Urug‘-qabila boshliqlarining kuchayishi va markaziy hokimiyatning zaiflashuvi
Ubaydullaxonning o‘limidan so‘ng mamlakatda siyosiy tarqoqlik yanada kuchaydi. Alohida viloyatlarning harbiy - siyosiy qudrati orta borib, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Balx, Shahrisabz va Badaxshon hokimlari o‘zlarini mustaqil hukmdor sifatida tuta boshladilar. Mana shunday sharoitda Buxoro taxtiga 16 yoshli Abulfayzxon (1711-1747 yy.) o‘tkazildi. Ayrim manbalar Abulfayzxon taxtga o‘tirgan paytdayoq Ubaydullaxonning siyosatini davom ettirishga harakat qilganligini tasdiqlasada,uning atrofidagi amirlar bu harakatlarga keskin qarshi chiqdilar. Har tomonlama mavqega ega bo‘lgan amirlar Abulfayzxondan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalandilar va oxir oqibatda Abulfayzxon qo‘g‘irchoq hukmdorga aylanib qoldi.
1716-1717 yillarda yuz ming kishilik xitoy-qipchoq qabilalari Miyonqol, Qarshi ostonalariga kelib o‘rnashdilar. O‘z navbatida ularning kirib kelishi jarayonida ko‘plab talonchilik ishlari amalga oshirildi, ma’lum hududlar xonavayron qilindi. Shuningdek, XVIII asr 20-yillarida qozoq sultonlari ham Zarafshon vohasiga hujum qilib, keyinchalik o‘zlari ham jung‘orlar ta’qibi ostida shu yerlarga kelib o‘rnasha boshladilar. Xon esa bunday harakatlarga qarshi chora-tadbirlar qo‘llashdan ojiz edi. Rossiya imperatori vakili Florio Benevenining yozishmalari hamda «Tarixi Abulfayzxon» asarining muallifi tarixchi Abduraxmon Tole ma’lumotlarida mamlakatda hukm surgan boshboshdoqlik va xunrezliklar alohida ta’kidlanadi.
Mamlakatdagi turli hukmdorlar o‘rtasidagi siyosiy tarqoqlik avj olgan bir sharoitda mang‘it urug‘idan bo‘lgan Muhammad Hakimbiy hokimiyatni egallashga harakatni boshlaydi. Saroydagi otaliq mansabida bo‘lgan Hakimbiyning qo‘liga hokimiyat o‘tishiga ko‘pgina amirlar qarshi chiqdilar. Ular orasida Shahrisabz hokimi Ibrohimbiy kenagas ayniqsa ajralib turardi. Ibrohimbiy kenagas 1722 yilda o‘zining bir guruh maslakdoshlari bilan asli kelib chiqishi Xiva xonlari avlodidan bo‘lgan Rajab Sultonni Samarqand hokimi deb, o‘zini esa “Amirlar amiri” deb e’lon qildi. Rajab Sulton boshchiligida bir nechta o‘zbek urug‘lari amirlarini birlashtirgan Ibrohimbiy Buxoroga yurish qildi. Bu yurishda Muhammad Hakimbiy mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsada, Rajab Sulton Buxoroni egallay olmadi va qozoq sultonlaridan yordam so‘radi.
Muhammad Vafo Karmanagiy o‘zining “Tuhfat al-xoniy” asarida yozishicha, qozoq sultonlari zudlik bilan Movarounnahrga yurish boshlab, mamlakatdagi siyosiy parokandalikdan unumli foydalanadilar. Ular 1723-1729 yillar davomida Zarafshon va Qashqadaryo vohalarining serhosil yerlariga doimiy ravishda talon - tarojlik yurishlarini amalga oshirib turdilar. Abulfayzxon davlat ishlarini bir tomonga tashlab, mayxo‘rlik va ishratga berilib ketdi. U bir safar qattiq mastlik chog‘ida yeti nafar farzandini ham o‘limga mahkum etgan edi. Ulardan faqat kichik yoshdagi Abdulmo‘mingina taxt ostiga yashirinib, omon qolgan edi. Xon davlat ishlarini butkul Javshon qalmoq ismli qo‘shbegi qo‘liga topshirib qo‘ydi. Mamlakatda parokandalik avj olib, Samarqand, Badaxshon, Qarshi, Balx, Farg‘onani amalda mustaqil hokimlar boshqara boshlaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |