Kaltaminor madaniyatiga oid makonlar dastlab Amudaryo etaklari va Xorazm hududidan topilgan bo‘lib, bular orasida Xorazmdagi Jonbosqal‘a makoni diqqatga sazovordir. Bu yerni qazish paytida chayla va yarim yerto‘la shaklidagi makon ochilgan. Bu makon yog‘och ustun, sinchlar bilan ko‘tarilgan. Ustiga ko‘ndalang yog‘ochlar tashlanib, usti qamish bilan berkitilgan. CHayla o‘rtasidan katta markaziy o‘choq qoldig‘i, atrofida mayda o‘choq qoldiqlari aniqlangan. Makondan nayza poykonlar, kamon o‘qlarining uchlari va boshqa tosh qurollar topilgan. SHuningdek, madaniy qatlamlardan baliq, yovvoyi cho‘chqa, qirg‘ovul suyaklari va jiyda danaklari ham topilgan. Topilmalar orasida sopol idish namunalari ham bo‘lib, tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda ular mil. avv. V-IV ming yilliklarga oiddir.
Kaltaminor madaniyatiga oid yodgorliklar Zarafshon etaklaridagi Darvozaqir makonidan ham topib o‘rganilgan. Bu yerdan topilgan sopol idish namunalari Jonbosqal‘a sopollariga juda o‘xshashdir. Quyi Zarafshon va Qashqadaryo etaklaridagi Darvozaqir, katta va kichik Tuzkon, Qorong‘isho‘r, Poykent makonlaridan topilgan tosh qurollar va sopol buyumlar hamda boshqa ashyolarni o‘rganish, tahlil etish, Yaqin SHarq, Qozog‘iston, Ural va boshqa joylardan topilgan neolit davri ashyolari bilan qiyoslash natijasida tadqiqotchilar yuqorida eslatilgan makonlar Kaltaminor madaniyatiga mansub bo‘lib mil. avv. IV-III ming yilliklarga oid degan xulosaga keldilar. Bu makonlarda yashagan neolit davri odamlari termachilik, jayron, yovvoyi cho‘chqa, bug‘u va boshqa hayvonlar hamda baliq ovlab kun kechirishgan.
So‘nggi yillarda O‘rta Osiyoning sharqiy hududlaridan, Xisor-Pomir tog‘laridan ko‘plab neolit davri yodgorliklari ochildi va o‘rganildi. Bu o‘ziga xos madaniyat fanda Xisor madaniyati degan nom oldi. Asosan tog‘oldi va tog‘liklarga xos bo‘lgan Xisor madaniyatiga mansub yodgorliklar 200 dan ziyoddir. Xisor madaniyatiga mansub yodgorliklar asosan mil. avv. V-III ming yilliklarga oiddir.
Xisor madaniyati sohiblari sopol idishlar yasab, asosan chorvachilik, ovchilik, qisman termachilik bilan shug‘ullanganlar. Xisor makonlaridan topilgan turli-tuman topilmalar ushbu jarayonlardan dalolat beradi.
Demak, O‘rta Osiyoning barcha hududlaridan - shimoldagi Ustyurtdan, Markaziy va Janubiy Qozog‘istondan, Qizilqum va Qoraqumdan, Qashqadaryo va Zarafshon vohalari, Toshkent vohasi va Farg‘ona vodiysidan ko‘plab neolit davri makonlari ochilgan. Xususan, neolit davri Markaziy Farg‘ona madaniyati fanda O‘rta Osiyoda to‘rtinchi neolit davri madaniyati deb kiritilgan.
Ushbu makonlarda olib borilgan tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, neolit davriga kelib, mezolitning so‘nggi bosqichlarida kashf etilgan tosh boltalar ancha keng tarqaladi. Parrakchalar, nayza va kamon o‘qlarining uchlari, pichoqlar, teshgichlar, parmalar, qirg‘ichlar, yorma toshlar, o‘roq va boshqa qurollar takomillashadi. Eng qadimgi davrning dastlabki davrida qo‘lga kiritilgan barcha yutuqlar bu davrga kelib yakunlanadi. Neolit davri odamlari o‘zlarining tinimsiz mehnati, kuzatuvchanlik qobiliyati, ibtidoiy bilimlarini safarbar qilib, xo‘jalikning ilg‘or, unumdor shaklini - dehqonchilik va chorvachilikni kashf etdilar. Geografik muhit va shart-sharoitning turli tumanligi bu davr qabilalarida mehnat qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, turar-joylar va xo‘jaliklarning turlicha bo‘lishiga olib keldi. Xususan, O‘rta Osiyoning janubidagi neolit davri-qabilalari xo‘jalikning dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik shakllarini rivojlantirgan bo‘lsa, shimoldagi qabilalar esa tabiiy sharoitning noqulayligi tufayli uzoq vaqt rivojlanishdan orqada qolgan.
Neolit davrida qadimgi ajdodlarimiz loydan idishlar yasab ularni olovda pishirish yo‘li bilan kulolchilikka asos soldilar. SHuningdek, ip yigirish asosida to‘qimachilikni kashf etdilar. Odamlar yog‘och va qamishdan qayiq yasab (qayiqsozlik) suvda suzishni ham o‘zlashtirdilar. Xullas, neolit davri yutuqlarga boy bo‘lib, o‘zidan ilgarigi davrlarga nisbatan yuksak rivojlanish davri bo‘ldi.
Eneolit(mis-tosh) davri tosh va bronza davri o‘rtasidagi davr bo‘lib, bu davr qurollari sof misdan yasalganligi ma‘lum. O‘rat Osiyoda eneolit (mis-tosh) davri nisbiy tarzda mil.avv. IV ming yillikning oxiri - III ming yillikning boshlarini o‘z ichiga oladi. Bu davrning eng asosiy xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo‘lgan:
Yerni haydab dehqonchilik qilish ancha rivojlangan edi.
Mis qurollar paydo bo‘ldi.
Katta-katta jamoalarning paxsa xom g‘ishtdan tiklangan katta-katta uylar paydo bo‘ldi.
Kulolchilikda xumdonlardan foydalana boshlandi.
Rangdor sopol idishlar paydo bo‘ldi va hakozo.
Bu davrga oid O‘rta Osiyodagi muhim yodgorliklar quyidagilar: Janubiy Turkmanistondagi Anov va Nomozgohtepa makoni va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |