Etnodiniy metaetnik birliklar ham uchraydi. Masalan, induizm Janubiy
Osiyoda juda ko‘p xalqlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga katta ta’sir
ko‘rsatgan, hozirda esa ushbu mintaqada hind xalqlari yagona birlik sifatida
shakllanmoqdalar. Filippin janubida islomning tarqalishi Moro xalqlari, deb
nomlangan alohida etno diniy guruh shakllanishiga olib keldi. Filippindagi boshqa
yirik xalqlarning birlashuvi esa nasroniylik dini ta’siri ostida ro‘y byerdi.
Bir necha kichik etnoslar bitta kattasiga qo‘shilganligi yoki kichik etnik
birliklarning yirik xalq ichida yo‘q bo‘lib ketganligi haqida tarix guvohlik beradi,
ya’ni turli hududlarda va turli ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda etnik birlashish
jarayonlari sodir bo‘lgan. Biroq, unga teskari jarayon, ya’ni etnik bo‘linish sinfiy
jamiyatgacha bo‘lgan davrda ko‘proq sodir bo‘lgan. Bu davrda aholining o‘sishi
qabilalarning parchalanishiga va kishilarning yer shari bo‘ylab tarqalishiga olib
kelgan. Dunyoning ayrim qismlarida etnik bo‘linish jarayoni hozir ham davom
etmoqda. Xususan, Yevropaliklarning Amerika, Avstraliya va qisman Afrikaga
ko‘chishi oqibatida, bu yerlarda yangi etnoslar shakllandi. Ba’zan davlat
chegaralaridagi o‘zgarish tufayli etnoslarning bo‘linishi ham yangi xalqlarni
vujudga keltiradi.
Etnik birlashuv jarayonlari bir necha xil bo‘ladi: konsolidatsiya,
assimilyasiya va etnik integratsiya. Ba’zan etnik rivojlanish ancha murakkab
bo‘lib, bu jarayonlarning barchasi bir vaqtda sodir bo‘ladi.
Konsolidatsiya – bu o‘zaro yaqin bir necha etnoslarning (qabila, elat) bitta
yirik xalqqa qo‘shilishi yoki mavjud xalqning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy
rivojlanishi bo‘yicha yanada jipslashuvidir. Xalqlarning tili va madaniyati o‘zaro
yaqin bo‘lsa konsolidatsiya jadal ro‘y beradi. Etnoslar rivojlanishning quyi
pog‘onalarida qolib, millat sifatida shakllana olmagan hududlarda bu jarayon sodir
bo‘ladi (masalan, Dog‘iston va Oltoydagi kichik elatlar va h.k.).
Konsolidatsiya jarayoni ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan keyin,
mustamlaka tizimi parchalanishi bilan keng quloch yoydi. Milliy ozodlik harakati
natijasida, ularning siyosiy mustaqillikka erishishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar,
xo‘jalik tuzilmasidagi o‘zgarishlar, jumladan ko‘chmanchilik o‘rniga o‘troq
175
turmush tarzining yuzaga kelishi – bularning barchasi etnik konsolidatsiyani,
milliy o‘zlikni anglashni jadallashtirdi. Yaqin o‘tmishda ko‘pgina rivojlanayotgan
mamlakatlar uchun xos bo‘lgan etnik xilma-xillik hozirda susayib bormoqda.
Qabilalar va lokal etnik guruhlardan elatlar va millatlar shakllanmoqda. Masalan,
Afrikadagi bir necha qabila uyushmalaridan xausa, yoruba, ibo kabi taniqli elat va
millatlar vujudga keldi. Hindiston, Filippin va boshqa Osiyo mamlakatlarida
konsolidatsiya jadal ro‘y bermoqda.
Ayrim millatlar shakllanishiga siyosiy vaziyatlar, birinchi navbatda, alohida
davlatlarning paydo bo‘lishi katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu narsa, masalan,
flamandlardan ajralib chiqqan gollandlarga tegishli. Ikkita mustaqil davlat –
Germaniya va Avstriyaning paydo bo‘lishi bir tilda gaplashadigan alohida
millatlarni vujudga keltirdi. Deyarli barcha Lotin Amerikasi millatlari mustaqil
davlatlar doirasida shakllandilar, Shuning uchun ulardagi siyosiy chegara etnik
chegara bo‘lib ham xizmat qilmoqda.
Assimilyasiya mohiyati shundaki, biron-bir xalqning alohida guruhi yoki
butun bir xalq uzoq vaqt davomida boshqa xalq orasida yashab, uning tili va
madaniyatini o‘zlashtiradi hamda o‘zini avvalgi etnik birlikka mansub ekanini
inkor qiladi. Milliy o‘zlikni anglashdagi o‘zgarishlar bu jarayonning oxirgi
bosqichi hisoblanadi.
Assimilyasiya asosan iqtisodiy taraqqiy etgan mamlakatlar uchun xos bo‘lib,
undagi aholi millat sifatida allaqachon shakllangan. Ushbu kishilar orasida
yashaydigan kamsonli milliy guruhlar esa ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish
bo‘yicha ancha orqada. Bu jarayon kamsonli millatlarga ham, muhojirlarga ham
tegishli. Muhojirlarning assimilyasiyalashuvi ko‘pgina omillarga bog‘liq: ularning
tubjoy aholisi bilan tili va madaniyatidagi o‘xshashliklar, ko‘chib kelganlarning
milliy jipslik darajasi, ularning o‘z vatanlari bilan siyosiy va madaniy aloqalarini
saqlanib qolganligi, qabul qilgan mamlakat hududidagi joylashuvi (aralash yoki
kompakt, shahar yoki qishloq), irqiy tafovutlar, mamlakatdagi boshqaruvchi
kuchlarning u yoki bu muhojir guruhlarga munosabati va h.k.
176
Assimilyasiyaning tabiiy va majburiy turlari mavjud. Tabiiy assimilyasiya
ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalarining rivojlanishi jarayonida o‘z oqimi bilan
sodir bo‘ladi. Majburiy assimilyasiya esa milliy notenglik mavjud bo‘lgan
davlatlarda kamsonli millatlarning tili va madaniyatiga butunlay barham berishga
yo‘naltirilgan reaksion assimilyasiya siyosati natijasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |