OROL DENGIZI MUAMMOSI
REJA
1.Orol dengizi qurishining sabablari.
2.Orol dengizi qurishi va uning oqibatlari.
3. Orol muammosiga Respublika va Xalqaro miqyosdagi e’tibor.
1.OROL DENGIZI QURISHINING SABABLARI.
Orol dengizini uch yil (1903-1906 yillar) davomida birinchi batafsil sinchiklab tekshirgan buyuk olim, geograf Lev Semyonovich Bergdir.
Lev Semyonovich Berg (1876-1950)
Uning ta’kidlashicha dengiz suvi juda tiniq bo‘lib, 20-25 metrdan ham dengiz tubi ko‘rinib turar edi. O‘tgan asrning 60 yillariga qadar Orol dengizi umumiy maydoni orollari bilan birga o‘rtacha 68,0 ming km2 ni tashkil etgan. Kattaligi jihatdan dunyoda to‘rtinchi (Kaspiy dengizi, Amerikadagi Yuqori ko‘l va Afrikadagi Viktoriya ko‘lidan keyin) o‘rinda turar edi.
Dengiz shimoli-sharqdan, janubi-sharqacha 428 km, eng keng joyi 235 km.ga cho‘zilgan. Havzasining maydoni 690 ming km2, suvining hajmi 1060 km3, eng chuqur joyi 69 m, o‘rtacha chuqurligi esa 17 m atrofida o‘zgarib turgan. Orol dengizida 300 dan ortiq kichik quruqliklar ya’ni, orollar bo‘lgan. Shuning uchun ham Orol dengizini birinchi bo‘lib o‘rgangan geograf olim L.S.Berg tabiati jihatidan takrorlanmas son-sanoqsiz ajoyib orollarni ko‘rib, hayratda qoladi va ko‘p o‘ylamasdan dunyo faniga “Orol dengizi tipidagi qirg‘oqlar” degan ilmiy tushunchani kiritdi. Bu tushuncha dunyoning geolog va geograf olimlari tomonidan qabul qilinib, darsliklarga kiritildi.
Orol dengizi suv havzasi eng avvalo atrofdagi regionlarning iqlim sharoitiga bevosita 300 km radiusida hududlarning tabiiy geografik va ekologik holatiga ta’sir ko‘rsatib, yozda va qishda havo harorati hamda namligini bir me’yorda saqlab turgan. 1960 yilga qadar Amudaryo va Sirdaryo deltalari ko‘l –botqoq, to‘qay va qamishzorlardan iborat edi. Qamishzor to‘qaylar Amudaryo deltasida 900 ming va Sirdaryo deltasida esa 220 ming gektarni qamragan edi. Qamishzorlar ko’p bo’lganligi uchun “Qamishzorlar dengizi” deb atalgan.
Orol atrofida o‘nlab portlar faoliyat ko‘rsatgan. Ularning eng yiriklari Mo‘ynoq, Aralsk va Qozoqdaryo portlari hisoblangan. Mo‘ynoq baliq konserva zavodi yiliga 40 ming tonnagacha baliq mahsulotlarini ishlab chiqargan va butun sobiq ittifoq hududlariga etkazib berilgan. Mo‘ynoq nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki butun O‘zbekistonda eng sanoatlashgan, aholining turmush darajasi eng yuqori tumanlardan biriga aylangan edi.
XX asrning 60 yillaridan Orol dengizi sathi tez su’ratlar bilan pasayishi butun bir mintaqada jiddiy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kela boshladi. Orol dengiziga Amudaryo va Sirdaryodan quyiladigan suv hajmining kamayib ketishi (1960 yildagi 50-60 km3 dan, 1990 yillarda 4,5 km3 gacha), hatto ayrim yillari (1981 yil) dengizga Sirdaryodan umuman suv kelib tushmadi. Oqibatda bir vaqtlar Amudaryo orqali Termiz shahrini Aralsk port tuguni bilan bog‘lagan Orol dengizi o‘z funksiyasini tugatdi va 1981 yilga kelib dengizda kema harakatlari butunlay to‘xtadi, barcha kemalar port shaharlar (Mo‘ynoq, Orol, Uchsoy, Uyali, Urchi, Tostma va boshqalar) yaqinidagi quruqlikda qolib ketdi.
Natijada dengiz ikki qismga – katta va kichik Orolga bo‘lindi va qirg‘oqdan 100-150 kmdan ko‘proq masofaga ichkariga chekindi. Hozirgi vaqtda esa, Orol dengizining sharqiy qismi to‘liq qurib bo‘ldi, suv dengizning g‘arbiy qismida qisman saqlanib qoldi.
Orol dengizining qurigan qismida «Orolqum» deb ataluvchi yangi tuzli sahro paydo bo‘ldi. Bugungi kunda uning maydoni 60 mln gektardan ya’ni, 60 ming km2 dan ortib ketdi. Qurigan dengiz tagining har gektarida har km2 maydonda 100 t dan 300 t gacha, sho‘rxok pastliklarda esa 500 t gacha tuz tarkib topgan. Huddi ana shu maydonlardan har yili shamollar havoga 100 mln t chang va zaharli tuzlar ko‘taradi. Shamol bilan uzoqlarga olib ketiladigan bu kimyoviy moddalar nafaqat Orolbo‘yiga, balki Orol dengizi havzasiga keng tarqaladi. Bugun Orol dengizi atrofidagi yerlar tuz, pestitsidlardan va boshqa turli xil zaharli birikmalar bilan ifloslangan. Bu esa, dengiz atrofidagi yashovchi 7 milliondan ko‘proq aholining turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Orol dengizining qurishi nafaqat dengiz “qiyofasini” va “manzarasini” o‘zgarishiga, balki iqlim elementlarining o‘zgarishiga ham sabab bo‘ldi. Hatto yangi hodisalar– chang-tuz bo‘ronlarining paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Hozirgi vaqtda Orol dengizining tagidan ko‘tarilgan chang-tuz bo‘ronlari murakkab ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni vujudga keltirdi. Orol fojeasi hozirgi vaqtda sodir bo‘layotgan global iqlim o‘zgarayotgan sharoitda iqlim muammosini yanda chuqurlashtirdi.
Orol dengizining qurishi atrofidagi yaylov o‘simliklariga shamol bilan keltirilgan (eol) tuzlar ta’sirida katta zarar ko‘rmoqdalar. SHarqiy Ustyurtda olib borilgan tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, dengiz atrofdagi 40-45 km uzoqlikda bo‘lgan yaylov o‘simliklari chang bo‘ronlaridan keyin yupqa tuz pardasi bilan qoplanadi. Bu hol esa o‘simliklarning nimjon bo‘lib o‘sishiga va bu albatta yaylov hosildorligining kamayishiga olib keldi. Daryo deltasidagi to‘qay o‘rmonlarining qurishi ko‘pgina hayvonlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |