Suv leksemasi asosida shakllangan iboralarning funksional-semantik xususiyatlari
(Murod Muhammad Do‘stning “Galatepaga qaytish” qissasi misolida)
O‘zbek tili dehqonchilik leksik sistemasi tarkibida yetakchi so‘zlardan biri bo‘lgan suv leksemasi va bu so‘z asosida hosil bo‘lgan qo‘shma, birikmali terminlar, ibora, hikmatli so‘z va maqollar miqdorining ko‘pligi, qo‘llanish doirasining chegaralanmaganligi bilan alohida ajralib turadi. Bunday so‘zlarning o‘zbek tili lug‘at tarkibida alohida o‘rni va ahamiyati bor. Chunki suv insonning yashash manbayi, uning hayot kechirishi uchun asosiy ta’minotchi ham hisoblanadi. Suvning insonlar kundalik hayotidagi ahamiyati ularning tilida ham aks etdi, xalq orasida qo‘llanadigan birliklarning asosiy komponenti bo‘ldi. “Suv- qadim-qadimdan o‘zbekning dunyoqarashida, fikrlash tarzida asosiy timsollardan biri bo‘lib xizmat qilgan. Chunki suvsiz hayot yo‘q. Xususan, O‘zbekistonimizda suvning ahamiyati-har yerdagidan ortiq”.1 Dastlab, bu so‘zning lug‘atlardagi ma’nolariga e’tibor qaratsak. O‘TILda bu so‘z quyidagicha izohlanadi. “Suv-Vodorod bilan kislorodning kimyoviy birikmasidan iborat rangsiz, hidsiz, shaffof suyuqlik; tabiatda muz va bug‘ holida uchraydi, barcha tirik organizmlarning va ko‘pgina moddalarning tarkibiy qismini tashkil qiladi”. Shavkat Rahmatullayev tomonidan tuzilgan O‘zbek tilining etimologik lug‘atida esa suv so‘zining asl kelib chiqishi quyidagicha izohlanadi. “Qadimgi turkiy tilde ham shunday ma’noni anglatgan bu ot asli sub tarzida talaffuz qilingan; keyinroq “b” undoshi “v” undoshiga almashgan, hatto “v” undoshi talaffuz qilinmagan ham. Sub>suv>su”.
Unga berilgan ta’rifdan ham ko‘rinib turibdiki, suvning insoniyat hayotida tutgan o‘rni beqiyos, u tabiatning buyuk xazinasi va kashfiyotidir. Ba’zan esa kishilarni tiriklik bilan ta’min etgan suv mislsiz darajada talafotlarga olib kelishi, ayrimlarning hayotiga bevaqat nuqta qo‘yishi ham mumkin. Xalq orasida keng tarqalgan maqollar-u, iboralarda suvning aynan yaratuvchanlik xususiyati bilan birga vayron qilish xususiyati ham o‘z ifodasini topgan. Kishilar gapirayotgan har gapida suvning qaysidir jihatini tilga olganlar, shu asosda o‘xshatishlar qilganlar. “O‘zbek tilidagi suv so‘zi boshqa turkiy tillardagi suv leksemasi kabi xalq ijodiyotida keng ko‘lamda qo‘llaniladi. Fikrni ixcham va lo‘nda, ravon va tushunarli hamda mazmunli va shirador qilishda suv so‘zi boshqa so‘zlarga o‘zaro bog‘lanib, ularga singib ketib turli xil maqol va hikmatli so‘zlar, frazeologik birliklar, topishmog‘-u qo‘shiqlar tarkibida keladi”.2 Masalan, birgina suv leksemasi ishtirok etgan quyidagi iboralarni sanab o‘tish mumkin: bir qoshiq suv blan yutgudek, boshiga suv quymoq, og‘zining suvi keldi, siqib suvini ichmoq va hokazo. Bunday iboralarning ayniqsa so`zlashuv va badiiy uslubda boshqa vazifaviy uslublarga nisbatan keng qo‘llanganiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, har qanday til birligi badiiy asar tarkibida qo‘llanganda muayyan bir badiiy maqsad uchun qo‘llaniladi. Muallif ulardan o‘z qahramonining xarakterini individuallashtirishda ustalik bilan foydalanadi. Ba’zan esa qahramon nutqida o‘zi ifodalaydigan ma’nosidan tashqari boshqa xil ma’no nozikliklarini ham ifodalashi mumkin. Xususan, Murod Muhammad Do‘stning “Galatepaga qaytish” qissasida ham o‘nga yaqin shunday iboralardan foydalanilgan. Ayrimlari xalq tilida qanday bo‘lsa, shundayligicha qo‘llangan bo‘lsa, ayrimlari muallifning badiiy tafakkur mahsuli o‘laroq qahramon nutqida ishlatilgan. Biz iboralarning izohini keltirib o‘tishda Sh.Rahmatullayevning “O‘zbek tilining frazeologik lug‘ati”dan unumli foydalandik.
Qo‘ltiqqa suv urmoq-og‘ir ahvolga, qiyin vaziyatga tushib qolgan odamga dalda berish, qo‘llab-quvvatlash, ko‘nglini ko‘tarish. Odamzod aqldan ozgan-netgan bo‘lmasa, o‘zining toshini o‘zi biladi. Qo‘ltiqqa suv purkab nima qilasiz, men shu bilan yaxshi bo‘lib qolarmidim!..
Suvday bilmoq-miridan-sirigacha besh qo‘lday bilmoq, yodlab olmoq. Sinonimlari: suvday ichmoq, suv qilib ichmoq. Raim oqsoqolning to‘ng‘ich o‘g‘li arabchani suvday biladigan, Qur’onning yetti xil qiroatini keltiradigan odamdan iymanishadi.
Sirtiga suv yuqtirmaslik- o‘zining sha’niga dog‘ tushiradigan xatti-harakat qilmaslik. Sinonimi: sirtiga kir yuqtirmaslik. Mulla Chori sirtiga suv yuqtirmay shunchaki iljayib qo‘ydi.
Tegirmoniga suv quymoq-qo‘llab-quvvatlamoq, fikriga qo‘shilmoq, qiyin vaziyatda yordam bermoq. G‘aybarov o‘zi istamagan holda mulla Soatning tegirmoniga suv quyganini angladi.
Suv urmoq- hovli yuziga birdek qilib suv sepib chiqish. Kechki payt, epkin yo‘q, tuproqqa suv urilgan, kechki payt ekani shundan ham bilinadiki, havoda jun hidi aralash issiq va nam hovur kezadi…
Ichgani suv bo‘lmoq- yeyishini tayini bo‘lmaslik, qorni to‘yib ovqat yemaslik. Raim oqsoqol beixtiyor iljayadi, u bilan bir bo‘lmada yotgan, yegani yovg‘on sho‘rva, ichgani qaynoq suv bo‘lgan mahbusning lafzidan bunday g‘alati gaplar chiqayotganiga ishonmaydi.
Yuqorida izohlangan iboralar tarkibida suv leksemasining turli-tuman ma’no qirralari yuzaga chiqayotganiga guvoh bo‘ldik. Buning o‘ziyoq bu leksemaning ko‘ ma;noli ekanligini ko‘rsatadi. Biz bugun tadqiqot markazimizga faqatgina bir asar doirasida qo‘llanilgan iboralarnigina tortdik. Bundan keyingi tadqiqotlarimizda esa barcha uslublarda qo‘llanadigan, ayniqsa, so‘zlashuv nutqida keng ishlatiladigan iboralarni o‘rganib tadqiq etamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |