O‘timli va o‘timsiz fe’llar.
Fe’llar undan anglashilgan ish-harakatning narsaga munosabatiga ko‘ra o‘timli yoki o‘timsiz bo‘ladi.
1.Harakatning tushum kelishigidagi ot bilan ifodalangan narsaga o‘tishini bildiruvchi fe’llar o‘timli fe’l deyiladi. Masalan: ol, o‘qi, saqla, tozala fe’llari o‘timlidir.
2.Narsaga bevosita o‘tmaydigan harakatni anglatadigan fe’llar o‘timsiz fe’llardir. Masalan: bor, kel, o‘tir kabi fe’llar o‘timsizdir.
Fellardagi o‘timli yoki o‘timsizlik leksik-semantik va morfologik vositalar orqali ifodalanishi mumkin:
a) o‘timli yoki o‘timsizlik fe’llarning leksik ma’nosidan anglashilib turadi. Ya’ni ular affikssiz qo‘llanganda ham o‘timli yoki o‘timsizlikka daxldor bo‘ladi. Masalan: yech, qo‘y, saqla, so‘ra, ko‘r kabi fe’llar o‘timli; bor, o‘tir, uxla, ko‘kar, tur kabi fe’llar esa o‘timsizdir. Fe’l ko‘p ma’noli bo‘lganda o‘z va ko‘chma ma’nosi bilan o‘timli yoki o‘timsiz bo‘lishi mumkin: kitob o‘qiydi- o‘timli, kitobdan yoki maktada o‘qiydi – o‘timsizdir;
b) fe’lning o‘timli yoki o‘timsizligi unga qo‘shilib keladigan morfologik vositalar orqali belgilanadi. Bunda nisbat yasovchi affikslar muhim ahamiyatga ega bo‘ladi:
1) orttirma nisbat affikslari o‘timsiz fe’lni o‘timliga aylantirishi mumkin: oq-oqiz, yur-yurgiz, kel-keltir, ishla-ishlat;
2) o‘zlik va majhullik nisbat affikslari esa o‘timli fe’lni o‘timsiz fe’lga aylantiradi: och-ochil, ko‘r-ko‘rin, tara-taran, tort-tortin. Ba’zan mustaqil fe’l tarkibida nisbat qo‘shimchalari ketma-ket qo‘shilib kelishi mumkin. Bunday holda fe’lning o‘timli yoki o‘timsizligi oxirgi nisbat yasovchi qo‘shimchaga qarab belgilanadi: kel-o‘timsiz, keltir-o‘timli, keltiril-o‘timsizdir.
1.2 . Fe’l so’z turkumining leksik-gramatik xususiyatlari
Fe’l shakllarining garammatik kategoriyaga munosabati. Fe’l shakllari fe’lning ma’lum bir grammatik kategoriyasiga xos shakllar tizimini hosil qilish xususiyatiga ega yoki ega emasligiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:
1) kategorial;
2) nokategorial (vazifadosh) shakl.
Kategoriyal shakl, fe’lning ma’lum bir kategoriyasiga xos grammatik ma’nolarni ifodalaydi. Masalan, daraja, mayl, zamon va shaxs-son kategoriyalariga xos shakllar ana shunday fe’llardir.
Fe’lning biron-bir grammatik kategoriyasiga xos bo‘lmay, turli modal ma’nolar ifodalash yoki boshqa vazifalarni bajarish uchun qo‘lla-nuvchi shakllari vazifadosh, ya’ni nokategorial shakllardir. Masalan, harakatning takroriyligi, kuchsizligini bildiruvchi turtkila, kulimsira kabilar, shuningdek, sifatdosh, ravishdosh va harakat nomi kabilar fe’lning vazifadosh shakllaridandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |