi, sektorlar orasida ham doimo frontlar bo‘ladi. Iliq sektorning sharqiy qismida iliq front joylashadi. Bu frontda iliq havo massalari sovuq havo yoi bag‘ri bo‘ylab yuqoriga ko‘tariladi. Siklonning g‘arbiy qismida sovuq havo issiq havo ostiga kirib keladi, bu yerda sovuq front joylashadi. Bu har ikkala front atmosfera asosiy frontining qismlaridir, lekin ular turli havo massalari tillarining bir-biriga yaqinlashishi va shamollar tutashib ketganligidan aktivlashgan bo‘ladi.
Past bosim oblastiga janubiy-g‘arb tomondan muttasil salqin havo kelib turadi. Salqin havo oqimi iliq havoni, u bilan birga butun past bosim oblastini sharqqa surib, qisib boradi. Shunday qilib, siklon g‘arbdan shimoli-sharqqa surilib turadi. Bu yo‘nalish mo‘tadil mintaqada g‘arbiy shamollar yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi. Siklonlar harakatining o‘rtacha tezligi soatiga 30—40 km ni, sutkasiga esa 700— 900 km ni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |