TIBBIY NAZORAT
Maktabning jismoniy tarbiyaga oid yillik ish rejasida o’quvchilarni tibbiy ko’riqdan o’tkazish muddati va tartibi belgilab qo’yiladi. Ko’rikdan dastlab birinchi sinf o’quvchilari, so’ng esa o’tgan o’quv yilida jismoniy zaif deb topilgan bolalar (hamma sinflardan) o’tadilar. Keyin ikkinchi va uchinchi sinf o’quvchilari tekshiriladi.
Mazkur rejada sog’lig’ining yomonligi tufayli maxsus tibbiy guruhga o’tkazilgan bolalarni qayta ko’rikdan o’tkazish muddatlari belgilangan bo’lishi kerak.
Maktab vrachi tibbiy ko’rik natijalari haqida maktab pedagogika kengashi va ota-onalar yig’ilishida ma’ruza qiladi.
Maktabdagi to’laqonli jismoniy tarbiya ishi mashg’ulot o’rnining yaxshi jihozlanishini, zarur asbob va jihozlarni sotib olish hamda tayyorlashini talab qiladi. Shuning uchun ish rejasida byudjet mablag’i hisobiga sport asboblari va jihozlari sotib olish, ularni o’quvchilar, ota-onalar va otaliqqa oluvchilar kuchi bilan tayyorlash ko’zda tutiladi. Maktabning yillik umumiy rejasida jismoniy tarbiya va sportni targ’ib-tashviq qilish ham aks etadi. Maktabning yangi o’quv yili uchun jismoniy tarbiya va sport bo’yicha umumiy ish rejasi o’quv yili tugashi arafasida ishlab chinqiladi. Yozgi ta’til paytida maktabning ishlab chiqilgan rejasiga muvofiq, yangi o’quv yiliga tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.
7-mavzu: Sinfdan va maktabdan tashqari ishlar. (2 soat)
Reja:
1. Dars oldidan o’tkaziladigan gimnastika.
2. Jismoniy tarbiya daqihalari.
3. Katta tanaffusda o’tkaziladigan harakatli o’yinlar.
Dars oldidan o’tkaziladigan gimnastika.
Umumta'lim maktablari o’quv kuni tartibidagi jismoniy tarbiyaning shakllariga quyidagilar kiradi: mashg’ulotgacha gimnastika mashqlari, jismoniy mashq daqiqasi, tanaffuslar vaqtidagi o’yinlar, kuni uzaytirilgan guruhlardagi sport soati, sayrlar.
Maktabda darsdan avval o’tkaziladigan gimnastika har kuni birinchi dars oldidan o’tkaziladi. O’quvchilarga gimnastika qildirishdan maqsad, bir tomondan, ularning sog’lig’ini mustahkamlash bo’lsa, ikkinchi tomondan, o’quv materiallarini puxta o’zlashtirishga erishishdir. Darsdan oldin o’tkaziladigan gimnastika o’quvchilarning diqqatini faoliyatga jalb etadi va ularni darsga tayyorlaydi. Darhaqiqat, maktabga bolalarning ba'zi birlari oldin kelsa, boshhalari gimnastikaning boshlanish paytiga yetib keladi. O’quvchilarning ba'zilari maktabga kelgunga qadar o’ynab, yugurishga ulgurgan bo’lsa, boshhalari kechikmaslik uchun shoshilib kelishadi, ayrimlari shoshilmasdan, lanj holatda keladilar, ya'ni dars boshlanishidan oldin hamma o’quvchilarning ham diqqati bir yerga to’planmagan bo’ladi. Shuning uchun ularning diqqatini jamlash va aqliy mehnatga tayyorlash lozim. Ana shuning uchun ham mashg’ulotdan oldin o’tkaziladigan gimnastika ayni muddaodir. Maxsus tanlab olingan mashqlar bolalarni tinchlantiradi, ulardagi hayajonlanish holatini bosadi, tetiklashtiradi.
Darsdan oldin bajariladigan gimnastikani har bir maktabda o’tkazish shart. Maktab ma'muriyati va jismoniy tarbiya o’qituvchilari bu tadbirni yaxshilab yo’lga qo’yish uchun o’qituvchilar jamoasi, o’quvchilar, ota-onalar bilan birgalikda tayyorgarlik ishlarini olib borishi kerak. Agar pedagoglar yig’ilishida darsdan oldin o’tkaziladigan gimnastika jiddiyroq muhokama qilinsa, bu holda gimnastika maktab hayotiga tezroq singadi.
Mashg’ulotgacha gimnastika o’tkazilishi maktab direktorining buyrug’i bilan e'lon qilinsa, yanada yaxshi bo’ladi, chunki bu holda o’quvchilarning intizomi yaxshilanib, bu muhim tadbirga butun jamoa safarbar qilinadi.
Jismoniy tarbiya o’qituvchisi darsdan oldin gimnastika mashqlarini o’tkazish uchun eng yaxshi o’quvchilar va faollarni o’ziga yordamchi qilib tayyorlashi kerak.
O’quvchilarga mashq majmualarini jismoniy tarbiya darslarida o’rgatish mumkin. Ular esa bu majmualarni uyda o’zlari mustaqil ravishda puxtalaydilar. Jismoniy tarbiya darslaridan vaqtincha yoki butunlay ozod etilgan o’quvchilar shifokorning maslahati bilan uyda har kuni ertalab gigienik gimnastika mashqlari majmuasini bajarishlari lozim.
Ko’pchilik maktablarning tajribasiga asosan, o’quvchilarda darsdan oldin o’tkaziladigan gimnastikaga havas uyg’otish uchun sinflararo musobaqa tashkil etilib, maxsus salomatlik burchagi tuzish, unga natijalarni yozib borish shart. Buning uchun faollardan hakamlar tanlanib, ular har bir sinfning mashqlarni bajarishi, xulqi, faolligini baholaydilar. O’quvchilarning uyushqoqligi ko’p jihatdan ular bilan olib borilgan tayyorgarlik ishlariga bog’liq bo’ladi. Mashqlarni bajarish uchun har bir sinfga maydondan alohida doimiy joyni ajratib qo’yish lozim. Mashqlarni jamoatchi faolning navbatchi o’qituvchiga raport berishidan boshlash kerak. Gimnastika mashqlari musiqa bilan o’tkazilsa yanada yaxshi bo’ladi.
Darsdan oldin o’tkaziladigan gimnastika 8—10 minut davom ettiriladi. Kichik sinflarda mashqlarni bajarish vaqti 5-7 minutgacha qisqartiriladi. Har bir mashqlar kompleksini o’quvchilarga 10-15 kun davomida bajartirish mumkin. O’quvchilarda mashq bajarishga bo’lgan havasni oshirish maqsadida har ikki-uch kundan keyin majmuaning biror qismini o’zgartirib turish lozim.
Darsdan oldin bajariladigan gimnastikaning asosiy mazmunini umumrivojlantiruvchi mashqlar tashkil qilib, ular butun organizmni, barcha mushaklarni rivojlantirishga qaratilgandir. Hamma o’quvchilarni barabariga joylashtirish imkoniga ega bo’lgan maktablarda bu mashqlarni yurish, yugurish harakatlari bilan to’ldirib borish tavsiya etiladi. Mashg’ulotgacha o’tkaziladigan gimnastika mashqlarini ham muayyan bir izchillikda qo’llash, ularning organizmga ta'sirini asta-sekin oshira borish kerak. Darsdan oldin bajariladigan gimnastikani yurishdan, mushaklarga me'yorda ta'sir etadigan harakatlardan boshlash, birdan zo’r berib bajariladigan mashqlarni qo’llamaslik kerak.
Majmua tanlashda barcha mushaklarni rivojlantiradigan mashqlarga e'tibor beriladi. Ular vaqti-vaqti bilan navbatlashtirib turiladi. Bu mashqlar qon aylanishini yaxshilaydigan, chuqur nafas olish va qaddi-qomatning to’g’ri rivojlanishiga yordam beradigan “kerishish” shaklidagi mashqlardan iboratdir.
Ikkinchisi oyoqlarni bukish va qonning butun organizmga tekis tarhalishi imkonini beradigan “cho’qqayish” shaklidagi mashqlar, uchinchi, to’rtinchi va beshinchilari - gavda mushaklarini rivojlantiruvchi mashqlar. Ular qorin mushaklarini mustahkamlaydi va ichki a’zolarning me'yorda ishlashini ta'minlaydi. Bu mashqlar orqa mushaklarni ham rivojlantirib, qomatni to’g’ri shakllantiradi; bukrilikning oldini olib, gavdaning qovurg’a mushaklarini mustahkamlash imkonini beradi.
Oltinchisi - siltanish harakatlaridan iborat bo’lgan mashqlardir. Bunday mashqlar natijasida bo’g’imlar chaqqon ishlaydi, bilak, oyoq va ko’krak qafasi yaxshi rivojlanadi.
Yettinchisi - sakrash, yugurish va chaqqonlik bilan cho’nqayish mashqlari bo’lib, ular nafas olish va qon aylanishini, barcha ichki a'zolarning faoliyatini kuchaytiradi.
Mashg’ulotgacha o’tkaziladigan gimnastika turgan joyda yurish, chuqur nafas olish va to’g’ri qomatni his ettiruvchi mashqlar bilan tamomlanishi lozim.
Maydonda yoki bino ichida har bir sinfni bemalol joylashtirish imkoniyati bo’lgan paytlarda mashqlarni buyumlar bilan o’tkazish tavsiya qilinadi. Buyumlarni maydonchaga oldindan shunday joylash kerakki, o’quvchilar saf tortish yoki darsdan oldin o’tkaziladigan gimnastika mashqlarini bajarish uchun o’z joylariga kelganlarida, ularni qo’llariga olishlari qulay bo’lsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |