Bitiruv malakaviy ishini rasmiylashtirish.
Bitiruv malakaviy ishini rasmiylashtirishda quyidagilarga alohida e’tibor beriladi:
- tadqiqot mavzusining dolzarbligini asoslanishi;
- muammoning o‘rganilganlik darajasining yoritilishi;
- tadqiqot maqsadi va vazifalarini aniq belgilab berilishi;
-oldingi bajarilgan ishlardan himoyaga tavsiya etilayotgan bitiruv malakaviy ishning farqini ko‘rsatib o‘tilishi;
- Internet ma’lumotlaridan faol foydalanilishi.
Bitiruv malakaviy ishini bajarish jarayonida to‘plangan va qayta ishlangan ma’lumotlar aniq, tartibli va haqqoniy bo‘lishi; materiallar, keltirilgan fikr mulohazalar mantiqan mukammal, keltirilgan xulosalar isbotlangan bo‘lishi; har bir tugallanayotgan boblar, savollar bo‘yicha umumiy xulosa va mulohazalar berilishi hamda tuzilgan savollar mantiqan ketma-ketlik asosida shakllantirilishi kerak.
Bitiruv ishining muqovasi 2-ilovada ko‘rsatilgandek rasmiylashtiriladi.
Ishning asosiy qismidagi 3 ta bobning nomi, bob savollari bob nomi raqamiga asoslangan holda arab raqamida rasmiylashtirilishi lozim. Masalan, bob mavzusining raqami II-bob, bob savollari esa 2.1, 2.2 tartibda rasmiylashtirilishi kerak. Chunonchi, paragraflar har bir bob doirasida arab raqamlari bilan belgilanadi. Paragraf tartib raqami bir biridan nuqta bilan ajraluvchi bobning tartib raqami va paragraf tartib raqamidan iborat bo‘ladi. Paragraf tartib raqami oxirida nuqta qo‘yiladi, masalan: «2.1.». Bu II bobning 1 paragrafi ekanligini anglatadi (3-ilovaga qarang).
Bitiruv malakaviy ishining betlari ketma-ket arab raqami bilan raqamlanadi. Raqamlar betning pastida o‘rtasidan qo‘yiladi. Ishda jadval, chizmalar, diagrammalar mavjud bo‘lsa ularni turlariga qarab ketma ket raqamlanishi kerak (masalan: 1-jadval, 2-jadval; yoki 1-chizma, 2-chizma; yoki 1- diagramma, 2-diagramma va h.q.). Jadval, chizmalar, diagramma va boshqa illyustratsion chizmalarning nomlari ularning tepasida qo‘yiladi. Har bir jadval o‘zining mazmunidan kelib chiqib nomlanishi va tegishli jadval tepasiga o‘ng tomonga «jadval» so‘zi qo‘yilib ketma-ketlikda raqamlanishi kerak. Jadvallar ishning ichida, ya’ni tahlil qilinayotgan joyga yoki ilovaga qo‘yilishi kerak. Jadvallar bir betdan ikkinchi betga ko‘chirilayotganda ustunlar raqamlanishi, birinchi va ikkinchi betda ham raqamlar mavjud bo‘lishi kerak.
Bitiruv malakaviy ishida foydalanilgan formulalar chizma yozuv bilan aniq yozilishi kerak. Formulalarning to‘g‘risida formula tartib raqami bo‘yicha raqamlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatida (qonunlar, hukumat qarorlari, Prezident farmonlari, asarlari va boshqa adabiyotlar alfavit ketma-ketligida beriladi). Bitiruv malakaviy ishi bo‘yicha foydalanilgan manbalar ro‘yxati talab asosida beriladi. (4-ilovaga qarang)
Bitiruv malakaviy ishida olimlarining fikr-mulohazalaridan foydalanilgan bo‘lsa, foydalanilgan adabiyotlarga murojaat etilgan joylari (havola), sahifaning pastida adabiyot muallifi, adabiyot nomi, adabiyot turi, nashriyot joyi va yili, foydalanilgan beti to‘liq ko‘rsatilishi shart hamda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatida ham berilishi kerak.
Ishning ilovalari bo‘lsa ular bitiruv malakaviy ishining oxirida berilishi lozim. Har bir ilovaga tartib raqam qo‘yilib, mazkur tartib raqam ilovaning tepasida o‘ng tomonda berilishi kerak.
Bitiruv malakaviy ishi talaba tomonidan kompyuter texnologiyasidan foydalanib kompyuterda bajarilishi kerak. Ishdagi matnlar, formulalar, jadvallar raqamlari, bibliografik yozuvlarni dastlabki manbalar bo‘yicha diqqat bilan qayta tekshirish lozim.
Bitiruv malakaviy ishining hajmi 10-15 ming so‘zni (85-100 bet) tashkil qilib, matn orfografik va grammatik xatolarsiz, yozuv qog‘ozining bir tomoniga yozilishi kerak.
Har bir betda chap tomondan –2,5 sm., o‘ng tomondan -1 sm, yuqori va pastdan 2 sm. ochiq joy qolishi kerak. Bitiruv malakaviy ish rejasidagi bo‘limlar va sarlavhalar ishning davomidagi boshlanishida takrorlanishi lozim (masalan, ikkinchi bobning 1 sarlavhasi boshlanish joyida bobning nomi va sarlavha rejaga muvofiq qayta yoziladi, tugallangandan so‘ng 2.2 savol rejaga muvofiq yoziladi).
Ish tuganlangach, kompleks ravishda mundarija, reja, 3 ta bob, xulosa va takliflar, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati, ilovalar ketma ketligida tayyorlanadi va kafedra mudiri ruhsati bilan ilmiy rahbar kelishuvi asosida muqovalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |