Ashtarxoniylar davriga oid manbalar va adabiyotlar.
Shayboniylar sulolasidan so‘ng Buxoro taxtiga Ashtarxoniylar (yoki Joniylar) sulolasi kelgan. Oliy hokimiyatni 150 yildan ortiq (1601–1756) davr mobaynida egallagan ashtarxoniylar davrida markaziy davlat hokimiyati zaiflashdi, ma’muriy hudud qisqardi. Markaziy hokimiyat mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilmagani sababli XVII asr boshlaridayoq Xurosonning katta qismi qo‘ldan ketdi. Ma’muriy hudud parchalanib, Xorazmda mustaqil Xiva xonligi tashkil topdi; XVIII asr boshida esa, shimoliy chegaralarda Qo‘qon xonligiga asos solindi. Umuman, ashtarxoniylar davri yagona markaziy hokimiyatning kichik davlatlarga bo‘linishidagi ziddiyatli davr sifatida tarixda iz qoldirdi.
Ashtarxoniylar hukmronligi davriga oid tarixiy manbalar orasida Muhammad Yusuf Munshiyning “Tarixi Muqimxoniy”, Mahmud ibn Valining “Bahr al-asror”, Xoja Samandar Termiziyning “Dastur al- muluk”, Mir Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma”, Xo‘jamqulibek Balxiyning “Tarixi Qipchoqxoniy”, Abdurahmon Tolening “Tarixi Abulfayzxoniy”, Muhammad Vafo Karmanagiyning “Tuhfat al-xoniy”, Fazlulloh ibn Ro‘zbehon Isfahoniyning “Mehmonnomayi Buxoro” kabi asarlar mazkur davlat tarixini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz tarixshunosligida XVII-XVIII asr birinchi yarmi Ashtarxoniylar davlati tarixining turli jihatlari R.G.Muqminova, B.A.Ahmedov, H.Z.Ziyoev, G.A. Agzamova, G.A. Mixalyova, A.Ziyo, X.G‘. G‘ulomov, O‘.M.Mavlonov, D.Sangirova, Z.B. Raxmonqulova, Z.A. Saidboboev, A.T.Zamonov, A. Erqo‘zievlarning qator tadqiqotlarida o‘z aksini topgan.
Mahmud ibn Vali (taxminan 1595, Balx – ?) – tarixchi, geograf olim, sayyoh. Badavlat oilada tug‘ilgan, yoshligida turli fanlardan saboq olgan. Hindiston, hozirgi Shri Lanka va Movarounnahr bo‘ylab sayohat qilgan. Ensiklopedik tavsifdagi asosiy asari «Bahr al-asror fi manoqib al-ahyor» («Oliyjanob insonlar jasorati xususida sirlar dengizi») («Geografiya») bo‘lib, muallif uni yozishda arab geograflari (Ibn al-Faqih, Istaxriy, Ibn Havqal, Abu Dulaf, Ibn Fadlon, al-G‘arnotiy, Yoqut Hamaviy, Dimishqiy), fors olimlari Zakariyo Qazviniy, Hamdulloh Qazviniy va boshqalar)ning asarlaridan foydalangan. Asarda dengiz, okean, daryo, qir, tog‘, buloq, mashhur portlar (bandargoh), shaharlar, mamlakatlar va ular hududidagi tabiiy muhit, hayvonot olami, ajoyibotlar haqida bayon qilinadi.
Mahmud ibn Vali bundan tashqari, «Ravo‘ix-i toyiba» («Yoqimli hidlar»),
«Muhabbatnoma», «Najmi saqib» («Yorqin yulduz»), «Risolai bahoriya» («Bahor haqida risola»), «Axloqi husayniy» («Axloq husnlari») asarlarining muallifi. U 50 ming baytdan iborat katta devon tuzgan.
Mir Muhammad Amin Buxoriy (1645–?) – buxorolik tarixchi olim. Hayoti haqida ma’lumotlar deyarli saqlanmagan. Ashtarxoniylarsan Subhonqulixon davrida saroydan chetlashtirilgan. Keyinchalik Ubaydullaxon II saroyida bosh munshiylik lavozimida xizmat qilgan. Ubaydullaxonning safarlarida hamroh bo‘lib, o‘z davrining fozil kishisi sifatida tanilgan. Buxoro xonligining XVIII asr birinchi choragi tarixiga oid «Ubaydullanoma» (1716 yildan keyin) asarini yozgan. Asar muqaddima, 80 bob va xotimadan iborat bo‘lib, unda Ubaydullaxon hukmronligi davridagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot hikoya qilinadi. Buxoro xonligining davlat tuzumi, yer egaligi, mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar (masalan, 1708 yildagi pul islohoti), Balx, Termiz, Hisori Shodmon, Shahrisabz kabi mahalliy viloyatlar hokimlari o‘zboshimchaligiga qarshi Ubaydullaxonning olib borgan kurashi va qat’iy markazlashtirish siyosati, pirovardida, uning o‘ldirilishi asarda o‘z aksini topgan.
Ashtarxoniylarning kelib chiqishi
XIII asr boshida Chingizxon boshliq mo‘g‘ullar armiyasi g‘arbga qarab yurish qildi. Egallangan yevrosiyoning katta qismi, ya’ni Dashti Qipchoq va Xorazm yerlari uning katta o‘g‘li Jo‘jixonga mulk qilib berildi va u tarixga Jo‘ji ulusi nomi bilan kirdi. Shuningdek, tarixiy manbalarda «O‘rda», «Katta ulus», «Oltin O‘rda» nomlari bilan tilga ham olinadi. Ular orasida Oltin O‘rda nomi mashhur.Dastlabki davrlarda mo‘g‘ul imperiyasi tarkibidagi bir ulus sifatida mavjud bo‘lgan mazkur davlat XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab mustaqil idora qilina boshlandi. Botuxon davrida davlat chegaralari g‘arbga qarab kengaya bordi. Uning ukasi Berkaxon (1257-1266) zamonida esa islom diniga e’tibor qaratila boshlandi. Berkaxonning o‘zi esa islomni qabul qildi.
XIV asrning 20 yillarida O‘zbekxon hukmronligi davrida islom dini O‘rdaning davlat diniga aylandi. Aynan O‘zbekxon va uning o‘g‘li Jonibekxonlar davrida O‘rda o‘z rivojlanishining cho‘qqisiga chiqdi. XIV asrning oxirlariga kelib, Amir Temurning To‘xtamishxonga bergan kuchli zarbasi oqibatida davlat zaiflashib bordi. XV asr o‘rtalariga kelib esa bir nechta qismga bo‘linib ketdi. Aslida, bo‘linishi 1420 yildan boshlandi. Sibir, O‘zbek, Qozon, Qozoq, Qrim, Ashtarxon, Nog‘ay xonliklari Oltin O‘rda o‘rnida tashkil topgan davlatlar bo‘lib hisoblanadi. Oltin O‘rdaning markaziy qismi esa Katta O‘rda nomi bilan XVI asr boshigacha mavjud bo‘ldi.
Astraxan xonligi XV asrning 60 yillarida Katta O‘rdadan ajralib chiqqan. Uning asoschisi Oltin O‘rdaning amalda so‘nggi xoni bo‘lgan Kichik Muhammadning o‘g‘li Mahmudxon hisoblanadi. 1460 yillarda birodari Ahmad bilan Katta O‘rda taxti uchun kurashda mag‘lub bo‘lib, Hojitarxon shahriga qochadi. Shu yildan e’tiboran o‘zini mustaqil hukmdor sifatida e’lon qiladi va Hojitarxon yoki Ashtarxon xonligiga asos soldi.
Davlat hududi qolgan sobiq O‘rda o‘rnida tashkil topgan xonliklar hududiga nisbatan eng kichigi edi. G‘arbdan Qrim xonligi, Shimoldan Katta O‘rda, Sharqdan Nog‘ay o‘rdasi va janubi-sharq tarafdan Kaspiy dengizi bilan o‘ralgan edi. G‘arbda Kuban va Don daryolari, sharqda Buzan daryosi xonlik chegaralarini belgilagan bo‘lsa, Shimolda Perevoloka kengliklari va janubda Terek daryosi xonlik chegaralarini belgilab bergan edi. Moskva podshosi Ivan IV Grozniy Oltin O‘rda o‘rnida tashkil topgan davlatlarni birin-ketin egallashni maqsad qildi. Shu maqsad yo‘lida 1552 yili Qozon xonligi egallandi. Qozon xonligi egallanganidan so‘ng, buyuk knyaz uning janubdagi qo‘shnisi Ashtarxonni egallashni maqsad qildi. Xonlikning egallanishi unga butun Volga bo‘yi ustidan nazoratni o‘rnatish va Kaspiy dengiziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini taqdim etar edi. Yurish boshlashga bir bahona kerak edi xolos. Tez orada bunday bahona ham topildi. Astraxanga yuborilgan Moskva elchilari xon Yamg‘urcha tarafidan hibsga olindi va bu narsa yurish boshlashga bahona bo‘ldi.
Astraxanning Rossiya tomonidan egallanganidan so‘ng davlat o‘zining mavjudligini to‘xtatdi. Poytaxt Hojitarxon vayron etildi va undan 12 km quyiroqda yangi Astraxan shahriga asos solindi. Bir necha yuz yil davomida islom diyori bo‘lib kelgan xonlik hududi provaslav diyoriga aylantirildi. Pravoslav ibodatxonalari qurildi va aholi provaslavlikka da’vat qilindi.
Xonlik Ivan Grozniy tomonidan bosib olingach, sulola hukmdori Yormuhammad Sulton o‘z yaqinlari bilan Buxoroga keldi. Manba tili bilan aytganda “o‘rus (nomila) mashhur nasroniylar bosqini dastidan (qochib) Yor Muhammadxon farzandlari Jonimuhammad Sulton, Abbos Sulton, Tursun Muhammad Sulton, Pirmuhammad Sulton va ahli ayoli bilan Movarounnahrga keldi”.
Buxoro hukmdori Iskandar Sulton Yormuhammad hamda uning oila a’zolarini yaxshi kutib olib, ular bilan do‘stona munosabatda bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay Yormuhammadning o‘g‘li Jonimuhammad (Jonibek Sulton) Iskandarning qizi Zuhrobegimga uylandi. Shu tariqa Yormuhammad va uning avlodlari Shayboniylar saroyida katta mavqega ega bo‘la boshladilar. Jonibek Sulton va Zuhrobegimdan uch o‘g‘il – Dinmuhammad, Boqimuhammad, Valimuhammadlar tug‘ildi. Vaqti kelib Dinmuhammad Xurosondagi viloyatlarning biri Obivardga, Boqimuhammad esa Samarqandga hokim etib tayinlanadi.
Buxoro xonligining ashtarxoniylar boshqaruviga o‘tishi
1598 yilda Abdullaxon II vafot etgach taxtga uning o‘g‘li Abdulmo‘min o‘tirdi. O‘zaro urushlar natijasida u uzoq vaqt hokimiyatni boshqara olmay, 1598 yil oxirlarida halok bo‘ldi. Taxtga Abdullaxon II ning amakivachchasi Pirmuhammad II (1598-1601) o‘tirib, u ham uzoq vaqt hukmronlik qila olmadi.
Abdullaxon II vafotidan keyin markaziy xokimiyatning inqirozi va mamlakatdagi tartibsizliklardan Buxoro xonligining ichki va tashqi raqiblari zudlik bilan foydalanishga urinishdi. Pirmuhammadxon bu raqiblar qurshovlarini bartaraf qilishga ojizlik qildi. U 1601 yili Ashtarxoniylardan bo‘lmish Boqimuhammad bilan bo‘lgan jangda o‘ldirildi. Mamlakatning janubida Eron shohi Abbos I Sabzavor, Mashhad va Hirot yerlarini egallab oldi. Muhammad Yusuf Munshiy ma’lumotlariga ko‘ra, “Movarounnahrda ham butun davlatda bo‘lgani kabi boshboshdoqliklar avj olib, hech kim birovga bo‘ysunishni hohlamas edi.” Ana shunday sharoitda yangi
Ashtarxoniylar sulolasi hokimiyat tepasiga keldi.
Boshboshdoqliklar va o‘zaro urushlarga chek qo‘yish maqsadida 1601 yilda buxorolik bir guruh zodagonlar Jonibek Sultonni Buxoro hukmdori taxtiga taklif etadilar. Jonibek Sulton o‘z navbatida katta o‘g‘li Dinmuhammad foydasiga taxtdan voz kechadi. Obivard hokimi Dinmuhammad Buxoroga kelish vaqtida Eron qo‘shini bilan bo‘lgan to‘qnashuvda halok bo‘ldi. Shundan so‘ng
Jonibek Sultonning ikkinchi o‘g‘li Boqimuhammad hokimiyatga taklif etildi. Bu paytda Samarqand hokimi bo‘lib turgan Boqimuhammad Buxoro taxtiga o‘tirdi (1601-1605 yillar). Shu tariqa Movarounnahrda tarixiy manbalarda Ashtarxoniylar (Astraxan yoki Hoji Tarxonlik hukmdorlar) yoki Joniylar (Jonibek sulton nomidan) deb nom olgan va bir yarim asr hokimiyat tepasida bo‘lgan sulola hukmronligi davri boshlandi.
Buxoro xonligida hukmronlik qilgan 10 ta ashtarxoniy hukmdorlar (Boqi Muhammad, Vali Muhammad, Imomqulixon, Nadr Muhammadxon, Abdulazizxon, Subhonqulixon, Ubaydullaxon, Abulfayzxon, Abdulmo‘minxon, Abulg‘ozixon. Abdulmo‘minxon va Abulg‘ozixonlar real hokimiyatga ega emas edi. – A.Z.) ning ikki nafari Madinada vafot etgan, biri esa Eronda vafot etgan va har uchalasi ham Madinada dafn etilgan.
Tarixiy taraqqiyotning muayyan bosqichida hokimiyat tepasiga ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlar natijasida turli kuchlarning kelishi, o‘z navbatida, jamiyat hayotida keskin o‘zgarishlarni ro‘y berishiga hamda muayyan islohotlarni amalga oshishiga olib keladi. Binobarin, Buxoro davlatida ham hokimiyatning shayboniylardan sulolasidan ashtarxoniylar vakillari qo‘liga o‘tishi ma’lum bir omillarning ta’siri ostida ro‘y bergan. Buxoro davlatchiligi tarixida sodir bo‘lgan ushbu jarayonlarning mazmun va mohiyatini o‘rganishda ilmiy jamoatchilik o‘rtasida turli xil yondashuvlar ilgari suriladi.
Boqi Muhammadxon va Vali Muhammad boshqaruvi davrida Buxoro xonligi
Boqimuhammad ibn Jonibek sulton (1601–1605) Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni. Shayboniylar sulolasining so‘nggi vakili Pirmuhammadxon (1598-1601) 1599 yilda Boqimuhammadni alohida xizmatlari uchun Samarqand hokimi etib tayinlagan. Shunday bo‘lsada u tez orada o‘z mavqeini mustahkamlab olib, Pirmuhammadxonga itoat etmay qo‘ygan va hatto unga qarshi urushga hozirlik ko‘ra boshlagan. 1601 yil uyunda Pirmuhammadxon Samarqand yaqinidagi Bog‘i Shamol degan joyda Boqimuhammad bilan jang qilib, mag‘lubiyatga uchragan. So‘ng, Boqimuhammad Buxoroga kirib, xonlik taxtini egallagan. Shu tariqa Buxoroda yangi sulola – “Ashtarxoniylar” hukmronligi boshlangan. Boqimuhammad o‘z hukmronligi davrida xonlik hududi yaxlitligi saqlab qolish o‘ziga qadar o‘tgan xonlar qo‘lidan chiqargan yerlarni dushmandan qaytarib olish maqsadida ko‘plab urushlar qilgan.
Abdullaxon II o‘limidan so‘ng turkmanlar yordamida Buxoroga bo‘ysunmaslik yo‘lini tutgan Xorazm masalasini tinch yo‘l bilan hal etdi. Chunonchi, Boqimuhammad Balx taxtiga da’vo qilib isyon ko‘targan (1601 yil fevral) ashtarxoniy shahzodalar – Abbos sulton va Rahmonquli sultonlarni mag‘lub etgan (1602 yil bahor) va Balxga o‘z ukasi Valimuhammadni hokim etib tayinlagan. Eron shohi Abbos I Balxni bosib olish, so‘ngra Boqimuhammadni taxtdan ag‘darib, uning o‘rniga Shayboniylardan Muhammad Salim sultonni o‘tqazish va bu bilan Buxoro xonligida Ashtarxoniylar hukmronligiga chek qo‘yish maqsadida katta qo‘shin bilan yurish qilganda, Boqimuhammad Amudaryo bo‘yidagi Puli Xataba degan joyda unga peshvoz chiqib (1602 yil iyul), Eron qo‘shinini butunlkay tor-mor keltirgan. Shoh Abbos I esa qolgan-qutgan askarlari bilan arang qochib qutulgan. 1603 yil 25 martda Boqimuhammad temuriylardan Kobul hokimi Muhammad Hakim badiuzzamon bosib olgan Qunduz shahrini uch oy qamal qilgach, yana qayta qo‘lga kiritgan. Boqimuhammad endilikda Xurosonda ham Buxoro hokimiyatini tiklash maqsadi yo‘lida harakat qila boshladi. Xuroson yurishi 1604 yilga mo‘ljallangan edi. Ammo, 1604 yilda Qozoq xoni Keldimuhammadning qo‘shinini Buxoro hududidan haydab chiqara oldi. Buning uchun esa ancha vaqt zarur bo‘ldi. Buning ustiga Boqimuhammadxon 1605 yilda vafot etdi.
Boqimuhammad mamlakatni idora qilish tizimi va soliqlarni tartibga solish, qo‘shinni qayta tashkil qilish kabi qator islohatlar o‘tkazgan, savdo- sotiq, hunarmandchilik, obodonchilik ishlariga katta e’tibor bergan. Muhammad Yusuf Munshiy ma’lumotlariga ko‘ra, u “Hokimiyat amaldorlari mansablarini qayta ko‘rib, qo‘shin tuzilishini, fuqarolar holatini nazorat qilgan” bo‘lsada, uning qisqa muddatli hukmronlik davrida bu siyosiy harakatlar tegishli natijani bermadi.
Valimuhammad ibn Jonibek sulton – Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni (1605-1611). Akasi Boqimuhammadxon davrida Balx noibi (1599-1605). Boqimuhammad vafotidan so‘ng Buxoro taxtiga o‘tqazilgan. Valimuhammadxon hukmronligi davrida ham Balx va Hirot uchun kurashlar davom etdi. Bu kurashlarda Valimuhammadxonning qo‘li baland kelgan bo‘lsada, u 1607 yilda Eron shohi Abbos I bilan sulh shartnomasini imzoladi. Buning natijasida Xuroson butunlay Safaviylar qo‘liga o‘tib ketdi. Natijada busiz ham Valimuhammad saroyi ishlariga doimiy aralashib yurgan, ko‘p hollarda xonsiz ham qaror qabul qiladigan, o‘zlarini siyosiy jihatdan mustaqil deb hisoblaydigan bir guruh buxorolik amaldorlar Valimuhammadga qarshi 1608 yilda fitna uyushtiradilar.
1611 yilning bahorida Valimuhammadxon Imonquli va Nadrmuhammadxonlar bilan bo‘lgan kurashda yengilgach Imomqulixon Buxoro xoni deb e’lon qilingan. Valimuhammad esa ikki o‘g‘lini olib Eron shohi Abbos huzuriga qochib borgan. Amirlar Boqimuhammadxonning o‘g‘li Imomqulixonni taxtga o‘tqazganlar. Valimuhammad Abbos yordamida Movarounnahrni qaytarib olishga harakat qilgan. Tarixchi Muhammad Yusuf munshi ,,Tarixi Muqimxoniy” asarida yozishicha, shoh Abbos Imomqulixonga qarshi kurashish uchun Valimuhammadxonga 80 ming kishilik qizilboshlilar qo‘shinini bergan. Biroq Samarqand atrofidagi Bog‘i Shamolda bo‘lgan jang (1611 yil avgust)da Imomqulixon g‘alaba qozongan, Valimuhammad asir olinib qatl etilgan.
Imomqulixon, Nadr Muhammadxonlar faoliyati.
Bu davrga kelib mahalliy hukmdorlarning o‘zboshimchaligi haddidan oshib, bu holat ayniqsa o‘troq aholi turmush tarziga salbiy ta’sir eta boshladi. Imomqulixon esa aynan o‘zboshimcha hokimlar harakatini susaytirishga muvaffaq bo‘ldi. U Xorazm va Xurosonni qayta qo‘lga kirita olmagan bo‘lsada, Toshkent, Andijon, Turkiston shaharlariga xavf solib turgan qozoqlar, qalmiqlar va boshqa ko‘plab ko‘chmanchilarga qarshi kurash olib bordi. Ayrim hollarda ularga yon berib, ko‘chmanchilar kuchidan Eron shohlariga qarshi kurashda foydalandi. Imomqulixon Toshkent va uning atrofidagi yerlarga o‘g‘li Iskandar Sultonni hokim etib tayinladi. Ammo, toshkentliklar Iskandar Sultonning talonchilik siyosatidan norozi bo‘lib isyon ko‘tardilar. G‘alayon natijasida u o‘ldirildi. Buning evaziga Imomqulixon 1613 yili Toshkentda misli ko‘rilmagan qirg‘in-barot o‘tkazganligini tarixiy manbalar nadomat bilan ta’kidlaganlar.
Imomqulixon ba’zan qozoq sultonlari bilan siyosiy maqsadlardan kelib chiqqan holda ittifoq bo‘lib harakat qilishga ham to‘g‘ri keldi. Masalan, Sirdaryo bo‘yidagi ba’zi hududlar Eshim sultonga hokimlik qilish uchun topshirildi. Shunga qaramasdan qozoq sultonlari baribir talonchilik yurishlarini davom ettiravergach, Imomqulixon ularga qarshi qatiy kurashlarga otlandi.Imomqulixon jung‘orlar (qalmiqlar) bilan ittifoqlikda Talas vodiysida Qozoq xonligiga qaqshatqich zarba berib, to‘liq g‘alabaga erishdi. Lekin, tez orada shimolda tashkil topgan jung‘orlar (qalmiqlar) ning Oyrat xonligi (Jung‘oriya (1635-1758))ning tashkil topishi tashqi siyosiy munosabatlardagi vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Jung‘orlarning qozoqlar bilan butun Buxoro xonligiga nisbatan yurishlari tez-tez amalga oshirila boshlandi. Bu esa, o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq, shaharlar hayotiga kata xavf solar edi. Ularning yurishlari bois qozoqlarning ma’lum qismi Movarounnahr hududiga ham ko‘chib o‘ta boshladilar.
Imomqulixonning shu davrdagi sadoqatli amaldorlaridan biri Yalangto‘shbiy otaliq bo‘lib, u olchin urug‘idan chiqqan edi. Yalangto‘shbiy katta yer-mulk egasi, Imomqulixonni hokimiyatga kelishida qo‘llab-quvvatlagan shaxs bo‘lib hisoblanar edi. Keyinchalik ham u xon hokimiyatini qo‘llab-quvvatlab, bir necha yillar davomida Samarqand hokimi bo‘lib turdi. Yalangto‘shbiy katta vakolat, boylik, o‘z qo‘shiniga ega bo‘lib, Samarqandni deyarli mustaqil boshqarardi. “Bahr al-asror” asarining muallifi Mahmud ibn Valining yozishicha, Samarqand hokimining xazinasi xon xazinasiga teng bo‘lib, bu uning iqtisodiy jihatdan qudratli shaxs bo‘lganligidan darak berar edi. Aynan Yalangto‘shbiyning buyrug‘i bilan Samarqandda mashhur Sherdor (1619-1636) va Tillakori (1641-1646) madrasalari barpo etilgan edi.
Manbalarning guvohlik berishicha, Imomqulixon davrida xon hokimiyatining mavqei oshib, ichki vaziyat, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy holat ancha yaxshilanadi. Muhammad Yusuf (ibn Xoji Baqo) Munshiyning “Tarixi Muqimxoniy” asarida berilishicha, “Imomqulixon nochorlar ishini yengillashtirdi, arz bilan kelganlarni qaytarmadi. Uning zamonida na kambag‘al, na bechora qolmagandi. Chiqargan buyruqlari ijrosi borasida amaldorlariga qattiq turdi, qorong‘i tushishi bilan oddiy kiyim kiyib vaziri va qo‘rchi bilan bozorlar-u mahallalarni aylanib, oddiy xalqning haqiqiy ahvolidan xabardor bo‘lib turardi”. Din Muhammadxon ibn Jonibekxonning o‘g‘li, Buxoro xoni Imomqulixon (1611-1642) ko‘zi ojiz bo‘lib qolgach, sulola kelajagini o‘ylagan holda, 1642 yil ukasi Nadr Muhammadxon foydasiga taxtdan voz kechib, Haj ziyorati uchun Makka va Madinaga yo‘l oladi. U Mashhad va Isfahon shaharlarida Eron safaviylari shohining ehtiromli qabul marosimlarida bo‘ladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, hajga yo‘l olgan Imomqulixonga nufuzli davlat arbobi sifatida Eron davlatida katta qabul marosimi ham uyushtiriladi.Imomqulixondan so‘ng taxtga uning ukasi Nadr Muhammad (1642-1645 yy.)1 o‘tirdi. Nadr Muhammad xon bo‘lguniga qadar Balx hokimi (1606-1642) bo‘lib, uzoq vaqt taxtni boshqara olmadi. U hokimiyat tepasiga kelgach, mamlakatdagi ahvol tezda o‘zgarib ketdi. Chunki, xon davlat ishlarida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan zodagonlarga yaqinlasholmay, ular bilan til topisha olmadi. Undan tashqari Nadr Muhammadxon mamlakatning ijtimoiy - siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan amirlar va sultonlar mavqeini cheklash bilan birga mamlakatning asosiy viloyatlarini o‘zining olti o‘g‘li, bir nabirasi va ikki jiyaniga bo‘lib berdi. Jumladan, o‘g‘illari Abdulaziz Sultonga Samarqand, Xisrav Sultonga Badaxshon bilan Qunduz, Bahrom Sultonga Toshkent, Subhonquli Sultonga Balx, Qutluq Muhammad Sultonga Hisor, Abdurahmon Sultonga Shiburg‘on va Andxud, nabirasi Qosim Sultonga Xuzor, jiyanlari Muhammadyor Sultonga Shahrisabz, So‘fi Sultonga Toliqon berildi.
Bunday sharoitda oradan ko‘p vaqt o‘tmay vaziyat keskin o‘zgardi. Saroydagi lavozimlardan ozod etilgan amaldorlarning noroziligi kuchayib turgan bir paytda, mamlakat hududlariga shimoldan ko‘chmanchilar hujumlari boshlandi. Nadr Muhammadxon ko‘chmanchilarga qarshi kurashga o‘g‘li Abdulazizxon boshchiligidagi qo‘shinni jo‘natadi. Hukmdordan norozi bo‘lgan bir guruh amaldorlar 1645 yilning aprelida Uchtepa atrofidagi Yangisaroy degan joyda Nadr Muhammadning katta o‘g‘li Abdulaziz Sultonni xon deb e’lon qiladilar. Bu paytda Qarshi dashtlarida ov qilib yurgan Nadr Muhammadxon bu xabarni eshitib Balxga kochadi.
Abdulazizxon va Subhonqulixonlar davrida Buxoro xonligi.
Abdulazizxon hukmronligi davri (1645-1681) o‘zaro kurashlar bilan boshlandi. Balxda o‘rnashib olgan Nadr Muhammad qolgan o‘g‘illariga va yangi xondan norozi bo‘lgan Buxoro amirlariga tayanib, Abdulazizxon hokimiyatini tortib olishga urindi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi. Shundan so‘ng, Nadr Muhammadxon Hindiston hukmdori boburiy Shoh Jahondan yordam so‘radi. Bundan foydalangan boburiylar Balx va Badaxshonni egallab, bu hududlarda ikki yil hukmronlik qildilar. Nadr Muhammadxon esa Eron shohi huzuriga qochib ketdi. 1647 yil oktabrda Abdulazizxon Balxga hujum qilib uni boburiylardan tortib oldi. Nadr Muhammadxon esa 1651 yilda haj safariga chiqib, yo‘lda vafot etdi2.
Xiva xonligi bilan olib borilgan urushlar ustiga mamlakatdagi turli ijtimoiy qatlamlar o‘rtasidagi ixtiloflarning keskinlashib borishi mamlakat hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Manbalar tili bilan aytganda, Abdulazizxon davrida “Movarounnahr va Balx viloyatlari xorazmliklar va qozoqlar hujumlari tufayli halokat yoqasiga kelib qoldi”. Qarib qolgan Abdulazizxon dushman hujumlarini qaytarolmay qolgandi. Undan tashqari, uning davrida yirik yer egalarining iqtisodiy va siyosiy mustaqilligining kuchayishi markaziy hokimiyatni yanada zaiflashtirgandi. 1680 yili Karmanaga yo‘l olib, Buxoroni nufuzli amaldor Iskandarbiyga topshirdi. Buni bilgan Xiva xonligi qo‘shini poytaxtga hujum qildi.
1681 yilda Abdulazizxon taxtni ukasi Subhonquli Sultonga topshirib, o‘zi haj safariga jo‘naydi va o‘sha yerda vafot etadi. Takidlash joizki, Abdulazizxon hukmronligi davri bir tomondan parokandalikni kuchaytirishga olib kelgan bo‘lsada, xon o‘z vakolati doirasida markaziy hokimiyatni mustahkamlashga ham harakat qildi. Afsuski, bu harakatlar tegishli samara bermadi. Subhonqulixon (1681-1702) hukmronligi yillarida ham mamlakatdagi ijtimoiy - iqtisodiy va siyosiy vaziyat o‘zgarmadi. Chunonchi, Subhonqulixon davrida uning o‘g‘illari o‘rtasida Balx hokimiyati uchun kurash yanada avj oldi. Bu jarayonda uning o‘g‘illarini Balxdagi obro‘li xonadonlar qo‘llab turdilar. Mahalliy amaldorlar davlat xazinasiga ham soliqlar to‘lamaganlar. Bu holat markaziy hokimiyatning Balxdagi mavqeini nihoyatda zaiflashib ketganidan va mahalliy siyosiy kuchlarning, xususan yirik amirlar mavqei oshib ketganidan dalolat berardi.Yangi hukmdorning hokimiyat tepasiga kelishi Buxoro va Xiva munosabatlarini yumshatmadi. Xiva qo‘shinlari Karmana, Vardonze va Buxoro atroflariga qadar bo‘lgan yerlarni egallab, Samarqandni ham qo‘lga olishdi. Bu davrdagi nufuzli shaxslardan biri bu – Badaxshon hokimi Mahmudbiy otaliq edi. U asli qatag‘on urug‘idan bo‘lib, Abdulazizxon davridanoq mamlakatdagi nufuzli amaldorlardan biriga aylangan edi. Subhonqulixon aynan shu Mahmudbiy otaliq yordamiga tayanib Samarqanddan Xiva qo‘shinini haydab chiqardi. Samarqand ahlini xivaliklarga tobe bo‘lishda ayblab, unga katta boj solig‘i solindi. Subhonqulixonning o‘g‘li Siddiq Muhammad Balx hokimi bo‘lib, otasiga qarshi bir necha marta bosh ko‘targan edi. Xon bu g‘alayonni bostirishni avval Mahmudbiy otaliqqa topshiradi. Keyinchalik o‘zi ham Balxga yurish qilishiga to‘g‘ri keldi. Samarqand va Balxdagi yurishlari uchun Subhonqulixon Mahmudbiy otaliqqa katta miqdordagi sovg‘a-salomlar va qimmatbaho buyumlar tortiq qiladi.
Subhonqulixon tushib qolgan vaziyatdan foydalangan Xiva xoni Anushaxon Buxoroga qayta hujum qilib, uning shimoliy hududlarini talon- taroj qiladi. Xiva xoni talonchiligidan charchagan Subhonqulixon unga qarshi fitna tayyorladi. Fitna natijasida Anushaxon 1686 yili tutib olinib, ko‘ziga mil tortiladi. Xiva taxtiga o‘tirgan Erengxon (Irnoq) Buxoro xoniga bo‘yin egishni istamadi. Hatto xon Balxga ketgan vaqtida poytaxtni qamal ham qildi. Bunday vaqtda Subhonqulixon Mahmudbiy otaliq yordamida xivaliklarni haydab chiqardi. Xonga berilgan “yordam evaziga” Subhonqulixon 1688 yili Balx viloyati hokimligini Mahmudbiy otaliqqa topshiradi. Holbuki, Balx hamma vaqt bo‘lg‘usi taxt vorislari hokim bo‘ladigan hudud hisoblanar edi. Subhonqulixon Xiva xonligi ichki ishlariga aralashishni davom ettiradi. 1688 yili Erengxon Xivada o‘ldirilib, Buxoro xoni ma’lum vaqt oliy hukmdor sifatida tan olinadi. Shohniyoz Xiva hududlari hokimi deb elon qilinadi. O‘z vaqtida Mahmudbiy esa Balx hokimi sifatida xonga ham bo‘ysunmay qo‘ydi. Subhonqulixonning hukmronligi davri ancha ziddiyatli va murakkab tarzda kechdi. Bir tomondan u Ashtarxoniylar davlatining mavqeini kuchaytirishga harakat qildi. Xususan, u Xiva xonligini o‘ziga bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. Balx, Badaxshon va boshqa hududlarni o‘z izmida ushlab turdi. Markaziy hokimiyatni kuchaytirish maqsadida soliqlarni ko‘paytirib, qo‘shin sonini oshirdi. Subhonqulixon qo‘shni davlatlar bilan ham o‘zaro munosabatlarni o‘rnatishga harakat qildi. U boburiy podshoh Avrangzeb bilan bir necha marta maktub almashgan. 1689 yili Hindistondan Zabardastxon boshchiligidagi elchilik guruhi Buxoroga tashrif buyurgan. 1690 yili xon Rossiyaga o‘z elchilarini jo‘natgan. 1691 yili esa Usmoniy turklar davlati elchisi Mustafo chovush Subhonqulixon qabulida bo‘lib, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga kelishib olishgan. Subhonqulixon obodonchilik va qurilish ishlariga ham homiylik qilgan. O‘zi ham “Nishoniy” taxallusi ostida she’rlar yozgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |