Bir qush:
To‘g‘ri! To‘g‘ri! Odil shoh bo‘lsa shu tob,
Chala so‘yilganday chekmasdik azob.
Hudhud:
Dunyo bexabarlar, bordur shunday shoh!
Bizning holimizdan u doim ogoh.
U shoh adolatda yakka-yagona,
Huzurida tengdur boy va devona.
U shoh – Simurg‘! Yashar olis Qof tog‘da,
Necha zamon o‘tsun doim ardog‘da.
Qushlar chug‘urlashadi.
Bir qush:
Hudhud, aytgin, shuni sendan so‘rarmiz,
Qanday qilsak Simurg‘ shohni qo‘rarmiz?
Hudhud:
Oldindan sizlarga aytayin shuni,
Tirik bo‘la turib ko‘rmasak uni,
Bunday tiriklikdin o‘lgan yaxshiroq!
Va lekin shoh Simurg‘ makoni yiroq.
Qushlar chug‘urlashib, maslahatlashadi.
To‘ti:
Hudhud, ko‘p narsadin erursen ogoh,
Hatto Sulaymonga bo‘lgansen hamroh.
Voqif etsang bizni shoh asroridin,
Bahramand etsang bu sir izhoridin.
Hudhud:
Men shoh ta’rifida boshlasam kalom,
Ming yil aytsam hamki bo‘lmaydi tamom.
Men dog‘i mingdin birin aylay bayon,
Sizga birdin minggacha aylay ayon.
Bizga shohedurki shahlar shohidur,
Kim bori ahvolimiz ogohidur.
Aytsam, uning mingdin ko‘p fazilati,
Qancha aytgan bilan bitmas sifati.
Tan ichinda sizga ul jondin yaqin,
Harne yo‘q ondin yaqin, ondin yaqin.
Lek siz ming yilchiliq ondin yiroq,
Qaysi ming yilliqki, imkondin yiroq.
Biroz tin oladi.
Lek mundoq shahg‘a vasl oson emas,
Istamay ko‘p sa’y ila imkon emas.
Umrlar urmoq kerak tinmay qanot,
Necha karkas umricha bo‘lsa hayot.
Tog‘lardur tortqon gardung‘a tig‘,
Tig‘i barcha qon to‘karga bedarig‘.
O‘t tutashqon dashtlar har sori fosh,
Tortibon yolinlari gardung‘a bosh.
veb-sayt: www.tilvaadabiyot.uz
7
2020-yil 1-son
Navoiydan navolar kelur
Ham havosinda bulutlar charx urub,
Boshqa yomg‘ur o‘rnida tosh yog‘durub.
Onda bir tun qo‘ng‘oli koshona yo‘q,
Jismi qut olmoqqa suv-u dona yo‘q.
Bo‘yla yo‘l qat’ etmagi ma’lum emas,
Maqsadig‘a yetmagi ma’lum emas.
Lek ulkim bu talabda bersa jon,
Yaxshiroqkim yuz hayoti jovidon.
Navhayi bog‘i fano tuzmak kerak,
Ul taraf parvoz ko‘rguzmak kerak.
Qushlar yana chug‘urlashadi, maslahatlashadi va
qarorni aytishni To‘tiga topshirishadi.
To‘ti:
Bizga notanish sen ta’riflagan yo‘l,
Shuning uchun Hudhud bizga peshvo bo‘l.
Sen aromizda chu kelding rahshunos,
Borchamizdin budur emdi iltimos.
Kim borig‘a muqtadoliq qilg‘osen,
Bu safarda peshvoliq qilg‘osen.
Kirgobiz ul shah yo‘lig‘a jon bila,
Jon ovuchlab didayi giryon bila.
Kim visoli komig‘a yo etkobiz,
Yo tamannosida jon tark etkobiz.
Hudhud (Biroz o‘yga toladi va To‘tiga yuzlanadi):
Ey shirinso‘z To‘ti, qanotingni yoz,
Birga olis yo‘lda etaylik parvoz.
Avval o‘z manzilgahingni yod qil,
Ko‘nglung ul ummid birla shod qil.
Kim vatan zotingg‘a Hindiston edi,
Shah harimida saro bo‘ston edi.
Kel bu g‘urbatdin rahil og‘oz qil,
Ul chaman sori yana parvoz qil.
Hudhud (Tovusga yuzlanadi):
Ey Tovus, bo‘lmag‘il chiroyingg‘a mast,
Shahimiz ko‘rmakni aylagin havas.
Ham yaroshib xilqatingg‘a xo‘bliq,
Ham muvofiq zotingga mahbubliq.
Lek yodingdin chiqib o‘z maskaning,
Shah qoshinda jilva aylar gulshaning.
Shoh bazmi shavqidin tortib navo,
Ul saro bo‘ston sari qilg‘il havo.
Hudhud (Bulbulga yuzlanadi):
Ey Bulbul, sen gulga tuzdung ko‘p navo,
Endi shah ishqini dilga etgin jo.
Shah gulistonida gul husnig‘a mast,
Tortib ul gul ishqidin jomi alast.
To tushub ul toza gulshandin yiroq,
Kul qilib jismingni niyroni firoq.
Qil havo ul gulshani miyno sari,
Mayl ko‘rguz ul guli humro sari.
Hudhud (Qumriga yuzlanadi):
Ey Qumri, sayrab bizni lol aylagil,
Savt-u lahning birla behol aylagil.
Solg‘oningdin bo‘ynungga tasbehi yusr,
Tilga oning vasfida yuzlandi usr.
Buki har bo‘ston aro sargashtasen,
Qon bila tufroqg‘a ham og‘ushtasen.
Kim qilursen nola mahzunlar kibi,
Ishq savdosida majnunlar kibi.
Mujdakim, ul g‘amda qolmay benavo,
Ham o‘shul gulshan sari qilg‘il havo.
Hudhud (Lochinga yuzlanadi):
Ey Lochin, sen uchun ortiqchadur pand,
Qushlar ichra sening martabang baland.
Shoh ilki maskaning bo‘lg‘on mudom,
To‘mang ul tortib edurg‘on bardavom.
Muddatekim charx etib zohir nifoq,
Shoh ilkidin seni soldi yiroq.
Mubtalo bo‘ldung chu hijron domig‘a,
Tab’ing o‘rgandi firoq ayyomig‘a.
Bo‘l yana shohg‘a giriftor-u najand,
Ilkini o‘pmak bila bo‘l sarbaland.
Hudhud tin oladi. Qushlar bir-biriga gap uqtirishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |